Oktyabr oyida har bir xodim uchun foydali boʻladi:
Ishi deyarli toʻliq kompyuter qarshisida oʻtadigan tashkilot dasturchisiga 8 soatlik ish kuni belgilangan. Mehnatni muhofaza qilish boʻlimi uning ish vaqtini qisqartirish va ish joyini qayta jihozlashni talab qilmoqda. Kompyuter va orgtexnikada ishlash tartibi va chegarasini tartibga soluvchi aniq qoidalar bormi?
Savolga "Norma" eksperti, huquqshunos Lenara HIKMATOVA javob berdi:

- Oʻzbekistonda shaxsiy kompyuterlar, videodispleyli terminallar va orgtexnika bilan ishlashda sanitariya qoidalari va me’yorlari qoʻllaniladi – 0224-07-sonli SanQvaM. Ular shaxsiy kompyuterlar (ShK), videodispleyli terminallar (VDT) va orgtexnika (OT)da ishlaydiganlarning sogʻligʻini himoya qilish uchun oʻrnatiladi va ushbu qoidalarga alohida shaxslar, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, barcha muassasalar rioya qilishi majburiydir.
0224-07-sonli SanQvaMga koʻra tartibga solingan tanaffuslarsiz kompyuter texnikasida doimiy ishlash davomiyligi 2 soatdan oshmasligi kerak. Kompyuter texnikasida ish vaqtining umumiy davomiyligi 4 soatdan oshmasligi lozim.
Tanaffuslar ish boshlanganidan 2 soat oʻtgach 15 daqiqa, tushlikdan keyin esa har bir ish soatidan keyin oʻrnatilishi kerak.
Tungi smenada ishlayotganda tartibga solingan tanaffuslarning umumiy davomiyligi 60 daqiqaga koʻpayadi.
Ish joyini qanday jihozlash kerak
Videomonitor ekrani (displey) ishlayotgan odamning koʻzlari uchun maqbul masofada boʻlishi, ammo 50 sm dan yaqin boʻlmasligi kerak (optimal masofa 60-70 sm).
Qoʻshni ish joylarida ishlayotganlarni himoya qilish uchun kompyuter texnikasi qoʻyilgan ish stollarini shunday joylashtiringki, bitta displeyning orqa yuzasi va boshqasining ekrani orasidagi masofa kamida 2 m, qoʻshni ish joylarining displey korpusining yon yuzalari orasidagi masofa esa kamida 1,2 m boʻlsin.
Ish stollari orasiga maxsus himoya ekranlarini oʻrnatish tavsiya etiladi. Kompyuter, videodispleyli terminallar va orgtexnikasi boʻlgan xonalar oʻt oʻchirish va xavfsizlik uskunalari bilan ta’minlangan va jihozlangan boʻlishi kerak.
Bundan tashqari, shuni bilingki, kompyuterlar va ularning ish joylarini podval va tabiiy yorugʻliksiz xonada joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Sanoat zarurati boʻlgan hollarda tabiiy yorugʻliksiz ish faqat Davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin.
Kompyuter, videodispleyli terminallar va orgtexnika bilan ishlashda xavfsiz ish sharoitlarini ta’minlash hamda SanQvaM talablarini bajarish uchun tashkilot ma’muriyati javob beradi. Talablarni bajarmaganlik uchun jarimalar nazarda tutilgan
.