Xodimlarni filiallarda mahalliy hujjatlar bilan tanishtirish tartibi

preview

"Kompaniyaning viloyatlarda filiallari mavjud. Kadrlar ishini yuritish joylarda  amalga oshiriladi. Tekshiruv organlari filial xodimlarini ishga yollashda ularni mahalliy hujjatlar bilan tanishtirmasligimiz borasida tanbeh berdi. Ammo bizda bu hujjatlar faqat bitta nusxada boʻlib,  bosh idorada saqlanadi.

Qonunda xodimlarni mahalliy hujjatlar bilan tanishtirishning aniq tartibi belgilanganmi?".

Savolga «Norma» eksperti, huquqshunos Lenara XIKMATOVA javob berdi:

 

- Haqiqatdan ham Mehnat kodeksining 178-moddasiga koʻra, har bir xodim oʻziga yuklatiladigan mehnat vazifalari doirasi bilan oldindan tanishtirilishi lozim. Xodimning mehnat vazifalari ichki tartib qoidalarida, intizom toʻgʻrisidagi ustav va nizomlarda, korxonada qabul qilinadigan lokal hujjatlarda (jamoa shartnomalarida, yoʻriqnomalar va hokazolarda), mehnat shartnomasida aniq belgilab qoʻyiladi .

Xodimlar oʻz ishi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan korxonaning ichki hujjatlari bilan tanishtirilishi kerak. Agar bu ish bajarilmasa,  keyinchalik  xodimni ularni bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortolmaysiz.

 

Agar kompaniyaning filiallari boʻlsa

Muammoni hal qilishning bir necha yoʻli mavjud. Xususan, quyidagi ishlarni amalga oshirish mumkin:

    1) filiallar soniga koʻra bir necha nusxada mahalliy hujjatlarni tuzib, ularga taxminan quyidagi mazmundagi yozuvni kiritish kerak: "ushbu mahalliy hujjat tashkilotning har bir filialiga oʻtkazish uchun 5 asl nusxada tuzilgan";

    2) tashkilotning muhri bilan tasdiqlangan mavjud mahalliy hujjatlarning nusxalarini olib,  ularni filiallarga oʻtkazish;

   3) mahalliy hujjatlarni elektron korporativ portalda joylashtirish. Hujjatlar bilan tanishish uchun har bir xodim bunday portalga kirish huquqiga ega boʻlishi muhimdir;

   4) mahalliy hujjatlarni xodimning ish yoki shaxsiy elektron pochtasiga yuborish. Shu bilan birga shaxsiy elektron pochta manzili xodimning mehnat shartnomasida koʻrsatilishi maqsadga muvofiqdir.

E’tibor bering
Yuqoridagi variantlardan qaysi birini tanlashingizdan qat’i nazar, asosiy narsani unutmang: xodim mahalliy hujjat bilan tanishganligini tasdiqlashingiz kerak. Bu, ayniqsa, hujjatlarni elektron aloqa vositalari orqali tarqatish variantlariga taalluqli. Xodim mahalliy hujjatlar bilan tanishgach, buni shaxsiy imzo qoʻyish orqali tasdiqlashi kerak. Buningsiz sud yoki tekshiruvchi organ ish beruvchining mahalliy hujjat bilan tanishtirish boʻyicha majburiyatini bajarmagan deb tan olishi mumkin.

 

Xodimni mahalliy hujjatlar bilan tanishtirish tartibi qanday rasmiylashtiriladi va u qayerga imzo qoʻyishi kerak – qonun hujjatlarida belgilanmagan.  Amaliyotga koʻra buni quyidagicha amalga oshirish mumkin:

