Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Ishchilarni Navoiy viloyatining Uchquduq shahriga xizmat safariga joʻnatmoqdamiz. Ularga ustama va issiq iqlim sharoitida ishlagani uchun qoʻshimcha ta’til kunlarini taqdim etishimiz shartmi? Direktor bunday imtiyozlar faqat u yerda doimiy ishlaydiganlarga berilishini ta’kidlab, buni bajarishni rad etmoqda».
Kadrovik.uz tushuntiradi:
– Darhaqiqat, tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari ogʻir va noqulay boʻlgan hududlarda ishlaganlik uchun:
1)ish haqi (ustamalar)ga tuman koeffitsiyentlari qoʻllaniladi;
2) xodimlarga yillik qoʻshimcha ta’tillar beriladi.
Ustamalar miqdori va qoʻshimcha ta’tilning minimal davomiyligi ma’lum tumanga yoki hududga bogʻliq. Ularning roʻyxati Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari ogʻir va noqulay boʻlgan joylarda ishlovchi xodimlar mehnatiga haq toʻlashga tuman koeffitsiyentlarini, shuningdek ularga har yili beriladigan qoʻshimcha ta’tilning eng kam muddatini belgilash va qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1-ilovasida keltirilgan.
Ustama
Quyidagi vaziyatlarda ushbu hududda boʻlish vaqti uchun ustama toʻlanadi:
- agar xodim bunday hududga bir oydan ortiq muddatga safarga yuborilgan boʻlsa;
- mehnatga doir qonunchilikda nazarda tutilgan safarlarda xarajatlarni qoplash uchun toʻlovdan qat’i nazar.
Uchquduqda ishlaganlik uchun ish haqiga ustama miqdori 60%ni tashkil etadi. Turli vaziyatlarda ustamalarni hisob-kitob qilishning aniq tartibi (toʻliq oy, toʻliqsiz oy va boshqalar uchun) Nizomga 2-ilovada keltirilgan.
Umumiy qoidalarga koʻra, respublika hududidagi xizmat safarining muddati yoʻldagi vaqtni hisobga olmagan holda 40 kundan koʻp boʻlmasligi kerak.
Bunda montaj, sozlash va qurilish ishlarini bajarish uchun yuboriladigan xodimlar, rahbarlar va mutaxassislarning xizmat safarlari muddati 12 oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Ushbu muddatni uzaytirishga istisno tariqasida faqat xizmat safariga yuborgan tashkilot rahbarining yozma ruxsatnomasiga asosan ruxsat beriladi
.
Yillik qoʻshimcha ta’til
Nizomning 2-bandiga muvofiq roʻyxatga kiritilgan joylarda ish bajaruvchi barcha xodimlarga yillik qoʻshimcha ta’tillar beriladi. Tegishincha, ushbu kafolat u yerga xizmat safariga yuborilgan xodimlarga ham tegishli.
Agar xodim noqulay hududda 1 ish yilidan kam ishlagan boʻlsa, qoʻshimcha ta’tilning davomiyligi ishlagan vaqtga mutanosib ravishda aniqlanadi. Qoʻshimcha ta’tilning umumiy miqdori 12ga boʻlinadi va toʻliq ish oylari soniga koʻpaytiriladi. Qoʻshimcha ta’til kunlari soni yaxlitlash qoidalariga muvofiq butun songa yaxlitlanadi.
Masalan:
1. Xodim 2 oy davomida montaj ishlarini bajarish uchun Uchquduq shahriga xizmat safariga yuborilgan. Uchquduq uchun qoʻshimcha ta’tilning minimal davomiyligi – 6 ish kuni.
- 6: 12 x 2 = 1.
Shunday qilib, xodim Uchquduqda 2 oylik xizmat safari uchun 1 kunlik qoʻshimcha ta’til olishga haqli.
2. Xodim 4 oy davomida Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi qurilish ishlarida xizmat safarida boʻldi. Bu hudud uchun qoʻshimcha ta’tilning minimal davomiyligi – 5 ish kuni.
- 5: 12 x 4 = 1.6.
Bu raqamni xodimning foydasiga yaxlitlaymiz va 2 kunlik qoʻshimcha ta’tilga ega boʻlamiz.
Lenara XIKMATOVA
huquqshunos, «Norma» eksperti