Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Xodim SChR yigʻinlariga chaqirilsa, ish beruvchi qanday hujjatlarni rasmiylashtirishi kerak
«Korxonada ishlaydigan xodim bir oyga armiyaga ketmoqda. Bir oy oʻtgandan keyin u yana korxonamizda ishlaydi. Hujjatlarni qanday qilib toʻgʻri rasmiylashtirish kerak? U bilan mehnat shartnomasini bekor qilish, keyin esa yana ishga qabul qilish kerakmi?».
Savolga «Norma» eksperti Valeriya LYaNDRES javob berdi:
– 2003 yildan boshlab mamlakatimizda chaqiruv yoshidagi fuqarolarning harbiy xizmat turlaridan biri sifatida safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat joriy etildi.
Safarbarlik chaqiruvi rezervida fuqarolar tomonidan xizmatni tashkil etish va oʻtish tartibi quyidagilar bilan belgilanadi:
– 12.12.2002 yildan 436-II-sonli «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida»gi qonun;
– Nizom (22.02.2003 y. 99-sonli VMQga tasdiq. 1-sonli Ilova, keyingi oʻrinlarda – Nizom).
Armiyada bir oylik xizmat ma’lum atamaga ega – bu safarbarlik chaqiruvi rezervidagi shaxslar uchun oylik oʻquv yigʻinlari. Ular fuqarolarning safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat qilish shartlaridan biri sanaladi
.
Harbiy yigʻinlarni oʻtash davrida, shu jumladan ularni oʻtkazish joyiga va orqaga qaytish vaqtida safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilarida ish joyi (lavozimi) saqlanib qoladi.
Koʻrsatilgan shaxslar bilan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan harbiy yigʻinlarga yoʻllash haqidagi ma’lumotnoma olingan kundan boshlab to ulardan qaytguncha boʻlgan davrda bekor qilinishi mumkin emas. Tashkilot tugatilgan hollar bundan mustasno.
Agar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchisi harbiy yigʻinlar vaqtida kasal boʻlib qolsa va ular tugaganidan keyin ham kasal boʻlishda davom etsa:
– unda ish joyi (lavozimi) saqlanib qoladi;
– harbiy yigʻinlar tugagan kundan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi toʻlanadi
.
Safarbarlik chaqiruvi rezervi yigʻiniga chaqirilgan xodim mudofaa ishlari boʻlimidan belgilangan namunadagi chaqiruv toʻgʻrisida buyruq oladi. Uni ishdan ozod etish toʻgʻrisida buyruq chiqarish uchun asos sifatida ish joyi boʻyicha taqdim etadi.
Oʻz navbatida ish beruvchi buyruqni olgach, quyidagi mazmunda buyruq chiqaradi:
«Harbiy yigʻinlar uchun chaqiruv toʻgʻrisida»
5-sonli sex montajchisi Alimov Joʻraboy Akmalboy oʻgʻli 2023 yil 1 maydan 31 maygacha safarbarlik chaqiruvi rezerviga chaqirilishi munosabati bilan xizmat majburiyatidan ozod qilinsin.
D.A Alimovning yigʻinda boʻlgan butun davri uchun ish joyi, egallab turgan lavozimi va oʻrtacha ish haqi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 282-moddasi, 22.03.2003 yildan 99-sonli VMQ 2-bandiga muvofiq saqlansin.
Asos: Fargʻona viloyati Rishton tumani mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimining 25.04.2023 yildan 68-sonli buyrugʻi.