Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Buxgalter toʻlov qilishda adashib pul mablagʻlarini boshqa yetkazib beruvchiga yubordi. Natijada tashkilot katta miqdordagi bank komissiyasini toʻlashiga toʻgʻri keldi...
Buxgalterlarga nisbatan qanday intizomiy jazo va ogohlantirishlar qoʻllanilishi mumkin?».
Kadrovik.uz tushuntiradi:
– Intizomiy javobgarlikning ikki turi mavjud: umumiy va maxsus.
Umumiy intizomiy javobgarlik Mehnat kodeksi va Ichki mehnat tartibi qoidalari (IMTQ) bilan tartibga solinadi. U xodimga Yangi Mehnat kodeksining 312-moddasida nazarda tutilgan choralardan birini qoʻllashni nazarda tutadi.
Umumiy intizomiy javobgarlik barcha xodimlarga nisbatan tatbiq etiladi, bundan oʻzi uchun maxsus intizomiy javobgarlik belgilangan shaxslar mustasno.
Javobgarlik nafaqat ichki mehnat tartibi qoidalarini (kechikib kelish va b.) buzganlik uchun, balki oʻz mehnat majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, boshqacha qilib aytganda, – xodim tomonidan mehnat majburiyatlari buzilganda ham qoʻllaniladi
.
Maxsus intizomiy javobgarlik faqat ayrim toifadagi xodimlar uchun nazarda tutilgan. Uni intizom toʻgʻrisidagi tegishli qonunlar, ustavlar va nizomlar (harbiy xizmatchilar, sudyalar, temir yoʻl transporti xodimlari, davlat fuqarolik xizmatchilari va boshqalar uchun) belgilaydi. Masalan, davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan hayfsan, jarima va egallab turgan lavozimidan ozod qilishdan tashqari malaka darajasini pasaytirish, davlat fuqarolik xizmati lavozimini pasaytirish kabi kabi intizomiy jazo choralari ham qoʻllanilishi mumkin
.
Qonunchilikda buxgalterlarga nisbatan maxsus intizomiy javobgarlik nazarda tutilmagan.
Xato qilgan buxgalterga nisbatan qanday yoʻl tutish kerak
Intizomiy jazo choralarni qoʻllash – bu ish beruvchining burchi emas, balki huquqidir. Xodimni intizomiy jazoga jalb qilish yoki qilmaslik masalasini hal qilishda quyidagilarni hisobga olish maqsadga muvofiq:
- qilmishning ogʻir-yengilligi;
- uning sodir etilishi holatlari;
- xodimning avvalgi ishi, uning xulq-atvori va boshqa omillar.
Ya’ni, har bir vaziyatni individual tartibda koʻrib chiqing. Quyidagilarni tushunish uchun xodimdan tushuntirish xati oling:
1) Nima uchun xato sodir boʻldi. Buxgalter shunchaki oʻz majburiyatlarini e’tiborsiz qoldirdimi va toʻlovni yubora turib ma’lumotlarni qayta tekshirmadimi? Yoki u boshqa jiddiy muammolar va topshiriqlar bilan haddan tashqari yuklanganmi, xato aynan shuning uchun yuz berdimi?
2) Uni tuzatib boʻladimi-yoʻqmi? Korxona uchun uning oqibatlari qanchalik jiddiy?
.Mehnat intizomini buzganligi uchun (xususan, toʻlovni yuborishdan oldin ma’lumotlarni qayta tekshirish majburiyati) ish beruvchi Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan buxgalterga quyidagi intizomiy choralardan birini qoʻllashga haqli:
1) hayfsan;
2) oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima. Tashkilotning Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin;
3) mehnat shartnomasini bekor qilish
.
Ogohlantirish kabi intizomiy jazo chorasi yangi MKda nazarda tutilmagan
, demak uni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi
.
Qanday intizomiy jazo chorasini tanlashni – sodir etilgan qilmishning ogʻir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlarini hisobga olgan holda ish beruvchi hal qiladi. Ba’zi tashkilotlar ichki mehnat tartibi qoidalariga intizomiy jazolarni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida alohida bobni kiritishadi. Masalan, ish beruvchi qaysi biri uchun hayfsan, boshqalari uchun jarima qoʻllashi mumkin boʻlgan qoidabuzarliklar roʻyxatini yozadi.
Xodim intizomiy javobgarlikdan tashqari, moddiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin
. U yangi MKning 337–350-moddalarida nazarda tutilgan umumiy qoidalarga koʻra xodimning ish beruvchiga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplash majburiyatini nazarda tutadi.
Valeriya LYaNDRES,
«Norma» eksperti
Lenara XIKMATOVA
«Norma» eksperti, huquqshunos