Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Avvalgi ish joyidan «qisqartirilgan» xodim uchun muddatidan oldin ta’til beriladimi
«Toʻrt oy oldin ishga qabul qilingan xodim avvalgi ish joyida «qisqartirish» tufayli ta’tildan foydalanishga ulgurolmagani uchun unga har yilgi asosiy ta’til berilishini talab qilmoqda. Agar, umumiy qoidaga koʻra birinchi ish yili uchun mehnat ta’tili olti oydan keyin taqdim etilsa, yangi xodim esa bizda faqat toʻrt oygina ishlagan boʻlsa, unga ta’til berishga majburmizmi?».
Bunday vaziyatda qanday yoʻl tutish kerakligini «Norma» eksperti, yurist Lenara XIKMATOVA tushuntirdi:
Tushuntirish 2023 yil 30 apreldan kuchga kiradigan yangi Mehnat kodeksi asosida tayyorlangan.
– «Yangi MK 1995 yildagi MKdan farqli oʻlaroq, tashkilot xodimlarining soni yoki xodimlar shtatining oʻzgarishi tufayli ozod qilingan xodimlar uchun bunday kafolatni bermaydi. Ya’ni, agar xodim avvalgi joyida «qisqartirilgan» boʻlsa va u oʻziga tegishli ta’tildan foydalanishga ulgurmagan boʻlsa, keyingi ish beruvchi birinchi ish yili uchun unga olti oy oʻtmaguncha ta’til berishga majbur emas.
Yangi Mehnat kodeksiga koʻra, agar quyidagilar olti oy oʻtguniga qadar ta’til olishni xohlasalar, ish beruvchi uchun bunday majburiyat yuzaga keladi
:
- ayollar – homiladorlik va tugʻish ta’tilidan oldin yoki undan keyin;
- oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bitta yoki undan ortiq bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslar (yolgʻiz ota-ona, shu jumladan beva ayollar, beva erkaklar, nikohdan ajralganlar, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlari, ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar);
- oʻn sakkiz yoshdan kichik boʻlgan shaxslarga;
- rezervga boʻshatilganidan keyin uch oydan kechiktirmay ishga kirgan muddatli harbiy xizmatni oʻtagan sobiq harbiy xizmatchilar;
- 1941 – 1945 yillardagi urush qatnashchilari va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar;
- ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida oʻqiyotganlar, agar ular oʻzining har yilgi mehnat ta’tilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtiga toʻgʻrilab olishni xohlasa;
- jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan boshqa hollarda boshqa xodimlar.
Shuning uchun har ehtimolga qarshi ichki hujjatlar va boshqa sanab oʻtilgan hujjatlarda xodimlarga ta’til berish boʻyicha kafolatlar belgilangan yoki belgilanmaganligini tekshiring. Ehtimol, ularda yangi Mehnat kodeksining 227-modda 3-qismida koʻrsatilganlardan tashqari ish beruvchi ularning xohishiga koʻra birinchi ish yili uchun olti oy oʻtguniga qadar ta’til berishga majbur boʻlgan xodimlarning qoʻshimcha toifalari yozilgan boʻlishi mumkin. Misol uchun, agar ular xuddi oʻsha tarmoq yoki bitta idora tizimidagi tashkilotga ishlashga oʻtsalar, bu aynan «qisqartirilgan» xodimlar boʻlishi mumkin.
Taraflarning kelishuviga koʻra «muddatidan avval» ta’til berish mumkin, chunki bu bilan xodimning vaziyati yomonlashmaydi, balki amaldagi qonunchilikka nisbatan yaxshilanadi
. Xodim ish beruvchiga bunga sabab boʻlgan holatlardan qat’i nazar, olti oylik ish muddati tugamasdan avval unga ta’til berish toʻgʻrisida iltimos bilan murojaat qilishga haqli. Ammo bu holatda qarorni ish beruvchi chiqaradi. Agar u qarshi boʻlmasa, qoʻrqmay ta’tilni rasmiylashtirish mumkin, bu yerda hech qanday qoidabuzarlik yoʻq. Bu holda mehnat ta’tili toʻliq davomiylikda va toʻliq haq toʻlangan holda beriladi
.
Ammo unutmang: xodim bu ish yili tugaguniga qadar ishdan boʻshatilgan taqdirda uning ish haqidan ta’tilning ishlab berilmagan kunlari uchun (bunday ushlab qolish amalga oshirilmaydigan alohida asoslar boʻyicha ishdan boʻshatishlar bundan mustasno) ushlab qolishga toʻgʻri keladi
.