Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Xodimning avvalgi ish staji toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni YaMMTga kim kiritishi kerak
«Xodima kadrlar boʻlimiga qogʻoz mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida oʻzining elektron mehnat daftarchasiga avvalgi ish staji toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni kiritishni soʻrab murojaat qildi. Katta tashkilotning kadrlar boʻlimi boshligʻi sifatida buning uchun boʻsh vaqtim yoʻq va bu ish mening majburiyatimga kirmaydi deb hisoblayman.
Xodim ushbu ma’lumotlarni elektron mehnat daftarchasiga mustaqil ravishda oʻzi kirita oladimi?»
Tushuntirish va koʻrsatma olish uchun biz YaMMT IDAK boshqaruv direksiyasi boʻlim boshligʻi Zarnigor Abdurahmonovaga murojaat qildik:
– Ha, xodim YaMMTdagi mehnat staji toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni tizimga mustaqil ravishda kiritishi mumkin. Biroq ish beruvchilar YaMMTga oʻz xodimlarining avvalgi mehnat faoliyati toʻgʻrisida ma’lumot kiritish uchun javobgardir. Quyida bu haqda batafsil tanishing.
Xodim avvalgi ish staji haqidagi ma’lumotlarni elektron mehnat daftarchasiga qanday kiritishi kerak
1. OneID xizmatidan roʻyxatdan oʻtishdan foydalanib, my.mehnat.uz saytidagi jismoniy shaxsning kabinetiga kiring.
2. «Mehnat daftarchasi» boʻlimidagi asosiy sahifada «Avvalgi ish joyini qoʻshish» opsiyasini toping.
3. Qogʻoz mehnat daftarchasidagi yozuvlarga muvofiq avvalgi ish joylarini qoʻshing.
4. Tashkilot topilgandan keyin xuddi shu sahifada «Qabul qilish», «Boshqa ishga oʻtkazish» (agar mehnat daftarchasida oʻtkazish haqida yozuvlar boʻlsa) va «Ishdan boʻshatish» boʻlimlarini toʻldirish kerak. Bu yerda mehnat daftarchasidagi yozuvlarga muvofiq buyruqlarning sanalari va raqamlarini koʻrsating. Kiritilgan ma’lumotlarni saqlang.
5. Saqlashdan soʻng asosiy sahifada tasdiqlanmagan maqomga ega yangi yozuvni koʻrasiz.
31.10.2019 y. PQ-4502-son va 04.05.2021 y. PQ-5102-son qarorlariga muvofiq YaMMT tizimiga avvalgi mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlar kiritilgandan keyin fuqarolarning ish staji shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻi (JShShJBP) va mehnatga haq toʻlash individual reyestri ma’lumotlari asosida verifikatsiya qilinadi. JShShJBP va mehnatga haq toʻlash individual reyestridan ma’lumotlar Xalq bank va Soliq qoʻmitasi ma’lumotlar bazasidan taqdim etiladi.
Ayni paytda fuqarolarning ish staji verifikatsiyasi boshlangan. Ba’zida ish stajini tekshirish uchun ma’lumotlarning yoʻqligi yoki ish staji toʻgʻrisidagi ma’lumotlar va JShShJBP ma’lumotlari farq qiladigan holatlar uchrab turadi. Xalq bank va Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda oʻtmish mehnat faoliyati davrlarini tasdiqlash uchun bunday ishlarni hal qilish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Shunday qilib, xodim 1997 yildan hozirgi kungacha oʻzi ishlagan barcha tashkilotlarni tizimga mustaqil ravishda kiritishi mumkin.
Agar ushbu ma’lumotni topishning imkoni boʻlsa, u 1997 yilgacha ishlagan tashkilotlarni ham kiritish mumkin. Sovet davrida va 1997 yilgacha boʻlgan ish davri pensiyaga chiqishingizda bandlik boʻlimining (mehnat birjasi) mas’ul xodimi tomonidan kiritiladi.
Eslatib oʻtamiz, 11.03.1997 yildagi 130-son VMQga muvofiq soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamlarini (STIR) belgilash va qoʻllash tizimi 1997 yil 1 aprelda joriy qilingan, shuning uchun koʻpincha ushbu davrgacha tashkilotlarni qidirishda qiyinchiliklar paydo boʻladi.
Tashkilotni qanday topish mumkin
Oʻzingiz bilgan ma’lumotni kiriting: hudud (shahar), tuman, kirill yoki lotin alifbosida toʻliq yoki qisman nomi, STIR (mehnat daftarchangizdagi muhrga e’tibor bering, u yerda joylashgan joy nomi va mintaqasi koʻrsatilgan).
Agar tashkilot bugungacha faoliyat yuritayotgan boʻlsa, unda hozirgi nom bilan izlash kerak.
Tashkilotlarni izlash uchun qoʻshimcha saytlardan foydalaning: orginfo.uz, uzorg.info, statsnet.co.
YaMMTga xodimning avvalgi ish staji haqidagi ma’lumotlarni kim kiritishi kerak
Eslab qoling: 13.03.2023 y. 106-son «Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 dekabrdagi 971-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi VMQga muvofiq ish beruvchilar mulkchilik shakllaridan va idoraviy boʻysunishidan qat’i nazar, oʻz xodimlarining avvalgi mehnat faoliyati toʻgʻrisida ma’lumot kiritish uchun javobgardirlar.
Ya’ni, 2023 yil mart oyidan boshlab ish beruvchilar xodimlarning avvalgi ish staji haqidagi ma’lumotlarni ham kiritadilar.
Avvalgi ish stajini kiritish tartibi yuqoridagilarga oʻxshaydi, faqat ish beruvchi saytga tashkilot kabineti orqali kiradi va kerakli xodimni tanlaydi.
Xulosa
- Agar jismoniy shaxs ishlayotgan boʻlsa, amaldagi ish beruvchi mehnat daftarchasidagi avvalgi ish joylarini toʻldiradi (05.12.2019 y. 971-son VMQga mart oyida kiritilgan oʻzgarishlarga qarang) yoki xodim bu ma’lumotlarni shaxsiy kabineti orqali oʻzi mustaqil ravishda kiritadi.
- Ish beruvchi ham, xodimning oʻzi ham 1997 yildan hozirgi kungacha avvalgi ish joylarini kiritishi kerak.
- Mehnat birjasi xodimlari pensiya rasmiylashtirayotgan jismoniy shaxslarning mehnat daftarchalarini raqamlashtirish uchun javobgardir. Ular 1997 yilgacha oʻzlari mustaqil tarzda kirita olmagan ish davrlarini kiritadilar.
Saida JANIZAKOVA tayyorladi