Mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzgan xodimni ishdan boʻshatish tartibi

preview

Tavsiyada:

– mehnat shartnomasini bekor qilish shartlari;
– mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish.

 

Xodim intizomiy jazo qoʻllangan muddat mobaynida uzrli sabablarsiz mehnat vazifalarini takroran buzgan taqdirda (mehnat intizomiga rioya qilmaganda, oʻz vazifalarini toʻliq bajarmaganda, ish muddatlarini buzganda va boshqalar), uni mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi uchun ishdan boʻshatishingiz mumkin .

Mehnat kodeksining 181-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo chorasi xodimni ishdan boʻshatish uchun asos hisoblanadi. Shu boisdan ushbu chorani qoʻllashning umumiy tartibi xodimni mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzganligi uchun ishdan boʻshatish holatida qanday boʻlsa, shunday belgilanadi .  

Mehnat shartnomasini bekor qilish shartlari

Xodimni mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi uchun ishdan boʻshatish  qonuniy va asoslangan boʻlishi uchun bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlar mavjudligi hisobga olinadi :

  • xodim uzrli sabablarsiz mehnat vazifalarini bajarmaganligi;
  • bu vazifalar haqiqatdan ham xodim zimmasiga yuklatilganligi va mehnat shartnomasi, lavozim yoʻriqnomasi va boshqa hujjatlarda belgilanganligi;
  • xodim intizomiy ta’sir chorasi qoʻllanilgan davrda (oxirgi yilda unga belgilangan jazo chorasi olib tashlanmaganligi yoki jarima tarzidagi soʻndirilmagan intizomiy jazo yoxud hayfsan berilganda) mehnat vazifalarini takroran buzganligi.

Mehnat kodeksining 183-moddasiga muvofiq intizomiy jazoning amal qilish muddati jazo qoʻllanilgan kundan boshlab 1 yildan oshib ketishi mumkin emas. Ya’ni, faqat eng koʻp muddat belgilangan, xolos. Shu boisdan ish beruvchi sodir etilgan nojoʻya xatti-harakatning holatidan kelib chiqqan holda intizomiy jazo chorasini yanada qisqaroq muddatga, masalan, 6 yoki 9 oyga belgilashi mumkin va h.k.

Intizomiy jazo qoʻllashning muayyan tartibi amal qilish muddatini hisobga olgan holda ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilanadi.

E’tibor bering
Xodimga intizomiy jazo belgilanishini amaldagi qonun hujjatlari qoidalari boʻyicha, jumladan buyruq chiqarib rasmiylashtirish lozim . Mehnat kodeksining 181-moddasida nazarda tutilmagan ogʻzaki hayfsan berish yoki boshqa ta’sir choralari hisobga olinmaydi.

Mehnat vazifalari muntazam ravishda buzilgan deb hisoblanishi uchun xodim tomonidan mehnat vazifalari kamida ikki marta buzilgan boʻlishi kerak. Darvoqe, takroriy nojoʻya xatti-harakat avvalgi shunday xatti-harakat uchun qoʻllanilgan intizomiy ta’sir choralarining amal qilish muddati tugamasdan sodir etilgan boʻlishi lozim.

Vaziyat
Xodimga dastlabki nojoʻya xatti-harakati uchun ogʻzaki ogohlantirish berilgan, ikkinchi martasida esa ishdan boʻshatilgan

Xodim uzrli sabablarsiz ishga kelmagan, buning uchun intizomiy jazo qoʻllanilmasdan ogʻzaki ogohlantirish berilgan. Bir oy oʻtgach xodim ishga 3 soat kechikkan va mehnat intizomini yana buzgan. Ish beruvchi Mehnat kodeksining 100-modda 2-qism 3-bandiga koʻra mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilgan.

Ish beruvchi haqmi?

 – Ish beruvchining harakatlari noqonuniydir. Sababi xodim birinchi marta sodir etgan nojoʻya xatti-harakati uchun intizomiy javobgarlikka tortilmagan, unga nisbatan intizomiy jazo qoʻllanilmagan hisoblanadi. Demak, uning mehnat vazifalarini takroran buzish holati muntazam ravishda mehnat vazifalarini buzish deb e’tirof etilmaydi. Binobarin, xodimni Mehnat kodeksining 100-modda 2-qism 3-bandiga koʻra ishdan boʻshatish mumkin emas.

Ish beruvchi takroriy sodir etilgan nojoʻya xatti-harakat uchun xodimga nisbatan hayfsan yoki jarima tayinlashi yoxud Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 4-bandiga koʻra xodim tomonidan mehnat vazifalari bir marta qoʻpol ravishda buzilganligi uchun u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin. Batafsil «Mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzganlik uchun ishdan qanday boʻshatish lozim» da qarang.

