Homiladorlik va tugʻish ta’tili... farzandlikka oluvchiga taqdim qilinadimi

preview

«Xodima chaqaloqni  farzandlikka oldi va nafaqa toʻlash bilan homiladorlik va tugʻish ta’tili taqdim qilishlarini soʻrab  ariza berdi. Undan keyin esa bola parvarishi ta’tilini olmoqchi. Agar amalda na homiladorlik, na tugʻruq boʻlmagan, bola esa allaqachon 1 oylik boʻlgan boʻlsa, bunday talablar qonuniymi? Xodimaning ta’kidlashicha, farzandlikka olish siri oshkor qilingan taqdirda kadrlar boʻyicha xodim jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin ekan»…

Vaziyatga «Norma» eksperti, huquqshunos Lenara XIKMATOVA izoh berdi:

– Gap yangi tugʻilgan bolalarni farzandlikka olgan yoki bolalarga vasiy qilib belgilangan shaxslarga ta’til berish haqida bormoqda  . Bunday ta’til homiladorlik va tugʻish ta’tili singari rasmiylashtiriladi.

 

Farzandlikka olish munosabati bilan kim va qanday asosda ta’til oladi

Bunday ta’tilni yangi tugʻilgan bolani bevosita tugʻuruqxonadan farzandlikka olgan yoki bolalarga vasiy qilib belgilangan shaxslar olishi mumkin.

Ta’til bola farzandlikka olingan kundan boshlab, bola tugʻilgan kundan e’tiboran ellik olti kalendar kun oʻtgunga qadar boʻlgan davr uchun beriladi. Ikki yoki undan ortiq bola asrab olingan taqdirda esa tugʻilgan kundan e’tiboran yetmish kalendar kun uchun beriladi.

Masalan,  agar bola 1 martda tugʻilgan, 1 aprelda esa farzandlikka qabul qilingan boʻlsa, ta’til 1 apreldan 25 aprelgacha (bola tugʻilgan kundan e’tiboran 56 kalendar kun oʻtgunga qadar) beriladi.

Ta’til olish huquqini tasdiqlash uchun xodima oʻzi onasi sifatida qayd qilingan bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani hamda farzand asrab olish toʻgʻrisidagi hujjatni taqdim etishi kerak.

 

Farzandlikka oluvchi nafaqa oladimi

– Ha, yangi tugʻilgan bolani asrab olgan xodima umumiy asoslarda homiladorlik va tugʻish nafaqasini olishga haqli.  

2022yil 1 sentyabrdan e’tiboran byudjetdan tashqari tashkilotlarda ushbu nafaqani tayinlash va toʻlashning yangi tartibi amal qilmoqda .

Yangi tartib haqida batafsil quyidagi tushuntirishlarda oʻqishingiz mumkin:

Shuningdek, xodima bola tugʻilganda beriladigan nafaqani olishga haqli .

Nafaqa tayinlash uchun asos –hududiy ambulator poliklinika tomonidan beriladigan mehnatga layoqatsizlik varaqasi .

 

Ta’tilni qanday rasmiylashtirish kerak

Xodima ta’til uchun arizani erkin shaklda yozadi. Faqat uni toʻgʻri shakllantirish kerak:

  • «Menga bola asrab olganim munosabati bilan  20__ yilning 1 aprelidan bola tugʻilgan kundan e’tiboran ellik olti kalendar kun oʻtgunga qadar ushbu davr uchun nafaqa toʻlash bilan ta’til taqdim qilishingizni soʻrayman».

Arizani olgandan keyin buyruq rasmiylashtiring:

  •  «Kassir N.N.Tohirovaga bola asrab olgani munosabati bilan 20___ yilning 1 aprelidan bola tugʻilgan kundan e’tiboran ellik olti kalendar kun oʻtgunga qadar ushbu davr uchun qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa toʻlash bilan ta’til taqdim qilinsin».

