2024 yil uchun ta’tillar jadvalini qanday tuzish va tasdiqlash kerak

preview

 

1. Ta’tillar jadvalini tuzish shartmi?

– Ta’tillar jadvali xodimlarning har yilgi mehnat ta’tilini olish tartibini belgilaydi. Mehnat kodeksining 228-moddasi 1-qismi ma’nosidan kelib chiqib ta’tillar jadvali – bu majburiy ichki hujjat hisoblanadi. Uni mulkchilik shaklidan qat’i nazar, uni barcha tashkilotlar rasmiylashtirishlari shart, mikrofirmalar bundan mustasno.

Mikrofirmalar ta’tillar jadvalini tasdiqlamasligi mumkin – mehnat kodeksining 505-moddasi ularga bunday huquqni beradi. Mikrofirmalarda ta’tildan foydalanishning aniq muddati xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi .

E’tibor bering
Ta’tillar jadvali yoʻqligi uchun mehnat inspeksiyasi ish beruvchining mansabdor shaxsini MJTKning 49-moddasi boʻyicha ma’muriy javobgarlikka tortishi mumkin. Ta’tillar jadvalining yoʻqligi uchun jarima BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha («mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish») nazarda tutilgan.

 

2. Ta’tillar jadvali qachon tasdiqlanishi kerak?

– Ta’tillar jadvali kalendar yil boshlanguniga qadar tasdiqlanishi kerak . Ya’ni, keyingi kalendar yil uchun ta’tillar jadvali joriy yilning 31 dekabridan kechiktirmay qabul qilinishi lozim.

2023 yilda 31 dekabr – yakshanba kuniga toʻgʻri keladi, 30 dekabr shanba kuni esa 6 kunlik ish haftasida ishlovchilar  uchun qoʻshimcha dam olish kuni deb e’lon qilindi . Shuning uchun standart ish vaqti rejimida (5 kunlik yoki 6 kunlik) ishlaydigan tashkilotlarda 2024 yil uchun ta’tillar jadvalini shu yilning 29 dekabriga qadar tasdiqlashga ulgurish kerak.

 

3. Ta’tillar jadvaliga kimlar kiritilishi kerak?

– Ta’tillar jadvalida mehnat shartnomalari tuzilgan barcha amaldagi xodimlar, shu jumladan tashqi oʻrindoshlar va masofadan turib ishlovchilar koʻrsatiladi.

Fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar boʻyicha ijrochilarni ta’tillar jadvaliga kiritish shart emas. Ushbu munosabatlar Mehnat kodeksi bilan emas, balki Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi. FHSh boʻyicha ijrochilarda ta’tilga chiqish huquqi yoʻq.

Jadval tasdiqlangandan keyin ishga qabul qilingan yangi xodimlarni unga kiritish shart emas. Siz ular tufayli jadvalga oʻzgartirishlar kiritishingiz yoki kiritmasligingiz mumkin. Ularga yozma arizalar asosida ish beruvchi bilan kelishilgan holda ta’til berishga yoʻl qoʻyiladi.

 

4. Ta’tillar jadvalida qaysi ta’tillar aks ettirilishi kerak?

– Ta’tillar jadvaliga ta’tilning quyidagi turlari kiritiladi:

  • har yilgi asosiy ta’til;
  • har yilgi qoʻshimcha ta’til.

Ta’tillar jadvaliga quyidagilar kiritilmaydi:

  • ish haqi saqlanmaydigan va ish haqi qisman saqlanadigan ta’tillar;
  • homiladorlik va tugʻish ta’tillari;
  • bola parvarishi ta’tillari;
  • oʻquv ta’tillari;
  • ijodiy ta’tillar.

 

5. Ta’tillar jadvalining tasdiqlangan shakli bormi?

– Ta’tillar jadvalining yagona shakli qonuniy ravishda belgilanmagan. Har bir tashkilot oʻzining ta’tillar jadvalini ishlab chiqish huquqiga ega. 

 

6. Ta’tillar jadvalini jamoa shartnomasiga ilova sifatida rasmiylashtirish mumkinmi?

– Yoʻq, bu turlicha rasmiylashtirish tartibi bilan ikki xil hujjat. Ta’tillar jadvalini jamoa shartnomasiga ilova sifatida rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

7. Ta’tillar jadvalining elektron shaklini yaratish mumkinmi?

– Ha, buning imkoni bor. Elektron variantda ta’tillarni hisobga olishda yordam beradigan qaydlarni qilish, turli xil rangdagi alohida yozuvlarni ajratib koʻrsatish va boshqa ishlarni amalga oshirish qulay. Ammo yodda tuting: jadvalning elektron varianti qogʻoz jadvalning oʻrnini bosa olmaydi, balki u bilan birga yordamchi sifatida ishlatilishi mumkin.

 

8. Ta’tillar jadvalini xodimlarning vakillik organi bilan tasdiqlash kerakmi?

– Ha, kerak. Ta’tillar jadvali qonuniy boʻlishi uchun uni ish beruvchi tasdiqlashidan avval kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishish kerak. Bu Mehnat kodeksining 228-moddasi 2-qismining majburiy talabi.

