Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Mehnat kodeksida 1941 – 1945 yillardagi urush ishtirokchilari va ularga imtiyozlar boʻyicha tenglashtirilgan shaxslar uchun bir qator kafolatlar mavjud, ammo u ushbu toifa mazmunini oshkor qilmaydi. Urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar sirasiga kimlar kiradi?
Savolga Norma mutaxassisi, yurist Lenara XIKMATOVA javob berdi:
– Darhaqiqat, Mehnat kodeksiga muvofiq 1941 – 1945 yillardagi urush qatnashchilari va imtiyozlar boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslar ma’lum ijtimoiy-mehnat imtiyozlari va kafolatlariga ega. Xususan:
- xodimlarning soni (shtat qisqarishi) oʻzgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqidagi masala hal qilinayotganda teng malaka va mehnat unumdorligida boshqa xodimlarga qaraganda ularga afzallik beriladi
; - ular xohishiga koʻra ishga qabul qilingandan keyin olti oy oʻtguniga qadar har yilgi mehnat ta’tili olishga
, shuningdek, ta’tilga unga qulay boʻlgan vaqtda chiqishga haqli
; - xodimning xohishiga koʻra ish beruvchi ish haqi saqlanmaydigan ta’tilni – har yili oʻn toʻrt kalendar kungacha taqdim qilishga majburdir
.
Kim urush ishtirokchisi deb hisoblanishi va ularga tenglashtirilgan shaxslar doirasiga kimlar kirishi 13.10.2022 yildagi 592-son VMQ tomonidan tasdiqlangan Nizomda (keyingi oʻrinlarda – Nizom) belgilangan. Ushbu hujjat davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibini nazarda tutadi. Nizomga 1-son ilovada quyidagilar koʻrsatilgan:
1941 – 1945 yillardagi urush, boshqa urushlar davrida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasida harakatdagi armiya tarkibiga kirgan harbiy qismlar, shtab va muassasalarda xizmat oʻtagan harbiy xizmatchilar pensiyaga ustama olishga haqli urush qatnashchilari hisoblanadi.
Urush ishtirokchilariga tenglashtirilgan shaxslarning toʻliq roʻyxati esa quyidagicha koʻrinishda:
- 1941 yilning 22 iyunidan 1954 yilning 31 dekabrigacha boʻlgan davrda qiruvchi batalonlar, vzvodlar va xalqni himoya qiluvchi otryadlar tarkibida sobiq SSSR hududida jangovar harakatlarda ishtirok etgan shaxslar;
- 1941 — 1945 yillardagi urush davrida partizan otryadlari va qoʻshilmalarida yoki yashirin ishlarda boʻlgan shaxslar;
- 1941 — 1945 yillardagi urush davrida harakatdagi armiya tarkibida yoki harakatlar ketayotgan joylarda xizmatni oʻtagan sobiq SSSRning Ichki ishlar vazirligi organlari va Davlat xavfsizligi qoʻmitasi organlarining boshliqlar hamda oddiy xodimlar tarkibidan boʻlgan shaxslar;
- 1941 — 1945 yillardagi urush davrida harakatdagi armiya va flotlar tarkibidagi qismlar hamda boʻlinmalarda balogʻat yoshiga yetgunga qadar polk oʻgʻillari va yungalar sifatida yurgan shaxslar;
- 1941 — 1945 yillardagi urush davrida temir yoʻllarning front yaqinidagi uchastkalarida, mudofaa chizigʻi inshootlarida ishlagan, harbiy-dengiz bazalari, aerodromlar hamda harbiy harakatlar ketayotgan joylardagi boshqa harbiy ob’yektlar qurilishi ishlarida qatnashgan xodimlar;
- harakatdagi armiya tarkibida ishlagan yollanma xodimlar tarkibidan boʻlgan shaxslar;
- 1941 — 1945 yillardagi urush davrida fashist konslagerlari (getto va zoʻrlik bilan ushlab turiladigan boshqa joylar)da boʻlgan (tutqunlar, shu jumladan, bolalar) shaxslar;
- Leningrad shahri qamali davrida shaharning korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida mehnat qilgan va «Leningrad mudofaasi uchun» medali hamda «Qamaldagi Leningrad fuqarosiga» nishoni bilan taqdirlangan shaxslar;
- 1956 yilning 24 oktyabridan 1956 yilning 10 noyabrigacha boʻlgan davrda Vengriya hududidagi jangovar harakatlar davrida harbiy qismlar, shtablar va muassasalarda xizmatni oʻtagan harbiy xizmatchilar;
- harbiy harakatlar ketayotgan mamlakatlarda oʻz baynalmilal burchlarini ado etgan, tinchlik oʻrnatuvchi kuchlar tarkibida ishtirok etgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar va Davlat xavfsizlik xizmati organlarining boshliqlar va oddiy xodimlar tarkibidan boʻlgan shaxslar hamda xizmat safariga yuborilgan ishchi va xizmatchilar.
Shaxsning urush ishtirokchisi ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar sifatida 1941 – 1945 yillardagi urush qatnashchisining guvohnomasi, internatsionalist askarlarga beriladigan imtiyozlar huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma, shuningdek urush ishtirokchisiga tenglashtirilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar qabul qilinadi.