   1) ishga qabul qilish jarayonida xodimlar imzolaydigan mahalliy hujjatlarga biriktiriladigan tanishish varaqalarida. Ularni quyidagicha nomlash mumkin: " 01.03.2022 y.dan 12-sonli buyruq bilan tasdiqlangan "Navroʻz" MChJning ichki mehnat tartibi qoidalari bilan tanishish varaqasi”. Varaqaning taxminiy ustunlari: xodimning toʻliq ismi, lavozimi, tarkibiy boʻlinmasi( agar mavjud boʻlsa), tanishtirilgan sana, xodimning imzosi;

   2) mahalliy hujjatlar roʻyxatini oʻz ichiga olgan maxsus jurnalda. Bu yerda ustunlar biroz boshqacha boʻladi, chunki jadvalda xodim tanishadigan barcha mahalliy hujjatlar koʻrsatiladi: xodimning toʻliq ismi, lavozimi, tarkibiy boʻlinmasi (agar mavjud boʻlsa), ichki mehnat tartibi qoidalari (sana va imzo) bilan tanishtirildi, jamoa shartnomasi (sana va imzo) bilan tanishtirildi,  mehnatga haq toʻlash toʻgʻrisidagi Nizom (sana va imzo) va boshqalar bilan tanishtirildi;

   3) har bir xodimning mehnat shartnomasiga biriktirilgan  alohida tanishish varaqasida. Bunday varaqda ish beruvchi xodimni ishga qabul qilayotganda  tanishtirgan mahalliy hujjatlarning toʻliq roʻyxati keltiriladi. Tanishtirish fakti har bir mahalliy hujjatning roʻparasiga imzo qoʻyish bilan tasdiqlanadi;

   4) mehnat shartnomasida. Xodimni ichki mehnat tartibi qoidalari va boshqa mahalliy hujjatlar bilan tanishtirish haqida mehnat shartnomasining oxirida ularning nomlarini koʻrsatgan holda belgi qoʻyiladi.

 Agar xodim mahalliy hujjat bilan tanishishni tasdiqlovchi imzo qoʻyishdan bosh tortsa, guvohlar ishtirokida dalolatnoma tuzing. Unda xodim hujjat bilan tanishtirilganini, lekin uni oʻqib boʻlgandan keyin imzo chekishdan bosh tortganligini koʻrsating.

 Xodimlarni mahalliy hujjatlar bilan tanishtirishning yana bir usuli ham bor – tomonlar elektron imzo bilan imzolangan hujjatlarni almashganda elektron hujjat aylanishi orqali. Amaldagi Mehnat kodeksi bunday tartibni tartibga solmaydi, lekin u ham mavjud boʻlish huquqiga ega.

 Elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo qogʻoz hujjatdagi qoʻlda yozilgan imzoga tengdir. Biroq buning uchun bir vaqtning oʻzida "Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida"gi Qonunning 7-moddasida keltirilgan ayrim shartlar bajarilishi kerak.

Bundan tashqari hamma xodimlarda ham ERI mavjud emas, buning uchun  ishga olishdan bosh tortish noqonuniy hisoblanadi. Ish beruvchi oʻzining moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, barcha xodimlarga toʻliq elektron hujjat aylanishi uchun korxona hisobidan ERI olishni tashkil qilishi mumkin. Bundan tashqari, bu uzoqda joylashgan filiallar va masofadan turib ishlovchi ishchilar boʻlsa, maqsadga muvofiq sanaladi.


Ishga qabul qilish - Oʻzbekistonda ishga qabul qilish tartibi, Oʻzbekiston Respublikasida ishga joylashish haqida hamma narsa ishga qabul qilish, oʻzbekistonda ishga qabul qilish, ishga qabul qilish tartibi Oʻzbekistonda ishga yollash qanday ishlaydi? Bu yerda siz Oʻzbekiston Respublikasida ishga qabul qilish tartibi haqida maqolalar bilan tanishasiz. Oʻzbekistonda mehnat shartnomalarini tuzish va ishga qabul qilish qoidalari haqida hamma narsa kadrovik.uz saytida /oz/publish/doc/text181350_hodimlarni_filiallarda_mahalliy_hujjatlar_bilan_tanishtirish_tartibi