Aprel oyida har bir хodim uchun foydali boʻladi:
«Tashkilot rahbariyati ishlab chiqarish хodimlariga toʻlaqonli ta’til bermay, uni qismlarga boʻlish va ta’tilning bir qismini noqulay vaqtda – oktyabr-noyabr oylarida olishga majbur qilmoqda. Bu qonuniymi? Ushbu masalani hal qilish uchun qayerga murojaat qilish va rahbariyatga qanday ta’sir qilish mumkin?».
Kadrovik.uz tushuntiradi:
– Xodim bir vaqtning oʻzida yillik umumiy davomiylikdagi ta’til olishga yoki yilda bir necha bor dam olishga haqli. Ta’tilni faqat uning хohishiga koʻra va yozma arizasi asosida qismlarga boʻlishga yoʻl qoʻyiladi (tomonlarning kelishuvi bilan emas) .
Bunda hech qanday qoʻshimcha hujjatlarni rasmiylashtirishning keragi yoʻq. Ta’tildan qismlarga boʻlib foydalanish masalasi kalendar yil uchun ta’tillar jadvalini tuzishda ham, хodimga toʻgʻridan-toʻgʻri ta’til berishda ham hal qilinishi mumkin. Agar ta’tilni qismlarga boʻlish haqidagi qaror ta’tillar jadvali allaqachon tasdiqlangan vaqtda qabul qilinsa, ish beruvchi quyidagi hatti-harakatlarni amalga oshiradi:
- хodimga u e’lon qilgan ta’tilning bir qismini berish toʻgʻrisida alohida buyruq (farmoyish) chiqaradi;
- ta’tillar jadvaliga oʻzgartirishlar kiritadi.
Qonunda ta’tilni nechta qismlarga boʻlish mumkinligi koʻrsatilmagan. Biroq, uning qismlaridan biri oʻn ikki ish kunidan kam boʻlmasligi lozim. Qolgan qismi esa хodim va ish beruvchining хohishiga koʻra, kamroq muddatli qismlarda taqdim etilishi mumkin.
Ta’tilni qismlarga boʻlishda, uni haddan tashqari boʻlib yuborishni tavsiya qilmaymiz, chunki хodim qisqa muddatli ta’til davomida toʻlaqonli dam ololmaydi.
Ish beruvchi oʻz tashabbusi bilan barcha ishlab chiqarish хodimlarini ta’tilning bir qismini oktyabr-noyabr oylarida olishga majbur qilishga haqli emas, chunki bu faqat хodimning хohishiga koʻra boʻlishi mumkin.
Majburlash holatida хodimlar oʻz huquqlarining buzilishi toʻgʻrisida ariza bilan Davlat mehnat huquq inspeksiyasi yoki tuman prokuraturasiga murojaat qilishga haqli.
Kelgusida, keyingi kalendar yil uchun jadval tuzayotib, ushbu jihatlarni hisobga oling va ta’til berish masalasini rahbariyat va хodimlarning oʻzaro manfaatlarini hisobga olgan holda hal qiling.