Ammo agar bunday organ tuzilmagan boʻlsa, bu tashkilot jadvalsiz qoladi degani emas. Bunday holda qonun Mehnat kodeksining 15-moddasi 5-qismida belgilangan boshqa tartibni nazarda tutadi.

Ichki hujjatni xodimlarning vakillik organi bilan qanday qilib toʻgʻri kelishish va tashkilotda bunday organ boʻlmagan taqdirda nima qilish kerakligi haqida «Ish beruvchining ichki hujjatlarini qanday ishlab chiqish va tasdiqlash kerak» maqolasini oʻqing.

 

9. Tashkilot xodimlariga ta’tilga chiqish ketma-ketligini qanday belgilashi kerak? Ta’tildan foydalanish vaqtini har bir xodim bilan kelishish zarurmi?

– Umumiy qoidaga koʻra ish beruvchi har bir xodim bilan ta’tildan foydalanish vaqtini kelishishga majbur emas. Ta’tillarga chiqish ketma-ketligi tashkilot ishining normal yurishi buzilmasligi va xodim oʻrnini bosadigan boshqa xodim boʻlishini hisobga olgan holda belgilanadi. Albatta, jamoa ichida tortishuvlar va nizolarga yoʻl qoʻymaslik uchun ta’tilga chiqish ketma-ketligi adolatli boʻlishi kerak.

Har bir xodimning ta’tilga chiqish vaqti haqidagi istaklarini inobatga olish tavsiya etiladi. Ammo buni amalga oshirish murakkab boʻladi, ayniqsa koʻp sonli xodimlarga ega tashkilotlarda yoki, masalan, bir xil funksiyani bajaradigan,  lekin ishlab chiqarish shartiga koʻra ularning bir vaqtning oʻzida yoʻqligi imkonsiz boʻlgan ikki nafar mutaxassis bir oyda ta’tilga chiqmoqchi boʻlganda.

Agar xodim ta’tillar jadvalida belgilangan ta’tildan foydalanish vaqtiga rozi boʻlmasa va uni oʻzgartirmoqchi boʻlsa, ish beruvchiga yozma ariza bilan murojaat qilishi kerak. U erkin shaklda, sabablarni koʻrsatgan holda tuziladi. Ish beruvchi ushbu arizani koʻrib chiqishi va u boʻyicha qaror qabul qilishi shart: xodimning iltimosini qondirish yoki rad etish.

 

10. Ish beruvchi ta’til boʻyicha kimning istaklarini inobatga olishi kerak?

– Ish beruvchi ularning xohishiga koʻra ta’tilni unga qulay boʻlgan vaqtda berishi shart boʻlgan xodimlarning alohida toifalari mavjud :

  • ayollarga – homiladorlik va tugʻish ta’tilidan oldin yoki undan keyin;
  • bolani parvarishlash ta’tilidan foydalanayotgan xodimga ushbu
  • ta’tildan oldin yoki keyin;
  • oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bir yoki undan ortiq nafar bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolgʻiz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga);
  • I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga;
  • 1941 – 1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • oʻn sakkiz yoshdan kichik boʻlgan shaxslarga;
  • ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida oʻqiyotganlarga, agar ular oʻzining har yilgi mehnat ta’tilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtiga toʻgʻrilab olishni xohlasa;
  • «Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori» koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga;
  • jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud boshqa ichki hujjatlarda belgilangan hollarda boshqa xodimlarga.

Ishlaydigan erkaklarga har yilgi mehnat ta’tili ularning xohishiga koʻra xotinining homiladorlik va tugʻish ta’tili davrida beriladi.

 

 

 

Tushuntirishlar material e’lon qilingan paytda amalda boʻlgan normalarni hisobga olgan holda tayyorlangan va ekspertlar fikrini aks ettiradi. Yakuniy qarorni foydalanuvchi aniq vaziyatlarni hisobga olgan holda mustaqil ravishda qabul qiladi
Oʻzbekistonda ta’til vaqti boʻyicha maslahatlar - ish ta’tillari boʻyicha maslahatlar va koʻrsatmalar dam olish vaqti boʻyicha maslahatlar, dam olish vaqti boʻyicha maslahatlar, dam olish vaqti boʻyicha koʻrsatmalar, oʻzbekistonda dam olish vaqti boʻyicha maslahatlar Oʻzbekistonda xodimlarning dam olish vaqti bilan bogʻliq masalalar boʻyicha professional maslahat oling. Mutaxassislarimiz Oʻzbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligiga muvofiq dam olish, dam olish, dam olish, tanaffus va ish vaqti kabi dam olish vaqtining turli jihatlari boʻyicha foydali maslahatlar va bosqichma-bosqich koʻrsatmalar beradi /oz/publish/doc/text184526_tatillar_navbati_qanday_belgilanadi