Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqitilmagan shaxsni ishga qoʻymaslik majburiy progul hisoblanadimi
Ish beruvchi mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishdan oʻtmagan shaxsni ishga qoʻymaslikka haqlimi? Xodim mazkur sabab bilan oʻz vazifalarini bajarmagan davr bekor turib qolish yoki majburiy progul hisoblanadimi? Ish beruvchi bu davrga haq toʻlaydimi?
Kadrovik.uz tushuntiradi:
– Ish beruvchi Mehnat kodeksining 215-modda 3-qismi asosida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtmagan xodimni ishga qoʻymaslikka haqli.
Bu muddat xodim uchun bekor turib qolish sanalmaydi, negaki bekor turib qolish – bu ish yoʻqligi sababli xodim ishlamagan vaqtdir.
Majburiy progul – bu xodim noqonuniy ravishda ishlash imkoniyatidan mahrum boʻlgan davr. Xodimning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻqishdan oʻtmagani uchun ish beruvchi aybdor boʻlgan taqdirda, ishga qoʻyilmaslik majburiy progul hisoblanishi mumkin.
Masalan, u bunday oʻqishni tashkil qilmagan yoki uni notoʻgʻri tashkil qilgan, oqibatda ushbu xodim jismonan undan oʻtish imkoniga ega boʻlmagan. Bu bilan ish beruvchi Mehnat kodeksining 215-modda 2-qismida nazarda tutilgan oʻz majburiyatlarini buzgan. Bu vaziyatda ish beruvchi xodimga majburiy progul davrida unga toʻlanmagan mehnat haqini belgilangan tartibda qoplab berishi shart
.
Agar ish beruvchi oʻqitishni tashkil qilgan, lekin xodim uni rad etgan yoki unga bogʻliq boʻlmagan boshqa sabablarga koʻra oʻqimagan boʻlsa, uning ishga qoʻyilmaslik vaqti majburiy progul deb hisoblanmaydi. Bu holatda ish beruvchi nafaqat hech narsa toʻlamaslikka, balki xodimni belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortishga ham haqli boʻladi
.