Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Tashkilotda boʻlim boshligʻi vakant ish joyi paydo boʻldi. Rahbar bu lavozimga tashkilot xodimini tayinlamoqchi, ammo avval uni boʻlim boshligʻi vazifasini bajaruvchisi qilmoqchi. Buni qanday rasmiylashtirish kerakligini “Norma” mutaxassisi, huquqshunos Lenara Hikmatova tushuntirdi:
– “Mehnat qonunchiligida “vazifasini bajaruvchi” (v.b) yoki “vaqtincha vazifasini bajaruvchi” (v.v.b) degan tushunchalar mavjud emas. Bu norasmiy atama boʻlib, odatda kadrlar boʻyicha mutaxassislar xodimning asosiy ishi bilan birga qoʻshimcha mehnat vazifalarini bajarishini yoki asosiy lavozimidan “ozod etilib”, boshqa lavozim ishini bajarishini nazarda tutishadi.
Agar tashkilotda boʻlim boshligʻi vakansiyasi boʻlsa va rahbar uni chetdan yangi xodim jalb qilmay “toʻldirmoqchi” boʻlsa, buni bir nechta usul bilan amalga oshirish mumkin.
1.Tashkilotning boshqa xodimini vaqtincha vakant lavozimga oʻtkazish.
Umumiy qoidaga koʻra, boshqa ishga vaqtinchalik oʻtkazishga faqat xodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi
. Boshqa ishga oʻtkazish muddati tugagach, ish beruvchi xodimga uning avvalgi ishini berishi yoki doimiy oʻtkazishni rasmiylashtirib, yangi lavozimda qoldirishi kerak
.
Vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish xodimning yozma arizasi asosida chiqarilgan buyruq bilan rasmiylashtiriladi
. Mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuv tuzilmaydi
. Vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishning barcha jihatlari (oʻtkazish muddati, toʻlov, ish tartibi, majburiyatlari va b.) buyruqda koʻrsatiladi.
Xodimning roziligisiz vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishga faqat ishlab chiqarish zaruriyati yoki ishning bekor turib qolinishi munosabati bilan yoʻl qoʻyiladi. Boshqa ishga oʻtkazish muddatining chegarasi, mehnatga toʻlanadigan haqning aniq miqdori, eng muhimi, ishlab chiqarish zaruriyati deb hisoblanadigan holatlar jamoa shartnomasida belgilanadi. Agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib aniqlanadi
.
2. Ishlayotgan xodimlardan biriga uning roziligi bilan oʻrindoshlikni rasmiylashtirish
Bu vaziyatda qoʻshimcha ish asosiy ish uchun belgilangan ish vaqti davomida bajariladi
.
Masalan, xodim oʻzining asosiy ish vaqti davomida 9.00 dan 18.00 gacha boʻlim menejeri lavozimini xuddi shu boʻlimning boshligʻi lavozimi bilan birga qoʻshib olib boradi. Ya’ni, bir vaqtning oʻzida ikki lavozim majburiyatlarini bajaradi.
Oʻrindoshlikni rasmiylashtirish uchun xodim bilan mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuv tuzing. Unda oʻrindoshlik ishining aniq majburiyatlarini, qoʻshimcha ishni bajarish muddati, unga toʻlanadigan qoʻshimcha haq miqdorini koʻrsatib oʻting.
Qoʻshimcha mehnat haqi tomonlarning kelishuviga koʻra aniqlanadi yoki jamoa shartnomasida yoki tashkilotning boshqa lokal hujjatida koʻrsatilgan boʻladi
.
Byudjet tashkilotlarida oʻrindoshlik uchun qoʻshimcha haq toʻlash:
- bir necha kasb va lavozimda ishlanayotgan lavozim boʻyicha maoshning (tarif stavkasining) 50 foizidan ortiq boʻlishi mumkin emas;
- mehnatga haq toʻlash fondida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida toʻlanadi.
Kelishuv asosida vakant lavozimda oʻrindoshlik asosida vaqtincha vazifalarni bajarishi haqida buyruq chiqaring va xodimni imzo qoʻydirib, buyruq bilan tanishtiring.
3. Tashkilot xodimlaridan biriga uning roziligi bilan ichki oʻrindoshlikni rasmiylashtirish.
Ichki oʻrindoshlik asosiy ishidan boʻsh vaqtda xuddi shu tashkilotda boshqa mehnat shartnomasi asosida boshqa ishni bajarishni nazarda tutadi. Ya’ni, ichki oʻrindoshlik uchun alohida mehnat shartnomasi tuziladi.
Masalan, 9.00 dan 18.00 gacha xodim sotuv boʻlimi menejeri vazifasini, 18.00 dan 20.00 gacha esa xuddi shu boʻlimning boʻlim boshligʻi vazifasini bajaradi.
Ichki oʻrindoshlik qoʻshimcha ish asosiy ish bilan bir xil vaqtda bajariladigan oʻrindoshlik asosidagi ishdan shunisi bilan farq qiladi.
Yana ichki oʻrindoshlikda alohida mehnat shartnomasi, oʻrindoshlik asosidagi ishda esa mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuv tuziladi.
Ichki oʻrindoshning mehnatiga mehnat shartnomasiga koʻra haq toʻlang:
- mehnatga haq toʻlashning vaqtbay shaklida –ishlangan vaqtga mutanosib ravishda;
- mehnatga haq toʻlashning ishbay shaklida – haqiqatda bajarilgan ish uchun
.
Umumlashtiramiz:
Oʻrindoshlik va bir necha kasb va lavozimda ishlashda xodim ikkita lavozim majburiyatlarini bajaradi:
- bir necha kasb va lavozimda - ish vaqti davomida asosiy lavozim boʻyicha;
- oʻrindoshlikda - asosiy ishidan boʻsh vaqtida.
Vaqtinchalik ishga oʻtkazilayotganda esa u faqat bitta vakant lavozim majburiyatlarini bajaradi.
Har bir alohida holatda sizga qaysi usul mos kelishini ishlab chiqarish manfaatlari va xodimning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tanlashingiz mumkin.