Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
2023 yil 30 apreldan boshlab ta’tillarni taqdim qilishning koʻpgina odatiy shartlari oʻzgaradi. Hatto ta’tilning yangi turi – ish haqi qisman saqlanib qoladigan ta’til paydo boʻladi.
Kiritilgan yangiliklarni kadrovik.uz uchun maxsus yuridik fanlar nomzod, Myehnat kodeksi mualliflaridan biri Mixail GASANOV va «Norma» eksperti, huquqshunos Lenara XIKMATOVA tushuntirdi:
Ijtimoiy ta’tillar (28.10.2022 y. 798-son OʻRQ yangi MK 237-m.).
Yangi MK «ijtimoiy ta’tillar» tushunchasini kiritmoqda. Bu – xodimlarga onalik, bolalarni parvarishlash, ta’lim olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek boshqa ijtimoiy maqsadlarda beriladigan ta’tillardir. Ularga quyidagi ta’tillar kiradi:
1) homiladorlik va tugʻish;
2) bola parvarishlash;
3) oʻquv;
4) ijodiy.
Ularni taqdim etish va rasmiylashtirishda tub oʻzgarishlar kutilmayapdi. Bunda yangi MK ijtimoiy ta’tillar boʻyicha quyidagi ishlarni amalga oshirish mumkin emasligiga aniqlik kiritdi:
- boshqa muddatga koʻchirish (agar ular oʻz vaqtida ishlatilmagan boʻlsa);
- pulli kompensatsiya bilan almashtirish;
- jamlash.
Ularning qonunchilikda belgilanganiga nisbatan uzoqroq davomiyligini belgilashga esa yoʻl qoʻyiladi.
Yangi Mehnat kodeksi ish beruvchilarga xodimlarga boshqa ijtimoiy ta’tillar berishga imkon beradi. Masalan, – nikoh tuzilganligi, xodimning yaqin qarindoshi vafot etganligi, bola tugʻilishi munosabati bilan bolaning otasiga va hokazo.
Bunday ta’tillar davrida xodimlarning oʻrtacha oylik ish haqi yoki uning bir qismi saqlanib qolishi, ularning davomiyligi va har yilgi mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish stajiga kiritish masalasi mahalliy tartibda hal qilinadi (28.10.2022 y. 798-son OʻRQ yangi MK 238-m.).
Ish haqi saqlanmaydigan ta’til (28.10.2022 y. 798-son OʻRQ yangi MK 241-m.).
Ushbu tushuncha ilk bor toʻliq ochib berilmoqda. Bu – xodimning ish oʻrni (lavozimi) saqlanib qolgan holda haq toʻlanmaydigan ta’til.
Ta’til davomiyligi uzluksiz yoki jamlangan holda kalendar yili mobaynida uch oydan oshmasligi kerak.
Bu yerda asosiy yangilik ushbu davrni hisob-kitob qilish tartibidir: yil ish haqi saqlanmaydigan oxirgi ta’til berilgan kundan e’tiboran hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu ta’tilning eng koʻp davomiyligi boʻyicha istisnolar belgilanganligi yangilik boʻldi. Xususan, karantin choralari amalga oshirilayotgan, favqulodda holat joriy etilgan davrda va butun aholining yoki uning bir qismining hayotiga yoxud normal yashash sharoitlariga tahdid soluvchi boshqa hollarda ta’tilning uzluksiz yoki jamlangan davomiyligi koʻpi bilan olti oygacha oshirilishi mumkin.
Umumiy qoidalarga koʻra, ish haqi saqlanmaydigan ta’til xodimning yozma arizasi asosida tomonlarning kelishuvi boʻyicha taqdim qilinadi. Ammo ish beruvchi ularning iltimosiga koʻra bunday ta’tilni berishga majbur boʻlgan xodimlar toifalari mavjud. Bunday shaxslarning roʻyxati tuzatildi va endilikda u shunday koʻrinishda:
- 1941 – 1945 yillardagi urush qatnashchilari va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslar
; - I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;
- ikki yoshdan uch yoshgacha boʻlgan bolani haqiqatda parvarishlayotgan bolaning ota-onasidan biri (vasiysi);
- qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shuningdek mehnat shartnomasi shartlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa xodimlarga.
Xodimning xohishiga koʻra ta’til har yili oʻn toʻrt kalendar kungacha boʻlgan davomiylikda majburiy tartibda beriladi. Agar xodim koʻproq muddat soʻrasa, masala tomonlarning kelishuvi bilan hal qilinadi (28.10.2022 y. 798-son OʻRQ yangi MK 242-m.).
Bundan tashqari, ish beruvchi ikki yoshdan uch yoshgacha boʻlgan bolani haqiqatda parvarishlayotgan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga), buvisiga, bobosiga yoki boshqa qarindoshiga ish haqi saqlanmaydigan ta’tilni berishga majbur (28.10.2022 y. 798-son OʻRQ yangi MK 405-m.).
Ish haqi qisman saqlanadigan ta’til (28.10.2022 y. 798-son OʻRQ yangi MK 240-m.).
Amaldagi MKda bunday ta’til yoʻq. Yangi Mehnat kodeksiga koʻra, agar bu mahalliy tartibda – jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, xodimga berilishi mumkin.
Xodimga ish haqi qisman saqlanadigan ta’til berish va uning davomiyligi toʻgʻrisidagi masala har bir muayyan holda mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra hal etiladi. Xodimning unga bunday ta’til berilishiga roziligi ish beruvchiga yozma ariza berish orqali bildiriladi.
Ya’ni, ish haqi saqlanmaydigan ta’tilda boʻlgani kabi xodimning arizasisiz, majburan ish haqi qisman saqlanadigan ta’tilga chiqarish man qilinadi.
Bunda har bir tashkilot mahalliy tartibda quyidagilarni belgilaydi:
1) bunday ta’tilning kalendar yil davomidagi eng koʻp davomiyligi;
2) ish stajiga ish haqi qisman saqlanadigan ta’tilni qoʻshish yoki qoʻshmaslik toʻgʻrisidagi masala;
3) xodimning saqlanib qoladigan ish haqi miqdori. Ammo bunda u qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlishi mumkin emas. Agar xodim ish haqi qisman saqlanadigan ta’tilda boʻlgan davrida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oshirilgan boʻlsa, ushbu oshirilishni hisobga olgan holda xodimga tegishli ish haqi miqdori qayta hisob-kitob qilinishi kerak.
Shuningdek, mahalliy tartibda ish beruvchi xodimning iltimosiga koʻra unga ish haqi qisman saqlanadigan ta’til berishi shart boʻlgan hollar nazarda tutilishi mumkin.