SUD AMALIYoTI: xodim qoʻpol huquqbuzarlik uchun ishdan boʻshatildi

preview

Ish beruvchi mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzganlik uchun xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qildi. Xodim ish beruvchining mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻini bekor qilish, mehnat shartnomasini bekor qilish sanasini sud qarori qabul qilingan kunga oʻzgartirish, majburiy progul davri uchun ish haqini undirish va ma’naviy zararni qoplash toʻgʻrisidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.

 

Da’vogar pozitsiyasi 

Ish beruvchi xodim imzosini olgan holda mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqning nusxasini bermagan. Ish beruvchining buyrugʻida xodim aynan qanday huquqbuzarlik sodir etganligi haqida hech qanday ma’lumot yoʻq. Xodimlar va ish beruvchi oʻrtasida jamoa shartnomasi tuzilmagan, korxonada xodimlarning vakillik organi mavjud emas. Ish beruvchi ichki mehnat tartibini tasdiqlamagan.

 

Javobgar pozitsiyasi 

Xodim bir necha bor ish joyida boʻlmagan, oʻziga yuklangan mehnat majburiyatlarini bajarmagan. Ish beruvchi messenjer orqali xodimni u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi toʻgʻrisida xabardor qilgan. Bajarilgan ishlarga qarab, ish beruvchi va xodim oʻrtasida ishbay ish sharoitlari kelishilgan. Bunda xodim ma’lum bir mahsulotlar chiqarilishini isbotlab bera olmadi.

 

Sudning qarori 

Xodimning da’volari qisman qanoatlantiriladi. Ish beruvchining xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻi bekor qilinadi. Ish beruvchiga ishdan boʻshatish asoslari va sanasini oʻzgartirish majburiyati yuklatiladi. Ish beruvchidan xodim foydasiga ishga qayta tiklash oʻrniga 10 515 000 soʻm uch oylik ish haqi undirildi.

Bunda, sud xodimning ish beruvchidan majburiy progul vaqti uchun ish haqini undirish, toʻlanmagan ish haqi va ma’naviy zararni qoplash toʻgʻrisidagi da’volarini qanoatlantirishni rad qildi.

 

Sud qarorining asoslari 

Ish beruvchida bir martalik qoʻpol qoidabuzarliklar roʻyxati belgilanishi kerak boʻlgan ichki mehnat qoidalari tasdiqlanmaganligi sababli, u MK 100-m. 4-b. ga asosan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega emas edi. Shunga koʻra, ish beruvchining xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyrugʻi noqonuniy hisoblanadi.

Ish joyiga tiklash oʻrniga sud xodimning iltimosiga binoan uning foydasiga kamida uch oylik ish haqi miqdorida qoʻshimcha tovon puli undirishi mumkin . Xodim ish joyiga qayta tiklanish oʻrniga unga qoʻshimcha tovon puli toʻlash toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilgan. Sud uni qanoatlantirdi.

Ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi mehnat shartnomasida oylik ish haqi toʻgʻrisida kelishuv boʻlmaganligi sababli, hamda ishbay ish haqi nazarda tutilganligi sababli, xodimning majburiy progul uchun ish beruvchidan tovon puli undirish talabi asossizdir.Xodim ish paytida ish haqi toʻlanmaganligini, shuningdek ma’naviy zarar yetkalganligi faktini isbotlay olmadi.

 

Ekspert sharhi

MK 100-m. 1-q. ga binoan, noma’lum muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddatli mehnat shartnomasini muddatidan oldin ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asosli boʻlishi kerak.

Xodim tomonidan mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzish ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻladi . Mehnat shartnomasini bekor qilish bilan yakunlanishi mumkin boʻlgan bir martalik mehnat vazifalarini qoʻpol buzishlar roʻyxati quyidagicha belgilangan:

  • ichki mehnat tartibi qoidalari;
  • korxona mulkdori bilan korxona rahbari oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi;
  • ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qoʻllaniladigan intizom haqidagi nizom va ustavlar bilan belgilanadi.

Ish beruvchi xodimning ish joyida yoʻqligi mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzish ekanligini isbotlamadi, chunki:

  • bir martalik qoʻpol qoidabuzarliklar roʻyxatini nazarda tutuvchi ichki mehnat tartibi qoidalarini tasdiqlamagan;
  • xodimlarni imzolatgan holda ular bilan tanishtirmagan.

Bir martalik qoʻpol qoidabuzarliklar roʻyxati belgilangan ichki mehnat tartibi qoidasining yoʻqligi ish beruvchini qoidabuzarlikni xodim tomonidan mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzish sifatida baholash huquqidan mahrum qiladi.

Bundan tashqari, MK 100-m. 2-q. 4-bandi asosida mehnat shartnomasini bekor qilish – bu intizomiy jazo chorasi  hisoblanadi . Intizomiy jazo qoʻllanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim.

