Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Telefon orqali suhbatni rezyume tanlanganidan keyin birinchi suhbat sifatida koʻrish mumkin. HR-mutaxassis Irina ShAKIROVA yollashning ushbu bosqichini batafsil koʻrib chiqadi va xodimlikka nomzodlar bilan samarali muloqot strategiyalarini misollarda koʻrsatadi.
Noloyiq nomzodlarni saralash va eng yaxshilarini topish uchun telefon orqali suhbatni qanday toʻgʻri olib borish haqida bilib oling.
Telefon orqali suhbatni ikki turga boʻlish mumkin:
1 . Suhbatga taklif
Siz ish izlash saytida nomzodning rezyumesini koʻrib chiqdingiz va xodim izlanayotgan lavozimga talablar va rezyume ma’lumotlari koʻp hollarda mos kelishini koʻrdingiz. Sizni nomzodning ma’lumoti, tajribasi, nomzod bajargan funksional qoniqtiradi va siz uni suhbatga taklif qilishga qaror qildingiz. Suhbatga taklifda birinchi navbatda nomzodni boʻsh ish oʻrniga qiziqtirish va uning suhbatga kelishiga erishish zarur.
Bunday suhbatda eng avvalo nomzod hali ham ish takliflarini koʻrib chiqayotganligini aniqlashtirish hamda uning ish joyi va ish haqi boʻyicha kutayotganlarini bilish kerak. Agar bu ikki jihat nomzodga toʻgʻri kelsa, suhbatni davom ettirish, qoʻshimcha savollar berish mumkin:
- U ayni paytda ishlayaptimi? Nima uchun hozirgi ish beruvchisidan ketishni rejalashtirmoqda?
- U avvalgi ish joyida u yoki bu vazifalarni hal qilganmi?
Moliyaviy direktor boʻsh ish oʻrniga nomzod bilan telefon suhbati misollarini koʻrib chiqamiz.
Notoʻgʻri
HR-mutaxassis: Xayrli kun, bu Nigina Rustamovnami?
Nomzod: Ha, menman.
HR-mutaxassis: Siz hali ham ish takliflarini koʻrib chiqyapsizmi?
Nomzod: Ha, koʻrib chiqyapman…
HR-mutaxassis: Sizning rezyumeingiz juda tushunarsiz, bir qancha jihatlarni aniqlashtirish kerak.....
Nomzod: Sizga nima tushunarsiz?
HR-mutaxassis: Siz kreditlar bilan ishlaganmisiz?
Nomzod: Ha, ishlaganman…
HR-mutaxassis: Investorlar, ta’sischilar bilan ishlab koʻrganmisiz?
Nomzod: Qaysi ma’noda? Men hujjatlar bilan ishlayman... shu jumladan investorlar va ta’sischilar uchun ham…
HR-mutaxassis: Nyega ishingizni oʻzgartirishga qaror qildingiz?
Nomzod: Oxirgi ish joyimda 7 yil ishladim, yangi vazifalar, yangi muhitni xohlayapman…
HR-mutaxassis: Ishxonamiz Toshkent viloyatida joylashganini hisobga oling, qatnay olasizmi?
Nomzod: Agar bepul qatnashimni ta’minlay olsangiz, qatnayman...
HR-mutaxassis: Maoshimiz _____dan yuqori emas. Boshqa taklif qila olmaymiz.
Nomzod: Myenga ma’qul.
HR-mutaxassis: Unda ertaga soat 10:00 da sizni ofisimizda kutaman, manzilni telegram orqali yuboraman…
Nomzod: Ertaga faqat kunning ikkinchi yarmida vaqtim boʻladi.
HR-mutaxassis: U holda indinga soat 10: 00 da.
Nomzod: Yaxshi.
HR-mutaxassis: Sizni indinga kutaman!
Toʻgʻri
HR-mutaxassis: Xayrli kun, bu Nigina Rustamovnami?
