Amaliyotchi oʻquvchini rasmiylashtirish va unga amaliyot davrida ish haqi toʻlash tartibi

preview

«Kasb-hunar kolleji oʻquvchisi ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashni soʻrab kompaniyaga murojaat qildi. U tashkilot bilan oʻquv muassasasi oʻrtasida tuzilgan shartnoma loyihasini taqdim etdi. Biz uni amaliyot oʻtashi uchun qabul qilishimiz shartmi? Mazkur holatda tashkilotda qanday hujjatlar rasmiylashtirilishi lozim?».

Savolga 2023 yil 30 apreldan kuchga kiradigan yangi MK qoidalarini hisobga olgan holda «Norma» eksperti Valeriya LYaNDRES javob berdi:

 

– Oʻquvchilarning korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi ishlab chiqarish amaliyoti quyidagi hujjatlar bilan tartibga solinadi:

  • Kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari tomonidan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom

va

  • Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limining tarmoq ta’lim standarti.

Ishlab chiqarish amaliyoti, qoidaga koʻra, korxona, muassasa yoki tashkilotning ixtisoslashuviga bogʻliq holda ushbu maqsad uchun maxsus ajratilgan, oʻquvchilar oʻqishni tugatgandan keyin ishga joylashishi mumkin boʻlgan oʻquv-ishlab chiqarish joylarida oʻtkaziladi.

Umumiy qoidaga koʻra, kasb-hunar kollejlari ishlab chiqarish amaliyoti boshlanishidan kechi bilan bir oy oldin korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan ularning bazasida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtkazish toʻgʻrisida shartnoma tuzadilar. Shartnomada taraflar kasblar boʻyicha oʻquvchilar soni, ishlab chiqarish amaliyotini oʻtkazish muddatlari va boshqa shartlarni belgilaydilar .

Kollej oʻquvchisining oʻzi ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash uchun joy topganda va bu haqda oʻquv muassasasi bilan tashkilot oʻrtasida oldindan kelishuv tuzilmagan holatlarda, uni amaliyot oʻtashi uchun qabul qilish yoki qabul qilmaslik masalasi tashkilot rahbari tomonidan hal etiladi.

 

Qanday hujjatlar rasmiylashtiriladi

Ikki tomonlama shartnoma loyihasining shartlarini sinchiklab oʻrganib chiqing.

Masalan, shartnomada amaliyotchi oʻquvchini kollejda oʻqishni tugatganidan keyin ishga joylashtirish majburiyati nazarda tutilgan boʻlishi, ish beruvchida esa bunday shartni bajarish imkoniyati boʻlmasligi mumkin.

Bunday shartlarni bajarishning imkoni boʻlsa, tashkilot rahbari huzurida shartnomani imzolang va unga asosan oʻquvchini amaliyotga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqni rasmiylashtiring.

 

Amaliyotchi oʻquvchiga ish haqi toʻlanishi lozimmi

Kasb-hunar kollejlari oʻquvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashi oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi asosiy ta’lim dasturining tarkibiy qismi hisoblanadi . Uning maqsadi – nazariy ta’lim berish jarayonida oʻquvchilar tomonidan olingan bilimlarni mustahkamlash va chuqurlashtirish, ularga olinadigan mutaxassislik boʻyicha zarur layoqat, koʻnikmalar va amaliy ish tajribasini berishdan iborat.

Tegishincha, amaliyot mehnat faoliyati hisoblanmaydi va unga haq toʻlanmaydi.

Bu vaziyatda amaliyotchi oʻquvchi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar YaMMTda  aks ettirilmaydi. Amaliyot davri pensiya hisoblash uchun ish stajiga kiritilmaydi.

Biroq tashkilotlar oʻquvchilarga haq toʻlanadigan ish joylari, mustaqil ob’yektlar, ishlab chiqarish amaliyoti dasturlariga muvofiq oʻquvchilarning ishlab chiqarish faoliyatini ta’minlaydigan uchastkalar berish huquqiga ega, agar  :

  • Tajribaga koʻra amaliyot oʻtayotgan shaxsni oʻquv rejasiga muvofiq ish beruvchida mavjud boʻlgan boʻsh (vakant) oʻringa qabul qilish nazarda tutiladi;
  • amaliyotchi oʻquvchi esa buning uchun zarur boʻlgan professional koʻnikma va ish tajribasiga ega boʻladi.

Bu vaziyatda haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini oʻtayotgan shaxs bilan amaliyot oʻtash davriga muddatli mehnat shartnomasi tuziladi. Mehnat shartnomasida mehnat shartnomasining majburiy shartlari bilan bir qatorda amaliyot yoki stajirovkaga rahbarlik qiladigan ish beruvchining xodimi belgilanishi kerak.

