Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Xodimlarni ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilish tartibi
«Tashkilotda ishlab chiqarish avariyasi yuz berdi . Uni bartaraf etish uchun ayrim boʻlinmalarning zudlik bilan ishga jalb qilish zaruriyati tugʻildi. Ammo bu ish kunining oxirida sodir boʻldi, ushbu boʻlinmalarning ba’zi xodimlari oqibatlarni bartaraf etish uchun ish vaqtidan tashqari ishlashni rad etishdi. Direktor buning uchun ularga hayfsan e’lon qilishini aytdi. Ish vaqtidan tashqari ishdan bosh tortganlik uchun intizomiy javobgarlikka tortish qonuniymi? Ish vaqtidan tashqari ishga xodimning roziligi bilan jalb qilinmaydimi?» .
Xodim ish vaqtidan tashqari vaqtda avariyani bartaraf etishni rad etishga haqlimi? Savolga «Norma» eksperti, huquqshunos Lenara XIKMATOVA javob berdi:
– Ha, koʻrib chiqilayotgan holatda ish beruvchi mehnat vazifasi avariyani bartaraf etish bilan bogʻliq boʻlgan xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortishga haqli.
Ish vaqtidan tashqari ish ekanligini qanday aniqlash mumkin
Ish beruvchi tomonidan xodimni belgilangan ish vaqti davomiyligidan tashqari ishga jalb etish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi
.
Agar xodim oʻz tashabbusi bilan boshliqning buyrugʻisiz ish vaqtidan tashqari ishlashga qolsa – bu ish vaqtidan tashqari ish hisoblanmaydi.
Ish vaqtidan tashqari ishga aynan ish beruvchi jalb qiladi.
Ish vaqtidan tashqari ish soatlari sonini qanday aniqlash mumkin
Bu tashkilotda qoʻllaniladigan ish vaqtini hisobga olish turiga bogʻliq.
Quyidagilar ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi:
- ish vaqti kunlik hisobga olinganda xodim uchun belgilangan har kungi ish (smena) vaqtining davomiyligidan oshadigan ish;
- ish vaqti haftalik hisobga olinganda xodim uchun belgilangan haftalik ish vaqtining davomiyligidan oshadigan ish;
- ish vaqti jamlab hisobga olinganda – bir haftadan oshadigan hisobga olish davri uchun xodimga belgilangan ish vaqtining davomiyligidan tashqari ish.
Ya’ni, agar xodimda – soat 09:00 dan 18:00 gacha 8 soatlik kunlik hisobga olinadigan ish vaqti (bir soatlik tanaffus bilan) boʻlsa, - u ish beruvchining topshirigʻi boʻyicha ushbu 8 soatdan ortiqcha ishlaydigani ish vaqtidan tashqari ish sanaladi.
Xodimning roziligi kerakmi
Umumiy qoidaga koʻra, ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga xodimning yozma roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi
.
Xodimning roziligisiz ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi
:
1) tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlarning, ishlab chiqarishdagi avariyalarning, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning, shuningdek yongʻinlarning, toshqinlarning, zilzilalarning, epidemiyalarning yoki epizootiyalarning oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda zarur ishlar amalga oshirilganda;
2) markazlashtirilgan issiq suv ta’minoti, sovuq suv ta’minoti va (yoki) suv chiqarish tizimlarining, gaz ta’minoti, issiqlik ta’minoti, yoritish, transport, aloqa tizimlarining normal ishlashini buzadigan kutilmagan holatlarni bartaraf etishga doir ijtimoiy jihatdan zarur ishlar amalga oshirilganda;
3) agar ishda tanaffusga yoʻl qoʻyilmasa, smena almashayotgan xodim kelmay qolganda ishni davom ettirish uchun. Bunday holda ish beruvchi zudlik bilan smenachini boshqa xodim bilan almashtirish choralarini koʻrishi shart.
Ish beruvchi qoʻshimcha ishlarga jalb qilish toʻgʻrisida buyruq (farmoyish) chiqaradi, xodim u bilan imzo ostida tanishtirilishi kerak.