Nomzod: Ha, menman
HR-mutaxassis: Myening ismim Gulnora, men «Global Treyd» kompaniyasining rekruteriman, sizning rezyumeingizni ish. uz saytida koʻrgan edim. Siz hali ham takliflarni koʻrib chiqyapsizmi?
Nomzod: Ha, koʻrib chiqyapman…
HR-mutaxassis: 5-10 daqiqa vaqtingiz bormi, bir nechta savollarim bor edi…
Nomzod: Ha, albatta.
HR-mutaxassis: Agar kompaniya sizga avtomashinada ishga borish va ishdan qaytishni ta’minlasa, Toshkent viloyatida ishlashga tayyormisiz? Bu bir tomonga 40 daqiqani tashkil qiladi.
Nomzod: Ha, tayyorman.
HR-mutaxassis: Siz _________ summadagi oʻzingiz istayotgan maoshni koʻrsatgansiz, biz _________taklif qilamiz, yana qoʻshimcha toʻlovlar va ijtimoiy paket ham mavjud.
Nomzod: Menga ma’qul.
HR-mutaxassis: Rezyumeingizda moliyaviy hisobotlarni MHXSga aylantirish tajribangiz borligini koʻrsatgansiz. Siz aksiyadorlar uchun hisobotlarni tayyorlaganmisiz va taqdim etganmisiz, ular bilan bevosita muloqotga kirishganmisiz?
Nomzod: Ha, bir necha bor... Rahbariyat talab qilgan turli hisobotlarni tayyorlashga toʻgʻri kelgan…
HR-mutaxassis: Sizda kreditlar bilan ishlash tajribasi bormi?
Nomzod: Ha, shaxsiy uchrashuvda bu haqda gapirib berishim mumkin…
HR-mutaxassis: Hozirgi ish joyingiz bilan bogʻliq savolim bor. Siz hali ham «Alanga» MChJda ishlayotganingiz koʻrsatilgan, bu toʻgʻrimi?
Nomzod: Ha.
HR-mutaxassis: Ish joyini oʻzgartirish istagi nima bilan bogʻliq?
Nomzod: Tizimli ishlashni xohlayman, bu yerda bunday imkoniyat yoʻq, rahbariyatni qonunchilik, moliyaviy optimallashtirish boʻyicha masalalarda ishontirish qiyin... Umuman olganda keng miqyosdagi ish va yuqori maoshni xohlayapman.
HR-mutaxassis: Sizni suhbatga taklif qilmoqchi edim, haftaning qaysi kuni sizga qulay?
Nomzod: Ertaga kunning ikkinchi yarmida borishim mumkin.
HR-mutaxassis: U holda ertaga soat 15: 00 da. Iltimos, diplom va sertifikatlarning asl nusxalarini oʻzingiz bilan olib kelsangiz.
Nomzod: Yaxshi.
HR-mutaxassis: Suhbatdan soʻng sizga telegram orqali geolokatsiya va kompaniyamiz haqidagi ma’lumot bilan havolani yuboraman. Iltimos, saytimizni oʻrganib chiqing. Suhbatda lavozimga qoʻyiladigan talablar haqida gaplashamiz. Agar sizga hammasi ma’qul kelsa, ertagayoq testlardan oʻtishingiz va ishchi topshiriqlarni bajarishingiz mumkin. Shuning uchun, iltimos, uchrashuv uchun kamida 2 soat ajratsangiz.
Nomzod: Yaxshi, ertaga soat 15: 00 da aytilgan joyda boʻlaman.
HR-mutaxassis: Rahmat. Omon boʻling, koʻrishguncha!
Uchrashuv vaqtini kelishayotganda nomzodga tanlash imkoniyatini taqdim qilgan afzal. Bu arzimasdek boʻlib tuyuladi, lekin nomzod buni ijobiy baholaydi va uning suhbatga kelish ehtimoli sezilarli darajada oshadi.
