Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha ishlaydigan mutaxassis 3 yildan keyin ishdan ketyapti va foydalanilmagan ta’tillar uchun kompensatsiya toʻlashni talab qilyapti. Biz bunday kompensatsiyani toʻlashimiz kerakmi?».
– Yoʻq, toʻlamaysiz.
Bunday kafolat faqat ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan, ya’ni kim bilan mehnat shartnomasi tuzilgan boʻlsa, ana shu xodimlarga tatbiq etiladi. Xodimning foydalanilmagan ta’til qismi uchun kompensatsiya olish huquqi nazarda tutilgan Mehnat kodeksida fuqarolik-huquqiy shartnomalar koʻrsatilmagan.
Xodim uchun FHShning afzal va salbiy tomonlari
Amaliyotda, haqiqatan ham, koʻpchilik rahbarlar mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha ishga jalb etishga harakat qiladilar. Bir qarashda, bundan ular faqat foyda koʻradilar:
- bunday shaxslarga ta’til, shu jumladan ijtimoiy ta’minot berilmaydi;
- ularni dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish shart boʻlmaydi;
- ularga ish vaqtining cheklangan davomiyligi tatbiq etilmaydi;
- bajarilgan ishlar (xizmatlar) uchun toʻlov miqdori va toʻlash tartibi taraflarning kelishuviga binoan belgilanadi. Toʻlov qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan ham kam boʻlishi mumkin;
- ish yakunlangandan keyin odatda faqat pirovard natija uchun toʻlov toʻlanadi;
- bunday shaxslar tashkilot shtatiga hisobga kiritilmaydilar, jamoa a’zosi hisoblanmaydilar va tegishincha, ichki hujjatlarda nazarda tutilgan huquqlardan foydalana olmaydilar (masalan, ragʻbatlantiruvchi tusdagi, koʻp yillik xizmatlari uchun toʻlov va boshqa toʻlovlar berilmaydi);
- ularga mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimlarga moddiy madad berish uchun belgilangan qoʻshimcha kafolatlar taqdim etilmaydi MK 67-m.;
- mehnat daftarchasi yuritilmaydi;
- haftalik dam olish kunlari berilmaydi va h.k.
Lekin ish beruvchilar bunday shartnomalarning salbiy tomonlari ham borligini unutib qoʻyishmoqda:
- FHSh boʻyicha ishlaydigan xodimga intizomiy jazo choralarini qoʻllab boʻlmaydi;
- u shartnomaning boshqa tarafiga tobe boʻlmagan holda ishlarni bajaradi, korxonaning ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya qilishga, shu jumladan har kuni korxonaga qat’iy belgilangan soatda ishga kelishga majbur boʻlmaydi;
- FHShni dastlabki sinov belgilangan holda tuzish mumkin emas va boshqalar.
Shaxs, odatda shtatdagi xodimga yuklanadigan vazifalarni bajaradigan boʻlsa, u bilan fuqarolik-huquqiy shartnomasi tuzilmaydi. Nazorat organlari buni mehnat munosabatlari sifatida baholashi mumkin. Bu haqda quyidagi maqolada oʻqing:
Lenara XIKMATOVA,
«Norma» kompaniyasi eksperti.