Agar siz haq toʻlanadigan amaliyot oʻtash uchun mehnat shartnomasini tuzgan boʻlsangiz, amaliyot oʻtovchi haqidagi ma’lumotlarni YaMMTda aks ettiring. Bu holda amaliyot davri pensiyani hisoblash uchun ish stajiga kiritiladi.

E’tibor bering

Tashkilotda mos keladigan boʻsh ish oʻrni mavjud boʻlganda oʻquvchi bilan kelishilgan holda, oʻqishdan boʻsh vaqtida yengil ishlarni bajarish uchun uni rasmiy ravishda ishga qabul qilish mumkin.

Umumiy qoidaga koʻra, ishga qabul qilishga 16 yoshdan yoʻl qoʻyiladi. Agar oʻquvchi 15 yoshda boʻlsa, ota-onasidan birining yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligini oling .

Ish beruvchi voyaga yetmaganlarni ishga qabul qilishda buning uchun belgilangan barcha talablarga rioya qilishi hamda yangi MKning 411–422-moddalarida nazarda tutilgan kafolatlarni taqdim etishi shart.

 

Ish beruvchi amaliyotchi-oʻquvchiga nimani ta’minlashi shart   

Oʻquvchini ishlab chiqarish amaliyotiga qabul qilgan tashkilot quyidagilarga majbur :

  • xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va olinadigan mutaxassislik bilan bogʻliq boʻlmagan, shuningdek zararli mehnat sharoitlarida foydalanishga yoʻl qoʻymaslik;
  • ishlab chiqarish binolari, trening kabinetlari, zarur materiallar, asbob-uskunalar, texnik hujjatlar bilan oʻz vaqtida ta’minlash;
  • yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini, yuqori unumli ish uslublarini oʻzlashtirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • yoʻl-yoʻriqlar berishni va ishlab chiqarish amaliyotiga texnik rahbarlikni tashkil etish, kasb-hunar kollejining pedagog xodimlariga ishlab chiqarish amaliyotini oʻtkazishda yordam koʻrsatish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • oʻquvchilarga ishlab chiqarish amaliyoti davrida tegishli mutaxassisliklar va kasblar ishchilari uchun nazarda tutilgan maxsus kiyim-boshlar, yakka tartibda himoyalanish vositalari berish;
  • zarur hollarda oʻquvchilarni ishlab chiqarish amaliyoti oʻtadigan joyga yetkazishni va u yerdan olib kelishni ta’minlash;
  • oʻquvchilar bajargan ishlarni ushbu korxona, muassasa va tashkilotda belgilangan tartibda hisobga olish va qabul qilish;
  • ishlab chiqarish amaliyoti tugagach har bir oʻquvchiga uning ishlari sifatini, erishgan natijalarini, ishga munosabatini, shuningdek unga berish uchun tavsiya etilayotgan tarif razryadini koʻrsatgan holda ishlab chiqarish tavsifnomasi berish.

 

Kollej nimalar uchun mas’ul boʻladi

Kasb-hunar kolleji ishlab chiqarish amaliyoti vaqtida quyidagilarni ta’minlashi shart:

  • oʻquvchilarning ishlab chiqarish asbob-uskunalariga, jihozlarga, moslamalarga va boshqa mehnat anjomlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishini;
  • xom ashyo, materiallar va elektr energiyasining tejamli sarflanishini;
  • oʻquvchilar tomonidan korxona, muassasa va tashkilotning tegishli ma’muriy va ishlab chiqarish xodimlari koʻrsatmalari va farmoyishlari bajarilishini.

 

 

Oʻzbekistonda amaliyot va stajirovka – talabalar uchun amaliyotdan oʻtish tartibi, stajirovkalar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar oʻzbekistonda amaliyot, stajirovka, amaliyot, oʻzbekistonda stajirovka, stajirovka toʻgʻrisidagi axborot, amaliyot toʻgʻrisidagi axborot, talabani stajirovkaga rasmiylashtirish uchun axborot Oʻzbekistonda amaliyot va stajirovka. Amaliyotchi talabani stajirovkaga rasmiylashtirish boʻyicha axborot. ROʻZ TK boʻyicha amaliyotdan oʻtish shartlari. Talabani kadrovik.uz stajirovkaga rasmiylashtirish uchun axborot /oz/publish/doc/text187971_amalietchi-uquvchini_rasmiylashtirish_va_unga_amaliet_davrida_ish_haqi_tulash_tartibi