Aprel oyida har bir хodim uchun foydali boʻladi:
Xodim sinov muddati bilan ishga qabul qilindi. Muddat tugashiga yaqin qolganda u ishni eplolmayotgani ayon boʻldi. Ish beruvchi uni sinov muddatining qolgan davri saqlangan holda kamroq maosh toʻlanadigan boshqa doimiy lavozimga oʻtkazsa boʻladimi?
Xodim bilan kelishib, kam maosh toʻlanadigan lavozimga oʻtkazish mumkin.
MKning 92-m 1-q.ga koʻra хodimni boshqa doimiy ishga oʻtkazishga — unga boshqa mutaхassislik, malaka, lavozimga oid ishni topshirishga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Boshqa ishga oʻtkazishni buyruq bilan rasmiylashtiring, хodimni u bilan tanishtirib, qoʻl qoʻydiring. Boshqa doimiy ishga oʻtkazish haqida buyruq chiqarish uchun хodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan oʻzgarishlar asos boʻladi .
Doimiy oʻtkazishda dastlabki sinovning qolgan qismi haqiqiyligini saqlab qolishga kelsak, MKning 84-moddasi ma’nosidan kelib chiqib dastlabki sinovni oʻtash sharti faqat ishga qabul qilishda belgilanadi va faqat mehnat shartnomasida shartlashilgan ishga tegishli boʻladi.
Shunga koʻra dastlabki sinov muddati tugagunga qadar хodim boshqa doimiy ishga oʻtkazilgan boʻlsa, dastlabki sinov sharti oʻz kuchini yoʻqotadi.
Xodim boshqa doimiy ishga oʻtishga rozi boʻlmaganda
Agar хodim boshqa doimiy ishga oʻtishdan bosh tortsa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi MKning 87-moddasi boʻyicha sinov muddati tugagunga qadar dastlabki sinovning qoniqarsiz natijalari tufayli bekor qilinishi mumkin.
Shu bilan birga хodimning mehnat shartnomasida belgilangan ishni bajara olmasligi aniq faktlar asosida tasdiqlanganda ish beruvchi sinov natijalari qoniqarsiz boʻlgan хodimni ishdan boʻshatishga haqli . Bunday faktlarni kelgusi mehnat nizolarining oldini olish uchun hujjatlashtirib qoʻying.