Mehnat kodeksining 235-moddasi boʻyicha my.mehnat.uz saytida farzandlikka olish munosabati bilan ta’til nazarda tutilmagan. Shuning uchun bunday ta’tilni «Homiladorlik va tugʻish ta’tili»

boʻlimida roʻyxatdan oʻtkazing.

Xodimaning shaxsiy kartochkasining III boʻlimida mehnat ta’tili Mehnat kodeksining 235-moddasiga muvofiq berilayotganini koʻrsating.

 

Farzandlikka oluvchi bola parvarishi ta’tilini olishga haqlimi

- Ha, farzandlikka olish munosabati bilan ta’til tugagandan soʻng, xodimaning xohishiga koʻra va uning arizasi asosida bola 2 yoshga toʻlgunga qadar parvarishlash  uchun ta’til beriladi. Keyin esa – ish haqi saqlanmagan holda u 3 yoshga toʻlgunga qadar qoʻshimcha ta’til ham beriladi. 238-modda onalik bilan bogʻliq holda beriladigan kafolatlar va imtiyozlarni quyidagilarga tatbiq qiladi:

  • onasiz bolalarni (ona vafot etgan, onalik huquqlaridan mahrum etilgan, uzoq vaqt davolash muassasalarida boʻlgan va bolalari toʻgʻrisida ona sifatida gʻamxoʻrlik qilmagan boshqa hollarda) tarbiyalayotgan otalarga;
  • voyaga yetmagan bolalarning vasiylariga.

Shuning uchun bunday kafolatlar, xususan, bola parvarishlash boʻyicha ta’tillar bolani farzandlikka oluvchilarga ham taqdim etilishi kerak.

Xodimaning arizasi asosida bola parvarishlash ta’tilini taqdim qilish toʻgʻrisida buyruq rasmiylashtiriladi va YaMMTda roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Bola ikki yoshga toʻlgunga qadar uni parvarishlash uchun nobyudjet tashkilotlari xodimaga mehnatga haq toʻlashning eng kam – 60 foizi miqdorida nafaqa toʻlashi shart . Uni tayinlash va toʻlash tartibi Nizom bilan belgilangan 1113-sonli Nizom 14.03.2002 y. Byudjet tashkilotlari bola parvarishi boʻyicha nafaqa toʻlamaydi.

 

Kadrlar boʻyicha xodim asrab olish sirini oshkor qilish uchun javobgarmi

– Ha, kadrlar xizmati xodimi, farzandlikka olishdan xabardor boʻlgan boshqa har qanday xodim kabi Jinoyat kodeksining 125-moddasi boʻyicha farzandlikka olish sirini jinoiy javobgarlik xavfi ostida sir saqlashi shart.

Farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi, yetim yoki ota-ona gʻamxoʻrligidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka olishning qonun bilan qoʻriqlanadigan sirini oshkor qilish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Agar oshkor qilish gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda sodir etilgan boʻlsa yoki ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, jazo kuchaytiriladi.  BHMning yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

 

Oʻzbekistonda ijtimoiy ta’minot: xodim tugʻruq ta’tiliga chiqqanda, nafaqaga chiqqanida yoki nogiron boʻlganida ish beruvchi ijtimoiy yordamni qanday tashkil qilishi mumkin xodimlarning ijtimoiy ta’minoti, oʻzbekistonda ijtimoiy ta’minot, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, xodimlarni ish beruvchidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekistonda ijtimoiy ta’minot. Oʻzbekistonda mehnatkashlarning ijtimoiy ta’minoti haqida batafsil ma’lumot. Xodim tugʻruq ta’tilida nafaqaga chiqqan yoki nogiron boʻlganida ijtimoiy himoyani roʻyxatdan oʻtkazish shartlari. Siz xodimlarning ijtimoiy ta’minoti haqida koʻproq ma’lumot olishingiz mumkin boʻladi /oz/publish/doc/text185250_homiladorlik_va_tugish_tatili_farzandlikka_oluvchiga_taqdim_qilinadimi