Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Ish beruvchi xodimlar malakasini oshirish maqsadida ularni qimmat kurs va treninglarga yuboradi. Oʻqitish uchun toʻlov ish beruvchi hisobidan amalga oshiriladi. Shundan soʻng ba’zi xodimlar oʻz xohishiga koʻra ishdan boʻshab ketadi. Ba’zida esa muayyan huquqbuzarliklar uchun ular ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan boʻshatilishi mumkin. Oʻz xohishiga koʻra ishdan boʻshaganda xodim yil davomida ish beruvchiga oʻqish xarajatlarini toʻliq qoplab berishga majbur ekanligini qanday va qaysi hujjatda belgilash kerak? Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganda xodim oʻqish xarajatlarini toʻlashi uchun u bilan qanday hujjat imzolanishi kerak?».
Savolga «Norma» eksperti, huquqshunos Nurali Nurmuhamedov javob berdi:
– Haqiqatdan ham, ish beruvchi oʻzi uchun mutaxassis tayyorlash maqsadida xodimning oʻqishi uchun toʻlov qilishini koʻp kuzatish mumkin. Xodim esa oʻqishdan keyin ishdan boʻshab ketadi.
Ish beruvchiga, agar xodim oʻz hohishiga koʻra «ishlab berish» muddati tugashidan oldin ishdan boʻshayotgan boʻlsa, xodimning oʻqish narxini toʻliq yoki oʻqitishdan keyin ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda toʻlash majburiyati boʻyicha u bilan shartnoma (kelishuv) tuzishni tavsiya qilamiz. Qonunchilik bunday turdagi shartnomalarni tuzishni taqiqlamaydi
.
Shuningdek, alohida shartnoma (kelishuv) tuzmasdan, ushbu shartni xodim bilan qoʻshimcha kelishuv tuzish yoʻli bilan amaldagi mehnat shartnomasiga kiritish ham mumkin.
Shunga oʻxshash tartibda mehnat munosabatlari Mehnat kodeksining 100-modda 2-qism 3 yoki 4-bandi boʻyicha tugatilgan taqdirda oʻqish xarajatlarini qoplashni ham nazarda tutish mumkin.