Uchrashuv haqida kelishib olganingizdan soʻng nomzodga suhbatga kelish manzilining batafsil tavsifini yuborish kerak. Mazkur xatga barcha aloqa manzillaringizni ilova qilish va nomzoddan, agar unda biron bir oʻzgarish boʻlsa va uchrashuvni kechiktirish yoki bekor qilish kerak boʻlsa, siz bilan bogʻlanishini soʻrashingiz kerak. Agar nomzod kelmasa va uchrashuvni bekor qilish haqida ogohlantirmasa, qayta qoʻngʻiroq qilishning ma’nosi yoʻq. Agar nomzod «kirishda» eng oddiy shartlashuvlarni bajarmasa, u haqiqatan ham ish beruvchi izlayotgan nomzod ekanligi dargumon.
Agar suhbat davomida nomzod sizga mos kelmasligini tushungan boʻlsangiz, suhbatni toʻgʻri tugatishingiz kerak. Buni qanday qilishga misollarni bu yerda qarang.
2. Intervyu-suhbat
Telefon orqali intervyu-suhbatning tuzilishi odatda suhbatga taklif bilan bir xil koʻrinishda, ammo shaxsiy suhbatdagi savollarga oʻxshash koʻrgazmali baholash savollari bilan toʻldiriladi.
Qoida tariqasida, koʻrgazmali baholash savollari quyidagi jihatlarga tegishli boʻlishi mumkin:
- bir ish beruvchidan boshqasiga oʻtish sabablari;
- nomzodning kasbiy tajribasi boʻyicha asosiy jihatlar;
- avvalgi ishdagi maxsus tayyorgarlik va amaliy vazifalar.
- ish shartlarini muhokama qilish (grafik, xizmat safarlari va h.k.).
Batafsil telefon suhbatlari faqat oʻta zarur hollarda oʻtkazilishi kerak, nomzodni shaxsiy uchrashuvga taklif qilish afzalroq. Koʻpincha telefon yoki skayp-intervyu boshqa shaharlik nomzodlar bilan muloqot qilish uchun ishlatiladi. Bunday suhbat yuzma-yuz suhbatdan ham koʻproq vaqt olishi mumkin. Nomzod ijobiy taassurot uygʻotishni xohlaydi va koʻpincha, oʻzining professional tajribasi haqida batafsil gapirib bera turib, tashabbusni oʻz qoʻliga oladi. Shunga qaramay, hech qanday texnik yutuqlar shaxsiy muloqot oʻrnini bosa olmaydi. Koʻpgina baholash vositalarini faqat «jonli» muloqotda qoʻllash mumkin. Masofadan turib nomzodning reaksiyasini baholash, xulq-atvor xususiyatlarini kuzatish qiyin.
Telefon orqali suhbatda nimani aniqlashimiz mumkin
Nomzod bilan telefon orqali muloqot qilish jarayonining ijobiy tomonlari darhol seziladi: nomzodning qiziqishi, savollaringizga javob berishga tayyorligi, suhbatga kelishga tayyorligi.
Quyidagilar munozarali jihatlar boʻlishi mumkin: nomzodning shubhalari, uning xavotiri, masalan, nomzod ijtimoiy paket, ish haqini oshirish, martaba koʻtarilishi haqida bir necha bor soʻraydi, shu bilan birga oʻzining lavozim majburiyatlari, mas’uliyat sohasi, ishchi topshiriqlarini aniqlashtirmaydi. Ishchi mutaxassisliklar uchun bu normal holat, ammo bu boshqa toifalar – mutaxassislar, liniya rahbarlari boʻlsa, bu hushyor torttirishi kerak. Demak, nomzodga qayerda ishlashi ahamiyatsiz, maosh toʻlab, lavozimini oshirishsa boʻlgani.
Yoki beodob ohang, e’tirozga oʻrin qoldirmaydigan bayonot, tajovuzkor munosabat – bularning barchasini ziddiyatli xatti-harakat sifatida baholash kerak.
