Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Xodim 2022 yilda birinchi bor ishga joylashganligi sababli unda faqat elektron mehnat daftarchasi mavjud. Ish beruvchi ishdan boʻshatilgan kuni unga elektron mehnat daftarchasidan koʻchirma berishga majburmi? Agar xodim oxirgi ish kunida ishga kelmagan boʻlsa, unga koʻchirmani pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali yuborish mumkinmi?».
Savollarga kadrovik.uz iltimosiga koʻra MK loyihasini tayyorlash boʻyicha ekspert guruhi rahbari Mixail GASANOV va «Norma» eksperti Lenara XIKMATOVA javob berishdi:
– Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga hujjatlarni berish tartibi yangi Mehnat kodeksining 171-moddasi bilan belgilangan. Ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodimga uning mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmani, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqning koʻchirma nusxasini berishi shart. Ish beruvchi xodimning yozma arizasiga koʻra unga ish bilan bogʻliq hujjatlarning tegishli ravishda tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini ham berishi shart.
Agar mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodim yoʻq boʻlsa yoki hujjatlarni olishni rad etsa, ish beruvchi keyingi ish kunidan kechiktirmay xodimga mehnat daftarchasini olish uchun kelishi yoxud mehnat daftarchasi pochta orqali yuborilishiga rozilik berishi zarurligi haqida bildirishnoma yuborishi shart.
Ish beruvchi bunday bildirishnoma yuborilgan kundan e’tiboran mehnat daftarchasini berish kechiktirilganligi uchun javobgarlikdan ozod etiladi.
Xodim tomonidan oʻz vaqtida talab qilib olinmagan mehnat daftarchasi ish beruvchi tomonidan xodim mehnat daftarchasini berish toʻgʻrisida murojaat qilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay berilishi kerak.
Qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasini xodimning bunga roziligini olmay turib pochta orqali yuborish mumkin emas. Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqning koʻchirma nusxasini esa pochta joʻnatmasini topshirish haqidagi bildirishnoma bilan yuborishga haqli.
Shuningdek, MKda elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmani pochta orqali yuborishga taqiq mavjud emas. Demak, ish beruvchi uni mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqning koʻchirma nusxasi bilan birga pochta joʻnatmasini topshirish haqidagi bildirishnoma bilan yuborishi mumkin.
Ish beruvchi hujjatlarni haqiqatda yuborganini tasdiqlay olishi uchun joʻnatmaga solingan hujjat nomlari va ularning rekvizitlarini koʻrsatgan holda roʻyxatga olish maqsadga muvofiq sanaladi.
Agar buyruqning koʻchirma nusxasi va elektron mehnat daftarchasidan koʻchirma yoʻqolgan yoki buzilgan boʻlsa, xodim ish beruvchiga yangilarini olish uchun murojaat qilishga haqli.
Ish beruvchi ularni xodimga murojaat qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay berishi kerak.
Buyruqning va ish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarning koʻchirma nusxasi, shuningdek elektron mehnatdan daftarchasidan koʻchirma quyidagilar bilan tasdiqlanishi kerak:
- tashkilot rahbari yoki ishga qabul qilish va mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega boʻlgan boshqa vakolatli shaxsning imzosi bilan;
- tashkilotning muhri (agar mavjud boʻlsa) bilan.
Bundan tashqari, elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmani elektron aloqa vositalari orqali, masalan, xodimning elektron pochta manziliga yuborishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday holda hujjat rahbar yoki boshqa vakolatli shaxsning ERIsi bilan tasdiqlanishi kerak.