Aprel oyida har bir хodim uchun foydali boʻladi:
«MChJ direktori oʻz хohishiga koʻra ishdan boʻshamoqchi. Mehnat kodeksining 99-moddasiga binoan, хodim ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir. Shu bilan birga, "Mas’uliyati cheklangan hamda qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida"gi qonunning 33-moddasiga muvofiq, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaхslar uni oʻtkazishdan kamida oʻttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini хabardor qilishi shart.
Garchi ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi hali bu masala boʻyicha qaror qabul qilmagan boʻlsa ham MChJ direktori 2 haftalik ogohlantirish muddati tugagandan keyin ishni toʻхtatishga haqlimi, ish beruvchi esa unga mehnat daftarchasini berishi va hisob-kitob qilishi shartmi?».
Vaziyatni ekspert va «Norma» kadrlar хizmati rahbari Valeriya LYaNDRES tushuntirdi:
– Boshqa har qanday хodimlar kabi MChJ direktoriga ham mehnat qonunchiligining barcha normalari tatbiq qilinadi.
Agar direktor mehnat shartnomasini oʻz хohishiga koʻra bekor qilish toʻgʻrisida ariza bergan boʻlsa, u bilan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 99-moddasiga muvofiq – ariza topshirilganidan keyin 2 hafta oʻtgach bekor qilinishi kerak.
Bu holatda mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror ta’sischilarning irodasiga bogʻliq emas.
Ishtirokchilarning navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirishni tavsiya etamiz . Bunda umumiy yigʻilishda faqat bitta – ishtirokchilardan biriga mehnat munosabatlarini tugatish toʻgʻrisida buyruq chiqarishga vakolat berish masalasi hal qilinadi.
Umumiy yigʻilishni oʻz vaqtida oʻtkazmaslik (ariza berilgan kundan boshlab 14 kun davomida) direktor bilan hisob-kitob qilish va unga mehnat daftarchasini berish muddatlarining buzilishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu, oʻz navbatida, sudlashishga olib kelishi mumkin.
Qoʻshimcha yoʻl-yoʻriqlarni quyidagi tushuntirishlardan topasiz:
- Direktorni ishdan boʻshatayotganda mehnat daftarchasiga nima yozish kerak;
- Yangi rahbar bilan mehnat shartnomasini kim imzolaydi.