Telefon suhbatiga qanday tayyorgarlik koʻrish kerak
Sizga rezyume boʻyicha qayd etilgan belgilaringiz va savollaringiz, suhbatdan soʻng sharhlaringiz va taassurotlaringizni darhol yozib qoʻyish uchun esa nomzodlar uchun qoʻngʻiroqlar blanki kerak boʻladi.
Agar siz bir nechta nomzodlarga qoʻngʻiroq qilishga qaror qilgan boʻlsangiz, blankka asosiy savollarni kiritishingiz mumkin:
|
Nomzodning F. I. Sh. |
Rezyumeni baholash |
Telefon suhbati davomida siz bermoqchi boʻlgan savollar |
Qoʻngʻiroqdan keyingi sharhlar, taasurotlar |
|
|
M (talablarga mos keladi) |
|
|
|
|
Q (qisman mos keladi) |
|
|
|
|
|
|
|
Telefon qoʻngʻirogʻi algoritmi
- Salomlashing, oʻzingizni tanishtiring (albatta ismingizni, lavozimingizni va kompaniyangizni ayting).
- Hozir gaplashish qulay-qulaymasligini aniqlashtiring.
- Uning rezyumesini olgan manbalarni keltiring.
- Rezyume tahlili natijalariga koʻra tushuntirishni talab qiladigan savollarni bering.
- Siz uchun muhim boʻlgan 2-3 jihatni tekshiring (professionallik, motivatsiya, xizmat safarlariga tayyorlik, yashash joyining uzoqligi).
- Ish koʻnikmalari, shu jumladan vakansiyada talab qilinadigan oʻziga xos koʻnikmalar haqida soʻrang.
- Nomzod nima uchun yangi ish qidirayotganini soʻrang.
- Nomzodning nutqini baholang. Agar u mijozlar bilan ishlaydigan boʻlsa, bu ayniqsa muhim.
- Agar suhbat davomida siz nomzodni kasbiy bilimlarni tekshirish va suhbatga taklif qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan boʻlsangiz, unga bu haqda xabar bering. Sana va vaqtni belgilang. Uchrashuvga qanday tayyorgarlik koʻrish kerakligi haqida tavsiyalar bering (oʻzi bilan nimalar olishi zarur, qanday ma’lumotlar bilan tanishish kerak va h.k.).
- Agar suhbat davomida sizda nomzodni rad etish toʻgʻrisida qaror shakllangan boʻlsa, vakansiya talablarini roʻkach qilib, buni muloyimlik bilan bajaring: «Bizning kompaniyamizga e’tiboringiz uchun tashakkur, afsuski, vakansiya talablari va sizning ma’lumotlaringiz toʻliq mos kelmaydi, shuning uchun biz sizga ish taklif qila olmaymiz».
- Agar suhbat davomida sizda yakuniy qaror shakllanmagan boʻlsa, nomzodni keyingi harakatlar tartibi haqida ogohlantiring – u nima kutishi kerak va qachon.
- Yuzma-yuz suhbatda taassurotlaringizni tekshirish uchun taklif qilingan nomzodlar haqida rezyume yoki blankda eslatmalar kiling.
- Nomzod rad etilgan taqdirda rezyume va blankda rad etish sabablarini koʻrsatgan holda eslatma yozib qoʻying.
Yaxshi muomala qoidalari haqida unutmang:
- ishchi qoʻngʻiroqlar vaqti 9.00–10.00 dan 18.00-20.00 gacha, undan kech emas;
- dam olish kunlari va bayramlarda qoʻngʻiroq qilish taqiqlanadi;
- agar suhbat uzilib qolsa, birinchi qoʻngʻiroq qilgan qayta qoʻngʻiroq qiladi;
- birinchi boʻlib qoʻngʻiroq qilgan birinchi boʻlib xayrlashadi.
Norma kasbiy rivojlanish markazining «Xodimlarni qidirish va saralash” masofaviy kursi sizga xodimlarni malakali tanlashni oʻrganishga yordam beradi.
Dolzarb mavzularni tanlang va ularni oʻzingizga qulay vaqtda oʻrganing!