Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Yangi Mehnat kodeksi qoidalarini hisobga olgan holda ish beruvchi xodimdan ishga joylashayotganda qanday hujjatlarni olishi kerakligini va qoʻshimcha ravishda qaysilari kerak boʻlishini «Norma» eksperti, yurist Lenara XIKMATOVA tushuntirdi:
Majburiy hujjatlar toʻplami
– Yangi xodimni ishga qabul qilish chogʻida quyidagi hujjatlarni talab qiling
:
- pasportni yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatni (masalan, pasport rasmiylashtirilgunga qadar ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan shaxsni tasdiqlovchi vaqtinchalik guvohnoma) yoxud ID kartani. Oʻn olti yoshgacha boʻlgan shaxslar – tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani yoki identifikatsiyalovchi ID kartani;
- oxirgi ish joyi boʻyicha tasdiqlangan qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmani. Birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasi va koʻchirmani taqdim qilishmaydi. Oʻrindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasining oʻrniga asosiy ish joyidan olingan belgilangan namunadagi ma’lumotnomani taqdim etadi.
E’tibor bering! Yangi MK qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchalarini yuritishni bekor qilmaydi. Ish beruvchi (bundan jismoniy shaxslar boʻlgan ish beruvchilar mustasno) tashkilotda besh kundan ortiq ishlagan barcha xodimlar uchun mehnat daftarchalarini yuritishi shart
.
Elektron mehnat daftarchasi qogʻoz shaklidagisi bilan parallel ravishda yuritiladi.
Bunda mehnat faoliyatini 01.01.2020 yildan boshlab Yagona milliy mehnat tizimi (YaMMT) joriy etilgandan keyin boshlagan shaxslarda, odatda, qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasi boʻlmaydi, chunki mehnat organlari shu sanadan boshlab ularning blanklarini berishni toʻxtatgan.
Qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasi boʻlmagan xodimlarga faqat elektron mehnat daftarchasi shakllantiriladi, ular ish beruvchiga undan koʻchirmani taqdim etishadi.
Shuningdek, 2020 yildan keyin uni yoʻqotgan shaxslarda ham qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasi boʻlmasligi mumkin. Ular dublikat olishga ulgurmagan boʻlishlari mumkin, shuning uchun ularning mehnat faoliyati faqatgina YaMMTda aks etadi. Tegishincha, bunday xodimlarga xuddi birinchi marta ishga kirayotganlar singari faqat elektron mehnat daftarchasi yuritiladi.
- harbiy guvohnomani – harbiy xizmatga majburlar, harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani esa chaqiriluvchilar taqdim etadi;
- oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’lim tashkilotini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi diplomni, ishni bajarish uchun faqat tegishli ma’lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxslar qoʻyilishi mumkin boʻlganda - ushbu ishni bajarish huquqiga doir guvohnoma (sertifikat)ni yoxud boshqa tegishli hujjatni;
- JShShIR (agar mavjud boʻlsa). Oʻzbekiston fuqarolarining pasporti va ID kartalarda JShShIR koʻrsatilgan boʻladi. JShShIRni, masalan, Oʻzbekistonda ishlovchi chet el fuqarolari alohida taqdim qilishlari kerak. Ular uni davlat xizmatlari markazlari yoki IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi orqali olishadi;
- soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini (STIR)*;
- jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchasini, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno.
* Oʻylaymizki, kelgusida MKga tuzatishlar kiritilganda oxirgi ikki pozitsiya oʻzgaradi. Axir 2021 yil 1 iyuldan boshlab soliq organlarida soliq toʻlovchilar hisobi JShShIRdan foydalangan holda yuritiladi. STIR berish va fuqarolarni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga hisobga qoʻyish esa bekor qilindi. JShShIR barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni koʻrsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi
.
Qoʻshimcha paket
Zarurat boʻlganda xodim qoʻshimcha ravishda quyidagilarni taqdim qiladi:
- tibbiy koʻrik natijalari toʻgʻrisidagi hujjat (ma’lumotnoma, tibbiy xulosa). Bu MKning 360-moddasida koʻrsatilgan shaxslar toifalariga tegishli. Xususan, ish beruvchi ishga joylashtirishda quyidagilar uchun dastlabki tibbiy koʻrikni tashkil qilishi shart:
– voyaga yetmaganlar;
– umumiy belgilangan pensiya yoshiga yetgan shaxslar (erkaklar uchun – 60 yosh, ayollar uchun – 55 yosh);
– nogironligi boʻlgan shaxslar;
– noqulay mehnat sharoitlari, tungi ishlar, transport harakati bilan bogʻliq ishlarga;
– oziq-ovqat sanoati, savdo va aholiga bevosita xizmat koʻrsatadigan boshqa sohalarda ishlash;
– bolalarni oʻqitish yoki tarbiyalash bilan bevosita band boʻlgan umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari, maktabgacha ta’lim va boshqa tashkilotlarning pedagogik va boshqa xodimlari;
- agar xodim oʻn besh yoshdan oʻn olti yosh oraligʻida boʻlsa, ota-onadan birining (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi, agar xodim oʻn besh yoshdan kichik boʻlsa, har ikkala ota-onaning (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi
; - ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar va b. toʻgʻrisidagi diplom nusxalari –ilmiy, ilmiy-pedagogik, ijodiy xodimlar uchun;
- yashash guvohnomasi – chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun
; - agar bu qonunchilikda nazarda tutilgan boʻlsa, boshqa hujjatlar.
Qabul qilingan hujjatlarni saqlash
Taqdim etilgan hujjatlardan nusxa oling va ularni xodimning shaxsiy ish hujjatlari bilan birga saqlang. U yerda mehnat shartnomasi, ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruq va xodimga tegishli barcha keyingi buyruqlar va hujjatlarning nusxalarini saqlashingiz mumkin. Qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasining aslini qoldiring va qat’iy hisobotga oid hujjat sifatida tashkilotning kadrlar boʻlimida –– seyfda yoki yongʻinga chidamli shkafda saqlang.
Ma’lumot uchun:
2021 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalariga aholi va tadbirkorlik sub’yektlaridan ba’zi hujjatlarni talab qilish taqiqlangan. Xususan
:
– shaxsni tasdiqlovchi hujjat nusxalari;
– mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda soʻrash bundan mustasno).
Davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilishda ushbu hujjatlarni mas’ul tuzilmalardan, shu jumladan – «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali mustaqil ravishda soʻrab oladi.
Shu bilan birga, ushbu qoidalar yangi MKda oʻz aksini topmagan.