Xodim ishdan boʻshatilgandan keyin foydalanilmagan ta’tillar uchun kompensatsiya olmoqchi

preview

«Xodim tashkilotda 10 yil ishladi. Bu vaqt ichida u asosan oʻz ixtiyoriga koʻra biron marta ham ta’tilga chiqmagan. 5 oy oldin u mehnat majburiyatlarini buzgani uchun ishdan boʻshatilgan, shu munosabat bilan unga foydalanilmagan ta’tillar uchun kompensatsiya toʻlanmadi. Endi u barcha 10 yil uchun ta’til pullarini toʻlab berishlarini talab qilib, sudga murojaat qilish bilan tahdid qilmoqda.

Yangi Mehnat kodeksi mehnat nizolari boʻyicha sudga murojaat qilishning qanday muddatlarini belgilaydi?

Xodimning oʻzi ta’tilga chiqishni istamagan, qolaversa, u bilan mehnat shartnomasi mehnat intizomini buzgani uchun bekor qilingan boʻlsa, unga foydalanilmagan ta’tillar uchun pulli kompensatsiya toʻlashga majburmizmi?» 

kadrovik.uz oʻquvchisining holatini yangi MKni tayyorlash boʻyicha ekspertlar guruhi rahbari, yuridik fanlar nomzodi Mixail GASANOV va yurist, «Norma» eksperti Lenara XIKMATOVA batafsil izohlashdi:

 

Ekspertlarning muhim tushuntirishlarini oʻtkazib yubormaslik uchun telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

– Mehnat kodeksining 234-moddasi 1-qismiga muvofiq mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya toʻlanadi.

Foydalanilmagan ta’tillar uchun kompensatsiya toʻlash majburiyati mehnat shartnomasini bekor qilish asoslariga bogʻliq emas (bu xodimning oʻz xohishi, ish beruvchining tashabbusi, mehnat shartnomasi muddatining tugashi va boshqalar boʻlishi mumkin).

Shuningdek, u mehnat ta’tilining taqdim qilinmaganligi sabablariga bogʻliq emas.

Mehnat kodeksining 230-moddasiga muvofiq har yilgi mehnat ta’tili har yili, ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak. Aks holda, bu mehnat qonunchiligining buzilishi sanaladi.

Amaliyotda shunday boʻladiki, ish beruvchi ishlab chiqarish zaruratini vaj sifatida koʻrsatib, ta’til bermaydi, ba’zida esa xodimning oʻzi ta’tilga chiqishni xohlamaydi. Qanday boʻlmasin, ta’tilni oʻz vaqtida berish majburiyati (ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar) butunlay ish beruvchiga yuklatiladi. Hatto xodimning oʻzi koʻz yoshlar bilan uni ta’tilga yubormaslikni iltimos qilsa ham, mehnat qonunchiligini buzganlik uchun MJtKning 49-moddasi boʻyicha ma’muriy javobgarlikka xodim emas, balki ish beruvchining aybdor mansabdor shaxsi tortiladi.

 

Ta’til haqida barchasini Buxgalter Pro loyihasining tavsiyalarida oʻqishingiz mumkin:

 

Sudga murojaat qilish uchun Yangi MK qanday muddatni belgilaydi?

Mehnat shartnomasi bekor qilinganda, unga tegishli boʻlgan, ammo foydalanilmagan ta’tillar uchun pulli kompensatsiya toʻlanmagan xodim sudga tegishli da’vo bilan murojaat qilishga haqli.

Yangi Mehnat kodeksida yakka tartibdagi mehnat nizosining koʻrib chiqilishi uchun sudga murojaat qilishning quyidagi muddatlari belgilangan:

  • ishga tiklash toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha – xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrugʻining koʻchirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran uch oy;
  • xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha – ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan e’tiboran bir yil;
  • boshqa mehnat nizolari boʻyicha – xodim oʻzining huquqi buzilganligi toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan kundan e’tiboran olti oy .

Tegishincha, sizning vaziyatingizda – foydalanilmagan ta’tillar uchun pulli kompensatsiyani toʻlash toʻgʻrisidagi mehnat nizosi uchun – 6 oylik muddat qoʻllaniladi. Bunda ta’til berilishi kerak boʻlgan oʻsha ish yili tugagan kundan qancha vaqt oʻtgani muhim emas. Xodim hatto 20 yillik foydalanilmagan ta’til uchun kompensatsiya talab qilishga haqli.

 

Sudga murojaat qilish uchun muddatni hisoblash qaysi kundan boshlanishini qanday aniqlash mumkin?

