Oktyabr oyida har bir xodim uchun foydali boʻladi:
"Xodimga I guruh nogironligi tayinlandi. U mehnat faoliyati bilan shugʻullana olmasligi koʻrsatilgan tibbiy xulosani keltirdi. Xodimni ishdan boʻshata olamizmi? Yoki uni boshqa yengil ishga oʻtkazishimiz kerakmi?".
Savolga «Norma» eksperti, huquqshunos Lenara HIKMATOVA javob berdi:
– Ushbu toifadagi xodimlar uchun kafolatlar "Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonunda mustahkamlangan. Unda ish beruvchining tashabbusi bilan ularning ishdan boʻshatilishiga taqiq yoʻq. Qonun faqat ish beruvchiga nogironligi boʻlgan shaxslarni vaqtincha nogironlik va ta’til davrida ishdan boʻshatmaslik majburiyatini yuklaydi Ammo bunday kafolat nogironlik mavjudligidan qat’i nazar, barcha xodimlar uchun belgilangan
.
Bunda mehnat munosabatlarining barcha shakllariga, shu jumladan ishga qabul qilish, mehnat sharoitlari va boshqalarga nisbatan nogironlik belgisiga koʻra kamsitish taqiqlanadi
. Ya’ni, agar ushbu lavozim uchun xizmat vazifalarini bajarishga xalaqit bermasa, siz nogironlikni, masalan, ishga kiruvchiga ishga yollashni rad etish uchun asos qilib koʻrsata olmaysiz. Yoki – unga boshqa ishchilarga nisbatan yomonroq mehnat sharoitlarini yarata olmaysiz.
Agar xodim tibbiy xulosani keltirsa
Uning xulosa qismini, aynan ish (kasblar) turlari boʻyicha tavsiyalar berilgan ustunni diqqat bilan oʻrganib chiqing. Bu yerda nogironlikni hisobga olgan holda shaxs qanday ish bilan shugʻullanishi mumkinligi va uning mehnat sharoitlari boʻyicha tavsiyalar koʻrsatiladi.
Agar xodim unga topshirilgan ishni uddalasa, nogironlik oʻz-oʻzidan “sogʻligʻi holatiga koʻra" mehnat shartnomasini bekor qilish uchun sabab boʻlib xizmat qilmaydi
.
Ish beruvchi bunday xodim uchun mos ish sharoitlarini yaratishi yoki vaqtincha yoki muddatsiz yengil ishga oʻtkazishi shart
.
Mehnat kodeksining 220-moddasiga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻliqsiz ish vaqti rejimi oʻrnatish, ularning vazifasini kamaytirish va mehnatning boshqa shartlari boʻyicha tavsiyalar bajarish uchun majburiydir.
Agar tibbiy xulosaga koʻra xodimga ushbu ishni bajarishi toʻgʻri kelmasa yoki mehnat jamoasi a’zolari yoxud ular xizmat qiladigan fuqarolar uchun xavf tugʻdirsagina, mehnat shartnomasining bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi
.
Agar xodim tomonidan taqdim etilgan tibbiy xulosada xodim ishlashga qodir emasligi, ya’ni mehnat faoliyati bilan shugʻullana olmasligi koʻrsatilgan boʻlsa, bu Mehnat kodeksining 100–moddasi 2-qismi 2-bandiga koʻra “xodimning sogʻligʻi holatiga koʻra bajarayotgan ishiga noloyiq boʻlib qolishi” sababli u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻladi.
Ishdan boʻshatilganda kafolatlar
Umumiy qoidalarga koʻra, Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismining 2-bandiga binoan ishdan boʻshatilganda xodim bu haqda kamida 2 hafta oldin ogohlantirilishi lozim
. Agar xodimning bajarayotgan ishiga noloyiqligiga uning sogʻligʻi sabab boʻlib, tibbiy xulosaga koʻra bu mazkur ishni bajarishga toʻsqinlik qilsa, mehnat shartnomasi xodim ogohlantirilmasdan bekor qilinadi, lekin ogohlantirish evaziga unga albatta ikki haftalik pul kompensatsiyasi toʻlanadi
.
Shuningdek, ishdan boʻshatilganda xodimga oʻrtacha oylik ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanadi
.