Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi boʻyicha mutaxassis zimmasidagi javobgarlik
«Korxonada mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga rioya qilishga mas’ul xodimning aybi bilan baxtsiz hodisa sodir boʻldi. Buning uchun qanday jazo nazarda tutilgan?
- Mehnatni muhofaza qilish qoidalarining buzilishi uchun ularning bajarilishiga mas’ul xodim intizomiy, moddiy va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Intizomiy va moddiy javobgarlik
Xodimni Mehnat kodeksining 181- moddasiga muvofiq intizomiy javobgarlikka tortish – hayfsan berish yoki jarimaga tortish yoxud mehnat shartnomasini butunlay bekor qilish mumkin.
Shuningdek, agar qoidabuzarlik natijasida ish beruvchining mulkiga shikast yetgan boʻlsa, xodim uning oldida moddiy javobgar boʻladi –yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Bunda xodimga intizomiy va moddiy javobgarlikni qoʻllash ish beruvchining majburiyati emas, balki huquqidir. Huquqbuzarlik holatlarini hisobga olgan holda, u "intizomiy" jazoni qoʻllamaslik va xodimdan zararni toʻliq yoki qisman undirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Davlat mulkchilik shakliga ega korxonalar bundan mustasno. Agar bu jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, ular zararni xodimdan undirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishlari mumkin
.
Jinoiy javobgarlik
Agar huquqbuzarlik natijasida kimdir oʻrtacha yoki jiddiy tan jarohati olgan boʻlsa, jinoiy javobgarlik yuzaga keladi. Bunday holda aybdor xodim Jinoyat kodeksining 257-moddasi 1-qismi boʻyicha javobgarlikka tortiladi -«Texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi yoki mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalarini shu qoidalarga rioya etilishi uchun mas’ul boʻlgan shaxs tomonidan buzilishi oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir tan jarohati yetkazilishiga sabab boʻlsa».
Jinoyat ishlari boʻyicha sud ishning holatiga qarab quyidagilarni qoʻllashi mumkin:
- BHMning 25-50 baravari miqdorida jarima;
- 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
- 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
- 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismiga muvofiq odam oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan harakatlar (masalan, tashkilotning boshqa xodimlari sogʻligʻiga ommaviy shikast yetkazish) muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Barcha mulkiy shakldagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi baxtsiz hodisalar tekshiriladi va hisobga olinadi. Ushbu jarayonlarni amalga oshirish tartibi maxsus nizom bilan belgilangan.
Ish beruvchi baxtsiz hodisa sodir boʻlgan joydagi hududiy ichki ishlar organiga zudlik bilan guruhli, oqibati oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir va oʻlim bilan tugagan baxtsiz hodisalar haqida xabar berishi shart
.
Lenara XIKMATOVA
«Norma» eksperti, huquqshunos