Intizomiy jazoni qoʻllanishda sodir etilgan nojoʻya xatti-harakatning qay darajada ogʻir ekanligi, shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat, xodimning oldingi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.

Intizomiy jazo berilgani toʻgʻrisidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinadi .

Ish beruvchi ushbu talablarni bajarmagan, shu asosda mehnat shartnomasini bekor qilish tartibini buzgan.

Shuningdek, ish beruvchi xodimga mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqni bermadi.

Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksi normalarini qoʻpol ravishda buzgan holda bekor qilinganligi sababli, sud mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqni haqaqiy emas deb topib bekor qildi.

Xodim ish joyiga qayta tiklash oʻrniga ish beruvchidan kamida uch oylik ish haqi miqdorida qoʻshimcha tovon puli undirish toʻgʻrisida sudga da’vo bilan murojaat qilishga haqli .

Ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi mehnat shartnomasida ish haqi miqdori ishlab chiqarilgan mahsulot miqdoriga qarab belgilanishi nazarda tutilgan. Shuning uchun sud xodimning da’vosidagi majburiy progul uchun ish haqi undirish talabini qanoatlantirishni rad qildi. Bundan tashqari, xodimga ma’naviy zararni qoplash rad etildi, chunki u unga jismoniy va ruhiy azob-uqubatlar yetkazilganligini isbotlab bera olmagan.

 

Ekspert tavsiyasi

Xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish bilan yakunlanishi mumkin boʻlgan bir martalik qoʻpol  huquqbuzarliklarni, quyidagilarda nazarda tuting:

  • ichki mehnat tartibi qoidasida;
  • mulkdor va korxona rahbari oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasida;
  • xodimlarning ayrim toifalariga nisbatan intizom yoʻriqnomalar va nizomlarda.

Ushbu mahalliy hujjatlarni mehnat sohasidagi huquqiy munosabatlari xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tasdiqlash va xodimlarni imzo qoʻydirgan holda tanishtirish tavsiya etiladi.

Xodimning mehnat vazifalarini qoʻpol ravishda buzganligi toʻgʻrisidagi masala har bir alohida holatda huquqbuzarlikning ogʻirligi va u olib kelgan yoki u olib kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarga qarab hal qilinadi.

Agar xodim bir marta oʻz mehnat vazifalarini qoʻpol ravishda buzgan boʻlsa, buni tarkibiy boʻlinma boshligʻining bildirgisi, maxsus tuzilgan komissiya dalolatnomasi va boshqalar bilan qayd eting.

Intizomiy jazo chorasi qoʻllashdan oldin xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qiling. Agar xodim bunday tushuntirish xati berishdan bosh tortsa, buni dalolatnoma bilan qayd eting. Xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi jazoni qoʻllash uchun toʻsiq boʻla olmaydi.

E’tibor bering
Intizomiy jazo bevosita nojoʻya xatti-harakat aniqlangandan keyin, ammo bu xatti-harakat aniqlangandan boshlab, xodimning kasal yoki ta’tilda boʻlgan vaqtini hisobga olmaganda uzogʻi bilan bir oy ichida qoʻllaniladi .

Intizomiy jazoni qoʻllash, shu jumladan bitta qoʻpol qoidabuzarlik uchun xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruq bilan xodimni imzo qoʻydirgan holda tanishtiring.

Xodimning imzo qoʻygan holda buyruqni qabul qilishdan bosh tortganligini dalolatnoma tuzib qayd eting va xodimning pochta manziliga yuboring.

Bir martalik qoʻpol qoidabuzarliklarning roʻyxati tasdiqlangan IMTQ yoʻqligi, shuningdek xodimga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash tartibiga rioya qilmaslik – mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzganlik uchun xodimni intizomiy javobgarlikga tortish toʻgʻrisidagi qarorni sud tomonidan bekor qilish uchun asos deb hisoblanadi.


Oʻzbekistonda kadrlar boʻyicha xodim uchun sud amaliyoti-tashkilotdagi mehnat nizolari, xodimlarni hisobga olishni boshqarish boʻyicha sud jarayoni mehnat nizolari boʻyicha sud amaliyoti, mehnat nizolarini sud orqali hal qilish Mehnat nizolarida sud amaliyoti. Sudda qanday mehnat nizolari koʻrib chiqiladi. Bu yerda siz sudda hal qilinayotgan kadrlar masalalari haqida ma’lumot topishingiz mumkin. Sudlar va xodimlarning yozuvlarini boshqarish haqida oʻqing kadrovik.uz /oz/publish/doc/text178363_sud_amalieti_hodim_qupol_huquqbuzarlik_uchun_ishdan_bushatildi