Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Ikkita xodimni ishga joylashtirayotganda ulardan birida na harbiy bilet, na harbiy hisobda turganlik haqida guvohnoma mavjud emasligi aniqlandi. Vaholanki, bu yigit 27 yoshda. Ikkinchisida harbiy hisobda turganlik haqida guvohnoma mavjud, ammo kechiktirish haqida hech qanday belgi yoʻq. Harbiy hisobda turganligi haqida hujjatlari boʻlmagan yoki ushbu hujjatlari shubha ostida boʻlgan shaxslarni ishga qabul qila olamizmi?».
Kadrovik.uz tushuntiradi:
– Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan fuqaro Mehnat kodeksining 80-moddasida koʻrsatilgan hujjatlarni, shu jumladan harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar harbiy biletni yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani taqdim etishi shart. Ushbu talab quyidagilar bilan asoslangan:
- «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida»gi qonun;
- Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi nizom;
- Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy roʻyxatga olishni tashkil etish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma.
Idoraviy mansubliligi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar barcha korxonalar, tashkilotlar, muassasalar Mudofaa vazirligi, Ichki Ishlar vazirligi, hokimiyatlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan bir qatorda harbiy xizmatga majburlar va chaqiruvchilarning harbiy roʻyxatini yuritishi shart
.
Ish beruvchi fuqarolarni ishga qabul qilayotganda quyidagi harbiy-hisob hujjatlari mavjudligini tekshirib, ularning harbiy hisobda turish-turmasligini aniqlashi shart:
- harbiy xizmatga majburlar uchun – harbiy guvohnoma, zaxiradagi ofitser guvohnomasi;
- chaqiriluvchilar uchun – chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
- muqobil xizmat xizmatchilari uchun – muqobil xizmat xizmatchisining guvohnomasi;
- safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilari uchun – harbiy guvohnoma yoki mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan berilgan safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni oʻtayotganlik toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma.
Ammo xodimda harbiy-hisob hujjatlari mavjud boʻlishi kerakligidan tashqari, ular yana ishga qabul qilinayotgan kunda amal qilayotgan ham boʻlishi kerak.
Bu quyidagilarni anglatadi:
A) harbiy bilet va chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada mudofaa ishlari boʻyicha tuman boʻlimi – roʻyxatdan oʻtgan doimiy yashash joyida roʻyxatga qoʻyilganligi toʻgʻrisida belgilar qoʻyilishi kerakligini;
B) harbiy biletda tibbiy koʻrikdan oʻtgan sanalar (agar mavjud boʻlsa) kechiktirilmagan boʻlishi kerakligini;
V) armiyada xizmat qilmagan 18 yoshdan oshgan fuqaroning roʻyxatdan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasida armiya xizmatidan kechiktirilganligi toʻgʻrisida tegishli belgilar qoʻyilishi kerak.
Agar ish beruvchi aynan shu mutaxassisni ishga qabul qilishdan manfaatdor boʻlsa, qanday xatti-harakatlarni amalga oshirishi mumkin
Agar tekshirish vaqtida ishga qabul qilinayotgan shaxsda harbiy bilet yoʻqligi aniqlansa, roʻyxatdan oʻtish guvohnomasida esa kechiktirish haqida belgilar boʻlmasa, nomzodga doimiy yashash joyidagi mudofaa ishlari boʻlimida quyidagilarni bajarishni taklif eting:
- tegishli belgilarni qoʻydirishni;
- harbiy xizmatga chaqirish va harbiy guvohnoma olish masalasini hal qilishni.
Agar nomzod allaqachon 27 yoshga toʻlgan boʻlsa (chaqiruvning maksimal yoshi) va unda harbiy bilet boʻlmasa, uni mudofaa ishlari boʻlimiga yuboring yoki tashkilot nomidan – shaxsning harbiy xizmatga aloqadorligini tekshirish va tasdiqlash hamda unga tegishli hujjatlarni berish toʻgʻrisidagi iltimos bilan soʻrovnoma yuboring.
Ishga qabul qilishni rad etish mumkinmi
Fuqarolar yashash joylarida harbiy xizmatga roʻyxatga olinganidan keyin ishga (oʻqishga) qabul qilinadi. Ularda harbiy-hisob hujjatlari boʻlishi kerak. Ish beruvchi harbiy xizmatga majbur yoki chaqiriluvchini ishga qabul qilishda uni harbiy roʻyxatga olish uchun javobgardir, uning chaqirilish vaqtini, kechiktirishni rasmiylashtirishni, tibbiy komissiyalardan oʻtishini nazorat qiladi.
Agar ishga qabul qilinayotgan fuqaro harbiy-hisob hujjatlarini taqdim etishdan bosh tortsa yoki ularda roʻyxatga olinganlik yoxud qabul kuni chaqiruvdan kechiktirish haqida belgilar mavjud boʻlmasa, ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etishga haqli
.
Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarni harbiy roʻyxatga olish tizimi mamlakatda amal qiluvchi pasport tizimi bilan bogʻliq holda yuritiladi.
Roʻyxatga olish tizimining amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek idoraviy mansubliligi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar korxonalar, tashkilotlar, muassasalar tomonidan ta’minlanadi
.