Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Moddiy javobgar xodim ishdan boʻshash haqida ariza berdi. Direktor inventarizatsiya oʻtkazishni tayinladi, biroq xodim undan ishdan boʻshatish haqidagi buyruqni zudlik bilan imzolashini soʻrayapti. Ish beruvchi inventarizatsiya natijalarini olmaguncha xodimni ishdan boʻshatishni rad etishi mumkinmi?
– MK 99-m. 1-q. muvofiq, xodim 2 hafta oldin ish beruvchini oʻz xohishiga koʻra ishdan boʻshashi haqida ogohlantirishi shart. Ish beruvchi ana shu 2 hafta ichida inventarizatsiya oʻtkazishga ulgurgani ma’qul. Muayyan sabablarga koʻra shu muddatda inventarizatsiya oʻtkazilmasa, bu moddiy javobgar shaxsni ishdan boʻshatishni kechiktirishga asos boʻla olmaydi. 17.04.1998 yildagi 12-son OSPQ 15-b. 5-xatb. bu toʻgʻridan-toʻgʻri qayd etilgan: «Qonunda belgilangan yoki taraflar kelishuviga koʻra qisqartirilgan ogohlantirish muddati tugagach, xodim ishni tugatishga haqli, ish beruvchi esa xodimga mehnat daftarchasi va mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruqdan nusxa berib, u bilan hisob-kitob qilishga majbur. Ish beruvchi tomonidan xodimning tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasining bekor qilinishini kechiktirishga, shuningdek boshlangan ishni tugatmagani, qarzi yoʻqligi varaqasining imzolanmagani, xodimning moddiy qiymatlarni topshirmagani munosabati bilan ham kechiktirishga yoʻl qoʻyilmaydi».
Oʻz navbatida xodim uzrli sabablar boʻlmasa, ariza bergach 2 haftalik ogohlantirish muddati tugamasdan ish beruvchidan uni zudlik bilan ishdan boʻshatishini talab qilishga haqli emas. Umumiy qoidaga koʻra ogohlantirish muddatini faqat xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan qisqartirish mumkin
.
Zudlik bilan ishdan boʻshash zarurati ishni davom ettirishning imkoni yoʻqligi bilan bogʻliq boʻlsa, ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilgan muddatda bekor qilishi kerak. Quyidagi sabablarni ular sirasiga kiritish mumkin: oʻquv yurtiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanganligi, xodim sogʻligʻining ahvoli, bemor oila a’zosini parvarishlash zarurati va h.k.
Qonun hujjatlarida ishni davom ettirish imkonini bermaydigan taxminiy roʻyxatgina mavjud. Shu sababli nizoni koʻrayotgan sud boshqa holatlarni ham e’tiborga olishi mumkin.
Har bir aniq holatda xodim keltirgan vajlarni inobatga olib, ushbu masalani alohida hal qiling.
Xodim ishdan boʻshagandan keyin inventarizatsiya oʻtkazilib, uning yakunlariga koʻra unga ishonib topshirilgan qimmatliklarning kamomadi aniqlansa, bu sobiq xodimni buning uchun moddiy javobgarlikdan ozod qilmaydi. Shaxs yetkazilgan ziyonni ixtiyoriy ravishda qoplab bermasa, tashkilot uni majburiy ravishda undirish uchun sudga murojaat qilishga haqli.