Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Fuqarolar, chet elliklar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar JShShIRini qanday bilishi mumkin
Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) barcha davlat, bank va ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlaydi.
Kadrovik.uz JShShIRni qanday bilishni (agar u allaqachon berilgan boʻlsa) yoki uni olishni (agar siz chet ellik boʻlsangiz) eslatadi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining JShShIRi
Biometrik pasport yoki ID-kartaga ega boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari JShShIR olish uchun hech narsa qilishlari shart emas. U ularda allaqachon bor. Pasportda u raqamlarning pastki qatorida joylashgan:
ID-kartada u teskari tomonda – QR-kodning oʻng tomonida joylashgan (qarang shaxsiy raqami / personal number).
Agar qoʻlingizda pasport yoki ID-karta boʻlmasa, lekin siz seriya va raqamni bilsangiz hamda zudlik bilan JShShIR va STIRni bilishingiz kerak boʻlsa, soliq boshqarmasining xizmatidan foydalaning.
Shuningdek, JShShIRni davlat xizmatlarining yagona portali (DXYaIP) orqali ham bilishingiz va tekshirishingiz mumkin. Buning uchun OneID yordamida identifikatsiyadan oʻting va «Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami toʻgʻrisida ma’lumotnoma olish» xizmatidan foydalaning.
Ikkala xizmat ham bepul.
2. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun JShShIR
Oʻzbekistonda yashash huquqiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun JShShIR davlat xizmatlarini koʻrsatishda ham yagona identifikator hisoblanadi.
Chet el fuqarolari va yashash huquqi bilan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun JShShIR (IR va BGseriyali pasportlar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlari tomonidan (pasport stoli) beriladi.
3. Texnik xatolar va ular qanday tuzatilishi kerak
Ishga joylashishda JShShIRsiz ish bitmaydi. Lekin ba’zida hozirning oʻzida olingan identifikator YaMMTda roʻyxatdan oʻtmaydi. Tizim xatolikni koʻrsatadi: «xodim tashqi ma’lumotlar bazasida topilmadi».
YaMMTdagi ma’lumotlar Personallashtirish markazining ma’lumotlar bazasidan olinadi. Shuning uchun, agar shunday xato yuzaga kelsa, pasport stolidagi xodimdan JShShIRingiz ma’lumotlar bazasiga kiritilgan-kiritilmaganligini aniqlashtiring. Agar u yerda hamma narsa joyida boʻlsa, YaMMT qoʻllab-quvvatlash xizmatiga soʻrov yuboring. Ehtimol, YaMMTdagi xato bu ikki tizim oʻzaro ta’sirlashganda texnik muammoning natijasi boʻlishi mumkin.
Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yana bir xato – pasportni ID kartaga almashtirganda JShShIRning oʻzgarishi. Nazariy jihatdan, bunday boʻlmasligi kerak, JShShIR jismoniy shaxsga bir marta beriladi va egasi hayotining oxirigacha hujjatlarni oʻzgartirganda ham oʻzgarmaydi. Ammo, amaliyot koʻrsatgandek, texnik xatolar yuz berib turadi.
Agar shunday vaziyat yuzaga kelsa, xodim yana pasport stoliga murojaat qilishi, xatoni koʻrsatishi va uning tuzatilishini kutishi kerak boʻladi.
Saida JANIZAKOVA tayyorladi