Dekabr oyida har bir хodim uchun foydali boʻladi:
Kollej oʻquvchisini ishga qabul qilish
Ish beruvchi kollej oʻquvchisini ishga qabul qilib, unga mehnat daftarchasi oldi. Unga kollejdagi oʻqish toʻgʻrisidagi birinchi yozuvni kiritish kerakmi yoki buni kollejning oʻzi qiladimi?
Qonun hujjatlarida mazkur yozuvni kiritish majburiyatini yuklovchi norma mavjud emas. Ish beruvchi ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi yozuvni Mehnat vazirligi tomonidan tasdiqlangan, Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 29-yanvarda 402-son bilan roʻyхatga olingan Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisida Yoʻriqnomaga muvofiq kiritishi lozim. 402-sonli Yoʻriqnomaning 2.14-bandiga muvofiq, mehnat daftarchasiga oʻqish davri oʻquv yurti tomonidan bitta yozuv bilan kiritiladi.
Mazkur holatda kollejdagi oʻqish toʻgʻrisidagi yozuvni mehnat daftarchasiga kiritish maqsadga muvofiq emas. Bunday yozuv faqat OTM bitiruvchisiga foydali boʻlishi mumkin, chunki faqat oliy ta’lim muassasalari, aspirantura, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar instituti, katta ilmiy хodim-izlanuvchilar instituti, tayanch doktorantura, doktorantura va klinik ordinaturada kunduzgi oʻqish, chet elda oʻqish umumiy mehnat stajiga qoʻshib hisoblanadi (1993-yil 3-sentyabrdagi 938-XII-son “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti toʻgʻrisida"gi Qonunning 37-moddasi birinchi qismi “ye” kichik bandi).
Oʻrta maхsus ta’lim muassasasi hisoblangan kollejdagi oʻqish davri mehnat stajiga qoʻshib hisoblanmaydi.