Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Korxonada uzluksiz ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan, 2 ta sex mavjud - ularning har birida boshliq va usta tayinlanishi lozim. Sexlarning biridagi usta ishdan boʻshab ketdi. Ikkinchi sexdagi ustaning zimmasiga qoʻshimcha haq toʻlagan holda oʻz xizmat vazifalarini bajarish bilan bir qatorda boʻsh lavozim boʻyicha majburiyatlarni bajarishni ham yuklash mumkinmi?».
– Ha, mumkin.
Xodim oʻz vazifalarini bajarish bilan bir qatorda boʻsh lavozim boʻyicha yoki vaqtincha ishda boʻlmagan (ta’tilda boʻlgan, betob, xizmat safariga yuborilgan) xodimning vazifalarini ham bajaradigan boʻlsa, bu bir necha lavozimda oʻrindoshlik asosida ishlash hisoblanadi
.
Oʻrindoshlik asosida ishlashda xodimlar soni oshmaydi.
Qanday rasmiylashtirish kerak
Oʻrindoshlik asosida ishlash faqat xodimning yozma roziligi boʻyicha belgilanadi. Bunday tartibda ishlash ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Mazkur holatda bunday ishlash xodimning roziligi bilan yuklanganligini aniqlashtirish kerak. Xodimning imzosi nafaqat buyruq bilan tanishtirish, balki rozilik bildirish qismida ham boʻlishi nazarda tutiladi. Masalan: «buyruq bilan tanishib chiqdim va bunga roziman ______________(F.I.O. va sana)».
Shuningdek siz bir necha kasb (lavozim) boʻyicha bajariladigan ishlarni bir necha xodim oʻrtasida taqsimlashingiz mumkin
. Rasmiylashtirish ishlarini ham shunday amalga oshirishingiz mumkin.
Ayrim holatlarda qoʻshimcha majburiyatlar ish beruvchining emas, balki xodimning iltimosiga koʻra yuklatiladi. Bunda:
- bunday iltimosni xodimning ariza berishi koʻrinishida rasmiylashtiring;
- buyruqda «xodimning roziligi bilan» emas, balki «iltimosiga koʻra» deb koʻrsating. Buyruqda asos sifatida xodimning arizasini va berilgan sanasini koʻrsating.
Ishga qabul qilish chogʻida doimiy asosda bir necha kasbni (lavozimni) birgalikda olib borish majburiyatini yuklab, buni mehnat shartnomasi matniga kelishilgan holda kiriting. Bunda bir necha kasb (lavozim) boʻyicha bajariladigan majburiyatlar lavozim yoʻriqnomasida koʻrsatilgan boʻlsa, ularning aniq roʻyxatini koʻrsatishingiz shart emas.
Oʻrindoshlik asosida ishlashda ish vaqtini hisobga olish
Xodim oʻzining asosiy ishi bilan bir qatorda boshqa kasb va lavozimdagi qoʻshimcha ishni ham bajaradi. Unga bitta tabel raqami belgilanadi.
Tabelni asosiy ish joyi boʻyicha mehnat shartnomasida belgilangan vaqtga qarab – haqiqatda ishlangan vaqt boʻyicha yuriting.
Valeriya LYaNDRES,
«Norma» kompaniyasi eksperti.