Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Xodim 4 oy davomida fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha buxgalter vazifasini bajarmoqda. Shtat jadvalida buxgalter lavozimi bor, biroq direktor uni «shtatga» rasmiylashtirmoqchi emas. Bu huquqbuzarlik deb hisoblanmaydimi?
Ushbu savolga «Norma» eksperti, yurist Lenara XIKMATOVA javob berdi:
– «Mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha munosabatlar turli normativ hujjatlar bilan tartibga solinishi bois bir-biridan prinsipial farq qiladi.
Fuqarolik-huquqiy shartnoma (FHSh) – mehnatga oid huquqiy munosabatlarning yuzaga kelishi, oʻzgarishi va bekor qilinishi tartibini belgilovchi shaxslar oʻrtasidagi individual kelishuv. Ushbu sohadagi majburiyatlar Fuqarolik kodeksi va boshqa NHH bilan tartibga solinadi.
Mehnat shartnomasidan farqli ravishda, FHSh boʻyicha muayyan muddatlarda individual-konkret vazifa (topshiriq, buyurtma va h.k.) bajariladi. Uning predmeti – mehnat shartnomasida boʻlgani kabi mehnat jarayoni emas, balki pirovard mehnat natijasi (masalan, tayyorlangan buxgalteriya hisoboti, qurilgan yoki ta’mirlangan bino, yetkazib berilgan yuk, saytning web-dizayni, ishlab chiqilgan dasturiy mahsulot va h.k.).
Mehnat shartnomasi xodim bilan ish beruvchi oʻrtasida muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim boʻyicha ishni ichki mehnat tartibiga boʻysungan holda taraflar kelishuvi, shuningdek mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan shartlar asosida haq evaziga bajarish haqidagi kelishuvdir
. Xodim va ish beruvchi mehnat shartnomasining taraflari boʻlib hisoblanadilar. Ular oʻrtasidagi munosabatlar, avvalo, Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.
Mehnat shartnomasi boʻyicha qabul qilingan xodim tashkilot shtatida qayd etiladi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va korxonada belgilangan mehnat shartlari unga toʻliq tatbiq etiladi. Bunday xodim ichki mehnat tartibi qoidalariga (IMTQ), ish rejimiga, ish beruvchining amaliy koʻrsatmalariga boʻysunishga majbur.
Qonun hujjatlari bilan mehnat shartnomasi boʻyicha ishlovchi xodimga bir qator kafolatlar taqdim etiladi. Quyidagilar ular sirasiga kiradi:
- mehnatga har yarim oyda kamida 1 marta haq toʻlash
; - korxonaning lokal hujjatlari bilan belgilangan mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar, ragʻbatlantirish tarzidagi toʻlovlar
; - dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi saqlangan holda beriladigan mehnat ta’tillari
; - ijtimoiy ta’tillar, shu jumladan – homiladorlik va tugʻish, bolani parvarishlash ta’tillari
; - vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini toʻlash
; - mehnat shartnomasi alohida asoslarga koʻra bekor qilinganda moddiy madad berish uchun qoʻshimcha kafolatlar
; - qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ish beruvchidan mehnat shartlarini oʻzgartirishni talab qilish huquqi
hamda boshqa huquq va kafolatlar.
Fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha shaxsga quyidagi huquqlar berilgan:
- haq olish (ish oʻz vaqtida va lozim darajada sifatli bajarilgan boʻlsa);
- ish yoki xizmat koʻrsatish joyiga erkin kirish;
- oʻz vaqtini erkin tasarruf etish (odatda, taraflardan birontasi boshqasini muayyan tartibga rioya etishga majburlashga haqli emas. Asosiysi, ish shartnomada belgilangan muddatda bajarilishi kerak).
FHSh boʻyicha bir taraf boshqa tarafga boʻysunmay, ishni bajaradi. Bunda shaxs korxona shtatida boʻlmaydi va jamoa a’zosi hisoblanmaydi.
FHSh boʻyicha ishlovchiga, mehnat shartnomasi boʻyicha ishlovchidan farqli ravishda, intizomiy jazo choralarini qoʻllab boʻlmaydi.
FHSh boʻyicha ishga yollaganda mehnat daftarchasi yuritilmaydi.
Mehnat haqining miqdori kelishuvga koʻra belgilanadi. U qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan ham oz boʻlishi mumkin
. Odatda, ish yakunlangach – uning pirovard natijasi uchun haq toʻlanadi.
Fuqarolik-huquqiy shartnomani, mehnat shartnomasidan farqli ravishda, dastlabki sinov sharti bilan tuzib boʻlmaydi. U boʻyicha ishlovchi shaxslarga ta’tillar, shu jumladan ijtimoiy ta’tillar berilmaydi.
Mehnat shartnomasining fuqarolik-huquqiy shartnomadan asosiy farqlari:
|
Majburiy shartlar |
Mehnat shartnomasi |
Fuqarolik-huquqiy shartnoma |
|
Shtat birligini band qilish |
Ha |
Yoʻq |
|
Dam olish kunlari va ta’tillarni berish |
Ha |
Yoʻq |
|
Mehnatga haq toʻlash davriyligi |
Har oyda kamida ikki marta |
Kelishuvga binoan |
|
Ish vaqti davomida ish joyida hozir boʻlish |
Ha |
Yoʻq |
|
Ichki mehnat tartibi qoidalariga boʻysunish, mehnat intizomiga rioya etish |
Ha |
Yoʻq |
|
Mehnat daftarchasini yuritish |
Ha |
Yoʻq |
|
Mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan belgilangan kafolatlar |
Ha |
Yoʻq |
|
Mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan xodim uchun belgilangan boshqa qoidalarga rioya etish |
Ha |
Yoʻq |
Ish beruvchi uchun oqibatlar
Koʻrib chiqilayotgan holatda shaxs amalda uzoq vaqt mobaynida odatda shtatdagi xodim zimmasiga yuklatiladigan vazifalarni bajargan. Boʻsh ish oʻrni mavjud boʻlganda tekshiruvchi organlar buni mehnat munosabatlari sifatida baholashlari mumkin. Ish beruvchining mansabdor shaxsi MJTKning 49-m. boʻyicha ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Qanday tuzatiladi
Xodim amalda shtatdagi xodimning vazifalarini bajarayotgan boʻlsa, u bilan mehnat shartnomasini tuzing».