Ish vaqtidan tashqari ishni rad etgani uchun kimlarni jazolash mumkin
Yuqorilda keltirilgan 2 va 3-bandlarda nazarda tutilgan hollarda ish beruvchi tomonidan xodimni ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga faqat xodimning mehnat vazifasi doirasida yoʻl qoʻyiladi.
Agar ish kunidan keyin ofisda gaz sizib chiqsa yoki kanalizatsiya quvuri yorilib ketsa, savdo menejeri hech qanday yordam bera olmasligi tushunarli. Ish vaqtidan tashqari ishdan bosh tortgani uchun unga intizomiy jazo qoʻllanilmaydi. Ammo, agar yuqorida keltirilgan misolda mehnat vazifasi ushbu muammolarni bartaraf etish bilan bogʻliq boʻlgan xodim ish vaqtidan tashqari ishdan bosh tortsa, uni buning uchun intizomiy javobgarlikka tortish mumkin.
Yana bir misol – uzluksiz ishlab chiqarishda dispetcherning smenachisi kasal boʻlib qoldi va ishga kelmadi. Bunday vaziyatda dispetcher ish beruvchi uning oʻrniga boshqasini topmaguncha ish vaqtidan tashqari ishlashiga toʻgʻri keladi. Agar u ish smenasidan keyin ish vaqtidan tashqari ishni rad etib, ishdan ketib qolsa, unga ham intizomiy jazo chorasini qoʻllash mumkin.
Intizomiy jazo chorasini qoʻllash uchun, albatta, avval barcha tafsilotlarini aniqlashtirish va xodimning ortiqcha ishlashdan bosh tortishining sababini bilish kerak. Ehtimol, buning uzrli sababi bordir. Bunga olib kelgan barcha aniqlangan holatlarni, qilmishning ogʻirligini, oqibatlarini hisobga olgan holda ish beruvchi xodimni intizomiy javobgarlikka tortish yoki tortmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ushbu shartga rioya qilmaslik mehnat nizolarini yuzaga keltirishi mumkin.
Agar u yoki bu intizomiy jazo chorasini qoʻllash qarori qabul qilingan boʻlsa, buni yangi MKning 312–315-moddalarida belgilangan umumiy qoidalarga koʻra rasmiylashtirish kerak.
Kimlarni ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilish mumkin emas
12 soatlik ish smenasida, shuningdek mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yoʻl qoʻyilmaydi
.
Ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida toʻrt soatdan (mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarda – bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan oshmasligi kerak
.
Bundan tashqari quyidagilarni hech bir holatda roziliksiz ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilish mumkin emas:
- homilador xodimalarni
; - oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolaning (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning) ota-onasidan biri (ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxs)
; - nogironligi boʻlgan xodimlarni, agar bunday ishlar ularga tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlangan boʻlsa
; - voyaga yetmaganlar – hatto ularning roziligi bilan. Madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodiy xodimlari, professional sportchilar, shuningdek asarlar yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslar hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ishlar, kasblar, lavozimlar roʻyxatlariga muvofiq bundan mustasnodir
.
Ish vaqtidan tashqari ish qanday kompensatsiya qilinadi va toʻlanadi
Ish vaqtidan tashqari ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi.
Jamoa shartnomasida, kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra ish beruvchi tomonidan qabul qilingan ichki hujjatda, mehnat shartnomasida ish vaqtidan tashqari ish uchun qoʻshimcha toʻlovlarning yuqoriroq miqdorlari nazarda tutilishi mumkin.
Xodimning xohishiga koʻra ish vaqtidan tashqari ish uchun oshirilgan haq toʻlash oʻrniga ish vaqtidan tashqari ishlab berilgan vaqtning davomiyligiga muvofiq keladigan qoʻshimcha dam olish vaqtini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin. Bunday holda ish vaqtidan tashqari ish uchun bir hissa miqdorida haq toʻlanadi, dam olish vaqti uchun esa haq toʻlanmaydi
.