E’tibor bering
Mehnat kodeksining 183-moddasiga muvofiq ish beruvchining buyrugʻi bilan xodimga belgilangan intizomiy jazo amal qilish muddati tugamasdan olib tashlangan boʻlsa, intizomiy jazo belgilanmagan deb hisoblanadi. Bu haqda batafsil «Intizomiy jazoning olib tashlanishi» da qarang.
Misol
Mehnat vazifalari muntazam ravishda buzilganligini belgilash

1. Xodim intizomiy jazo qoʻllanilganidan keyin 6 oy oʻtgach ikkinchi marta mehnat intizomini buzgan. Birinchi marta shunday boʻlganda unga 1 yil muddatga hayfsan e’lon qilingan edi. Ushbu intizomiy jazo muddatidan oldin olib tashlanmagan.

Mazkur holatda xodimning nojoʻya xatti-harakatlari muntazam tusda boʻladi va ish beruvchi Mehnat kodeksining 100-modda  2-qism 3-bandiga koʻra u bilan mehnat munosabatlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilishga haqli.

2. Xodim mehnat intizomini buzgan, buning uchun unga hayfsan e’lon qilingan. Biroq, mehnat jamoasining iltimosiga koʻra 6 oy oʻtgach xodimdan ushbu intizomiy jazo olib tashlangan. Bundan bir oy oʻtgach xodim yana nojoʻya xatti-harakat sodir etgan.

Mazkur holatda ish beruvchi xodim mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi uchun u bilan mehnat munosabatlarini bekor qilishda haqli emas, sababi xodimga intizomiy jazo belgilanmagan deb hisoblanadi.

Aynan bir qoidabuzarlik uchun bir vaqtning oʻzida ikkita intizomiy jazo qoʻllanilmaydi. Masalan, Mehnat kodeksining 100-modda 2-qism 3-bandiga koʻra mehnat shartnomasi bekor qilinishi hamda jarima tayinlanishi mumkin emas.

Xodimning oʻz mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi uchun ushbu nojoʻya xatti-harakat aniqlangan paytdan boshlab, xodimning kasal yoki ta’tilda boʻlgan vaqtini hisobga olmasdan, uzogʻi bilan 1 oy ichida u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qiling .

Mehnat shartnomasi bekor qilinishini rasmiylashtirish

1-qadam. Qoidabuzarlik dalilini hujjatlar bilan tasdiqlang. Bunday hujjatlar jumlasiga xodimning bevosita rahbarining xizmat yuzasidan (hisobotlari) qaydlari, qoidabuzarlik dalilini tasdiqlovchi raport yoki dalolatnoma kiradi.

Vaziyat
Xodimning ishga kechikib kelganligi videokuzatuv kamerasida qayd etilgan

 

Xodim ishga 3 soat kech qolgan. Kompaniyada xodimlarning ishga kechikib kelish holatlari odatda kadrlar boʻyicha inspektor tomonidan qayd etiladi, shu kuni inspektor ishga kelmagan edi.

Korxonaning kirish qismida oʻrnatilgan videokuzatuv kamerasidagi yozuvdan xodimning ishga kelmaganligi dalili sifatida foydalanish mumkinmi?

 – Videoqayd etish vositalaridan dalil sifatida foydalanish mumkin. Xodimlar tomonidan mehnat intizomiga rioya etilishini nazorat qilish doirasida ushbu vositalarni qoʻllash tartibi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki maxsus nizomda (ichki hujjatlarda) belgilanishi lozim. Xodimlar ushbu hujjatlar bilan imzo qoʻydirib, oldindan tanishtirilishi lozim MK 178-m. Biroq, videoyozuvlarning mavjudligi ish beruvchining intizomiy jazo qoʻllanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xatini talab qilish hamda Mehnat kodeksining 182-moddasida nazarda tutilgan boshqa taomillarni amalga oshirishga oid majburiyatlarini  bekor qilmaydi.

2-qadam. Xodimdan mehnat vazifalarini bajarmaganligi sabablarini yozma tarzda bayon qilishni soʻrang . Sabablari uzrli yoki yoʻqligini tekshirib koʻring. Agar xodim tushuntirish xatini yozishdan bosh tortsa, guvohlar hozirligida bu haqida dalolatnoma tuzing.

3-qadam. Xodim oʻz mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi dalilini tekshirib koʻring. Buning uchun mazkur xodimga nisbatan avval intizomiy jazo chorasi belgilanganligi toʻgʻrisidagi buyruqni toping. Uning sanasiga e’tibor qarating. Intizomiy jazoning amal qilish muddati tugagan-tugamaganligini va muddatidan oldin olib tashlangan-tashlanmaganligi tekshirib koʻring.

4-qadam. Xodimni ishdan boʻshatishni xodimlarning vakillik organi bilan kelishing.

