Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Xodima dekret ta’tiliga ketmoqda. 1 sentyabrdan boshlab homiladorlik va tugʻish nafaqasining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi. Ushbu mexanizm qanday ishlaydi? Pul korxonaga tushib, keyin xodimaga toʻlanadimi? Qayerga va qanday hujjatlarni taqdim etish kerak?».
Savollarga MV departament direktori Gulnora MURODOVA javob berdi:
– 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab
:
byudjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlanadi;
mazkur yuridik shaxslarning ushbu xodimlar oldidagi majburiyatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlangan homiladorlik va tugʻish nafaqasi hajmida kamaytiriladi.
20.09.2022 y. 515-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan davlat ijtimoiy sugʻurtasi doirasida homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash hamda toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat, xususan, quyidagi shartlarni nazarda tutadi:
1) homiladorlik va tugʻish nafaqasi Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan minimal iste’mol xarajatlarining 4 baravari (MIX) miqdorida toʻlanadi. Hozirgi vaqtda MIX 498 000 soʻmni tashkil qiladi. 4 MIX – 1 992 000 soʻm;
2) nafaqani tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi qaror «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantiriladi va qabul qilinadi:
- fuqarolardan qoʻshimcha hujjatlar talab qilmasdan;
- Sogʻliqni saqlash vazirligining axborot tizimi orqali olingan vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik varaqasi asosida. Varaqa xodimning yashash joyidagi oilaviy poliklinika (qishloq vrachlik punkti) tomonidan ochiladi va axborot tizimiga kiritiladi;
3) nafaqa ish haqi koʻrinishidagi daromadlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar DSQ ma’lumotlar bazasida aks ettirilgan va ish staji toʻgʻrisidagi ma’lumotlar «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida joylashgan ayollarga beriladi (mehnat.uz);
4) nafaqa bevosita ayolga uning bank hisob raqamiga (plastik kartochkasiga) yoki yashash joyidagi Xalq banki filiallari orqali naqd pulda toʻlanadi;
5) ish beruvchiga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti va «Yagona milliy mehnat tizimi» IDAK orqali nafaqani tayinlash va toʻlash toʻgʻrisida xabar beriladi.
Ish beruvchi qanday harakat qilishi kerak
Xodimdan vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik varaqasini olgach, korxona homiladorlik va tugʻish nafaqasini hisoblab chiqadi. Agar uning miqdori:
- 4 MIXdan ortiq boʻlsa – korxona xodimaga farqni oʻz hisobidan toʻlaydi;
- 4 MIXga teng yoki kam boʻlsa – korxona nafaqa toʻlamaydi.
Xodima Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan homiladorlik va tugʻish nafaqasi uchun belgilangan summani olishi uchun korxona:
1) uning mehnat shartnomasi va ishga joylashishi haqidagi ma’lumotlarni oʻz vaqtida «Yagona milliy mehnat tizimi» (mehnat.uz) IDAKga kiritishi;
2) JShDS va ijtimoiy soliq boʻyicha mehnatga haq toʻlash koʻrinishidagi daromadlar haqidagi hisobotlarda ma’lumotni toʻgʻri aks ettirishi (hisob-kitobga 5-ilova) kerak.