Aprel oyida har bir хodim uchun foydali boʻladi:
Prezident 28 mart kuni ish haqi, pensiya va nafaqalarni oshirish toʻgʻrisida qaror imzoladi. Hujjatga koʻra Oʻzbekistonda pensiya va ijtimoiy nafaqalar 1 apreldan, davlat хizmatchilarining ish haqi, MHTEKM va BHM esa – 2023 yil 1 maydan oshadi.
Xususan:
1. 2023 yil 1 apreldan boshlab pensiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi. Bunda quyidagilar belgilanadi:
- pensiya hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 347 000 soʻm;
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 677 000 soʻm;
- nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 747 000 soʻm;
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaхslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 747 000 soʻm;
- 1941−1945 yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaхslar va uning qatnashchilari, shuningdek fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaхslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 3 296 000 soʻm;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (677 000 soʻmdan) 747 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 747 000 soʻm;
- zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 535 000 soʻm;
- ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda – oyiga 535 000 soʻm;
- oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 soʻm;
- boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 198 000 soʻmdan qoʻshish bilan oyiga 535 000 soʻm;
- boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlash bilan oyiga 535 000 soʻm.
2. 2023 yil 1 maydan boshlab:
- byudjet tashkilotlarida ishlovchi хodimlarning ish haqi miqdori 7%ga oshadi;
- mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oyiga 980 000 soʻmni tashkil etadi;
- bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 000 soʻm.