Mehnat kodeksining 172-moddasiga muvofiq ish beruvchi tomonidan xodimga tegishli boʻlgan barcha summalarni toʻlash xodim bilan myehnat shartnomasi bekor qilingan kunda amalga oshiriladi. Hisob-kitob xodimga:

  • oxirigacha olinmagan ish haqini;
  • xodim tomonidan foydalanilmagan barcha asosiy va qoʻshimcha
  • ta’tillar uchun kompensatsiyalarni;

agar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida boshqa toʻlovlarni toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, ushbu toʻlovlarni toʻlashni oʻz ichiga oladi.

Masalan, mehnat shartnomasi alohida asoslarga koʻra bekor qilinganda ishdan boʻshatish nafaqasi , ogohlantirish muddati evaziga pulli kompensatsiya .

Agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamagan boʻlsa, tegishli summalar hisob-kitob qilish toʻgʻrisida xodim tomonidan talab qoʻyilganidan keyin uch kundan kechiktirmay toʻlanishi kerak.

 

Agar xodim sudga murojaat qilish muddatini oʻtkazib yuborsa?

Sud baribir uning da’vo arizasini qabul qilishga majburdir. Bunday holda sud jarayonida ish beruvchining oʻzi javobgar sifatida sudga xodim (da’vogar) Mehnat kodeksining 560-moddasida belgilangan muddatni oʻtkazib yuborganligini e’lon qilishi mumkin. Sud javobgardan bunday iltimosnomani olgandan va ish materiallarini koʻrib chiqqandan keyin:

  • da’vo muddati uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan deb topsa, bu muddatni tiklashi

yoki

  • sudga murojaat qilish muddati uzrsiz sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilganligini aniqlasa, da’voni rad etishi mumkin .

Agar taraflar mediatsiya tartibini qoʻllasa, sudga murojaat etish muddatining oʻtishi toʻxtatib turiladi .

 

Mediatsiya nima?

Mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflar oʻzaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida hal qilish usuli. Taraflar oʻzaro kelishuvga koʻra ushbu tartib-taomilni oʻtkazish uchun bir yoki bir nechta mediatorlarni tanlaydi .

Nizolarni hal qilishning ushbu usuli ixtiyoriy boʻlib, faqat xodim va ish beruvchining oʻzaro kelishuvi bilan qoʻllaniladi.

Agar mediatsiya natija bermasa, xodim sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda,  yuqorida aytib oʻtilganidek, sudga murojaat qilishning 6 oylik muddati mehnat nizosini mediatsiya tartibida koʻrib chiqish davriga toʻxtatiladi.

Muhim

Xodim ish beruvchining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan boshqa organlarga, masalan, prokuratura, mehnat inspeksiyasiga shikoyat qilishga haqli.

Bunday murojaatlarni berish muddatlari, qoida tariqasida, belgilanmaydi .

Eslatib oʻtamiz

Yangi Mehnat kodeksiga koʻra, ish beruvchi xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlarni, shu jumladan mehnat shartnomasi bekor qilinganda, toʻlovlarni kechiktirganligi uchun moddiy javobgar boʻladi.

Ish beruvchi bunday toʻlovlarni toʻlash muddatini buzgan taqdirda, u ularni toʻlov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni oʻz ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining oʻsha vaqtda amalda boʻlgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga toʻlashi shart.

Xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan pulli kompensatsiyaning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining oʻn foizi miqdorida belgilanadi .

 

 

 

 

Tushuntirishlar material e’lon qilingan paytda amalda boʻlgan normalarni hisobga olgan holda tayyorlangan va ekspertlar fikrini aks ettiradi. Yakuniy qarorni foydalanuvchi aniq vaziyatlarni hisobga olgan holda mustaqil ravishda qabul qiladi
Oʻzbekistonda haq va boshqa toʻlovlar-haq toʻlash shartlari, haq va boshqa toʻlovlar haqida ma’lumot oʻzbekistonda ish haqi va boshqa toʻlovlar, ish haqi, ish haqi va boshqa toʻlovlar Oʻzbekistonda ish haqi va boshqa toʻlovlar. Oʻzbekistonda haq toʻlash va boshqa toʻlovlarning turli jihatlari haqida koʻproq bilib oling. Bu yerda siz ish haqi va boshqa toʻlovlar haqida ma’lumot topishingiz mumkin. Ish haqi va boshqa toʻlovlar haqida barcha ma’lumotlar /oz/publish/doc/text192218_hodim_ishdan_bushatilgandan_keyin_foydalanilmagan_tatillar_uchun_kompensaciya_olmoqchi