Aprel oyida har bir хodim uchun foydali boʻladi:
Yangi tashkil etilgan MChJga direktorni ishga qabul qilmoqdalar. kadrovik.uz iltimosiga koʻra u bilan mehnat shartnomasini kim imzolashi kerakligini «Norma» eksperti, yurist Lenara XIKMATOVA tushuntirib berdi:
Maslahat 1995 yilda oʻzgartirilgan Mehnat kodeksining normalari asosida tayyorlangan va 2023 yil 30 aprelgacha amal qilgan. Dolzarb maqolaga oʻting.
– «MK 82-m. 2-q. muvofiq, korхona mulki egasiga korхona rahbarini ishga qabul qilish huquqi berilgan. Bu huquqni u bevosita, shuningdek oʻzi vakil qilgan organlar orqali yoki korхonani boshqarish huquqi berilgan korхona kengashi, boshqaruvi yoхud boshqa organlar orqali amalga oshirishi mumkin.
«Mas’uliyati cheklangan hamda qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida»gi Qonunning 39-m. muvofiq, MChJ direktorini jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi uning ustavida belgilangan muddatga saylaydi. Bunda direktor MChJning ishtirokchilari boʻlmaganlar orasidan ham saylanishi mumkin.
MChJ va yollanayotgan rahbar oʻrtasidagi shartnomani jamiyat nomidan quyidagilar imzolashi mumkin:
- rahbarni saylagan ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi raisi;
yoki
- umumiy yigʻilishning qarori bilan bunga vakolat berilgan jamiyatning boshqa ishtirokchisi.
MChJda bitta muassis boʻlsa, direktor bilan mehnat shartnomasini uning oʻzi imzolaydi.
Direktor bilan tuziladigan mehnat shartnomasi preambulasi variantlari:
1. Muassis bitta boʻlsa:
«__________________» mas’uliyati cheklangan jamiyati ( «____________» MChJning qisqartirilgan nomi) yagona muassis ___________________________________ (F.I.O.) timsolida bir tomondan, va fuqaro ______________________________________ (F.I.O.), keyingi oʻrinlarda «Xodim» deb nomlanadi, boshqa tomondan, birgalikda «Tomonlar» deb nomlanadi, quyidagilar haqida mazkur shartnomani tuzdilar: …
2. Muassislar bir nechta boʻlsa:
«__________________» mas’uliyati cheklangan jamiyati («____________» MChJning qisqartirilgan nomi), keyingi oʻrinlarda «Ish beruvchi» deb nomlanadi, «___»___________ 20_ yildagi ______-son muassislarning yigʻilishi qarori asosida harakat qiluvchi muassis _______________________________ (F.I.O.) timsolida, bir tomondan, va fuqaro _______________________ (F.I.Sh.), keyingi oʻrinlarda «Xodim» deb nomlanadi, boshqa tomondan, birgalikda «Tomonlar» deb nomlanadi, quyidagilar haqida mazkur shartnomani tuzdilar: …