Buni qanday amalga oshirish kerakligini «Ish beruvchining tashabbusiga koʻra ishdan boʻshatishning oʻziga xos jihatlari»da qarang.

5-qadam. Mehnat shartnomasi bekor qilinishi toʻgʻrisida xodimni kamida 3 kun oldin xabardor qiling, keyinchalik tasdiqlash uchun buni yozma shaklda amalga oshirganingiz ma’qul. Agar ogʻzaki ogohlantirish berilgan boʻlsa, bir nechta guvohlar hozirligida bu haqda dalolatnoma tuzing. Ish beruvchining ixtiyoriga koʻra ogohlantirish muddatining oʻrniga unga mutanosib pullik kompensatsiya toʻlanishi mumkin. Ogohlantirish muddatini pullik kompensatsiyaga almashtirish uchun xodimning roziligi talab etilmaydi .

6-qadam. Yuqorida koʻrsatilgan taomillar amalga oshirilgandan keyin mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi uchun xodim bilan mehnat munosabatlarini bekor qilish toʻgʻrisida buyruq chiqaring, unda ishdan boʻshatish uchun asos boʻlgan sabablarni koʻrsating. Buyruq nusxasini imzo qoʻydirib xodimga bering.

Oxirgi ish kunida mehnat shartnomasi bekor qilinishini YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazing, xodimga ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi yozuv qayd etilgan qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasini (mavjud boʻlgan taqdirda), ishdan boʻshatilishi toʻgʻrisidagi buyruq nusxasini bering hamda xodim bilan hisob-kitob qiling . Batafsil «Ishdan boʻshatishni rasmiylashtirishning umumiy tartibi»da qarang.

Misol
Xodim rahbariyatning qonuniy topshirigʻini bajarishni rad qildi

 

Kassir Rahimova V. A. uzrli sabablarsiz bevosita rahbari – bosh buxgalter Gaziyeva A. S.ning xodimlarga ish haqi berish uchun xizmat koʻrsatuvchi bankdan naqd pul mablagʻlarini olib kelishga doir  topshirigʻini bajarishdan bosh tortdi. Bu majburiyat mehnat shartnomasi va lavozim yoʻriqnomasiga muvofiq uning zimmasiga yuklangan. Gaziyeva A. S. direktor nomiga Rahimova V. A. oʻz mehnat vazifalarini bajarmayotganligi haqida raport tuzdi. Rahimova V. A. oʻz xatti-harakatlari sababini yozma ravishda tushuntirish xatida koʻrsatdi, biroq ish beruvchi bu sabablarni uzrli deb hisoblamadi.

Avval Rahimova V. A. ishga kechikkanligi uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan edi, bu haqda tegishli buyruq mavjud. Intizomiy jazo chorasining amal qilish muddati hali tugamagan. Shu boisdan tashkilot rahbari Rahimova V. A.ni mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi uchun ishdan boʻshatishga qaror qildi.

Tashkilot kasaba qoʻmitasi uyushmasiga Rahimova V. A.ni Mehnat kodeksining 100-modda 2-qism 3-bandiga koʻra ishdan boʻshatishga rozilik berilishi toʻgʻrisidagi taqdimnoma yuborildi. Kasaba qoʻmitasi uyushmasi raisi uning ishdan boʻshatilishiga rozilik bildirdi, bu haqda yigʻilish bayonnomasidan koʻchirmani taqdim etdi. Ish beruvchi uchta xodim hozirligida Rahimova V. A.ni u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 3 kundan keyin bekor qilinishi haqida ogohlantirdi, bu haqda dalolatnoma tuzildi. Koʻrsatilgan muddatda tegishli buyruq chiqarildi, ishdan boʻshatish holati YaMMTda roʻyxatdan oʻtkazildi, Rahimova V. A.ning qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasiga ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi yozuv (sabablar koʻrsatilmagan holda) kiritildi. Mehnat shartnomasi bekor qilinadigan kunda unga ishdan boʻshatilishi toʻgʻrisidagi buyruq, toʻldirilgan qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasi, elektron mehnat daftarchasidan koʻchirma berildi va u bilan ish haqi boʻyicha hisob-kitob amalga oshirildi.

Oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish – mehnat shartnomasini bekor qilish shartlari, mehnat shartnomalarini bekor qilish tartibi haqida batafsil oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish, mehnat shartnomasini bekor qilish Oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish. Bu yerda siz mehnat shartnomasini bekor qilish, mehnat shartnomasini bekor qilish jarayoni qanday sodir boʻlishi haqida ma’lumot olishingiz mumkin /oz/publish/doc/text179816_mehnat_vazifalarini_muntazam_ravishda_buzgan_hodimni_ishdan_bushatish_tartibi