Vafot etgan xodimning mehnat daftarchasiga yozuv kiritish

preview

Korxona xodimi toʻsatdan vafot etdi. Bu vaziyatda uning mehnat daftarchasi 2-ustunida qaysi sana koʻrsatiladi? Vafot etgan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruq qaysi sana bilan rasmiylashtiriladi? Ish beruvchi mehnat daftarchasiga zarur yozuvlarni kiritib boʻlgach, uni kimga berishi kerak?

 

Mehnat kodeksining 106-moddasi 5-bandiga binoan xodimning vafot etishi mehnat shartnomasini bekor qilishning taraflar ixtiyoriga bogʻliq boʻlmagan holati hisoblanadi. FHDYo organlari tomonidan beriladigan oʻlim haqidagi guvohnoma xodimning oʻlimini tasdiqlovchi asos hisoblanadi. Koʻrsatilgan hujjat boʻlmaganda ish beruvchi mehnat munosabatlarini tugatishni rasmiylashtirishga haqli emas.

Mehnat kodeksida xodim vafot etgan taqdirda mehnat munosabatlarini qaysi sanadan boshlab bekor qilish belgilanmagan. Mazkur holatda mehnat shartnomasini bekor qilish kuni oxirgi ish kuni ekanligini belgilovchi MKning 107-moddasi ikkinchi qismini qoʻllash mumkin emas.

Oʻlim haqidagi guvohnoma vafot etgan shaxsning qarindoshlari tomonidan taqdim etiladi va unga asosan ish beruvchi guvohnoma berilgan kunda mehnat munosabatlarini tugatish toʻgʻrisida buyruq (farmoyish) chiqaradi. Mazkur holatda mehnat munosabatlarini tugatish sanasiga oʻlim haqidagi guvohnomada koʻrsatilgan sana koʻrsatiladi. U, shuningdek, buyruqda ham, vafot etgan xodim mehnat daftarchasining 2-ustunida ham koʻrsatiladi. “Ishi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar” boʻlimida tartib raqami va sana koʻrsatilgandan soʻng 3-ustunda “Mehnat munosabatlari tugatildi” yozuvi kiritiladi, 4-ustunda esa buyruq sanasi va raqami koʻrsatiladi. Bu yozuv belgilangan tartibda tasdiqlanadi.

Mehnat daftarchasi vafot etgan shaxsning eng yaqin qarindoshlariga tilxat asosida beriladi yoki ularning talabiga koʻra pochta orqali joʻnatiladi (AV tomonidan 1998 yil 29 yanvarda 402-son bilan roʻyxatga olingan Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisida Yoʻriqnomaning 3.4-bandi).

Qarindoshning shaxsi va vafot etgan shaxs bilan qarindoshlik aloqalari mavjudligi hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak. Misol uchun, er-xotin uchun bunday hujjat nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma boʻladi, ota-ona va bolalar, aka-uka va opa-singillar uchun pasport yoki tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, boshqa shunga oʻxshash hujjatlar yoki ularning lozim darajada tasdiqlangan nusxalari boʻlishi mumkin.

 

 

 

 

 

Vafot etgan xodimlar bilan mehnat shartnomalariga oid ma’lumotlar bazasi Vafot etgan xodimlar bilan mehnat shartnomalariga oid ma’lumotlar bazasi Vafot etgan xodimlar bilan mehnat shartnomalariga oid ma’lumotlar bazasi /oz/publish/doc/text176327_korhona_bulimlaridan_birining_hodimi_tusatdan_vafo