Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Xodim ish joyi boʻyicha axloq tuzatish ishlari koʻrinishida jinoiy jazo oʻtamoqda. Soʻnggi paytlarda u doimiy ravishda ishga kechikadi, yomon ishlaydi, hayfsanlar unga ta’sir qilmaydi. U bilan mehnat shartnomasini bekor qila olamizmi? Agar bekor qila olsak, bu haqda qaysi organlarga xabar berishimiz lozim? Bunda unga qanday kompensatsiya toʻlovlarini toʻlashimiz kerak boʻladi?».
Savolga «Norma» eksperti, huquqshunos Lenara XIKMATOVA javob berdi:

– Axloq tuzatish ishlari shaxs ish haqining oʻn foizidan oʻttiz foizigacha miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uni mehnatga majburan jalb qilishdan iborat. Ahloq tuzatish ishlari:
- sudning hukmiga muvofiq mahkumning oʻz ish joyi yoki mazkur jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joylarda oʻtaladi;
- olti oydan uch yilgacha muddatga tayinlanadi
.
Vakolatli organlar: mahkumning yashash joyidagi ichki ishlar organlarining jazolarni ijro etish inspeksiyasi
.
Jazoni oʻtash muddati korxona ma’muriyati jazolarni ijro etish inspeksiyasining xabarnomasini olgan kundan boshlanadi. Xabarnomada: mahkumning toʻliq ismi-sharifi, u sudlangan modda, jazo muddati, ish haqidan chegirish foizi va ushlab qolingan summalarni qayerga oʻtkazish kerakligi koʻrsatiladi.
Shuningdek, inspeksiya jazoni oʻtash shartlarini va mahkum ishlayotgan tashkilot ma’muriyati tomonidan hukm talablarining bajarilishini nazorat qiladi.
Ish beruvchi quyidagilarga majbur:
1) mahkumning ish haqidan toʻgʻri va oʻz vaqtida chegirib qolinishini hamda chegirib qolingan summa davlat foydasiga oʻtkazilishini ta’minlash;
2)mahkumga nisbatan qoʻllanilgan ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralari haqida, uning jazoni oʻtashdan boʻyin tovlayotgani, boshqa ishga oʻtkazilganligi yoki u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida jazolarni ijro etish inspeksiyasini xabardor etish
.
Koʻrib turganingizdek, bunday xodimni ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan boʻshatishga cheklovlar yoʻq.
Shaxs ish joyida emas, balki boshqa joylarda jazo oʻtayotgan holatlar bundan mustasno. Bu yerda endi tashkilot inspeksiyadan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun ruxsat olishi kerak. Agar mahkum oʻz xohishiga koʻra ishdan boʻshamoqchi boʻlsa, u ham xuddi shunday qilishi kerak
.
Shu tariqa, agar mahkum mehnat intizomini buzsa, siz u bilan mehnat shartnomasini Mehnat kodeksining 100-modda 2-qism 3 yoki 4-bandi boʻyicha quyidagi shartlarga rioya qilgan holda bekor qilishga haqlisiz:
- bu haqda jazolarni ijro etish inspeksiyasiga xabar bering (kompaniya buni avvalroq bajarishi shart edi – hayfsan koʻrinishida intizomiy jazo qoʻllaganda);
- Mehnat kodeksida nazarda tutilgan barcha qoidalarga muvofiq xodimni ishdan boʻshating (bunda sizga bu yerda va bu yerda nashr etilgan tavsiyalarimiz yordam beradi).
Xodimning oʻzi ham u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi toʻgʻrisida jazolarni ijro etish inspeksiyasiga ma’lum qilishi shart
.
Foydalanilmagan ta’til uchun kompesatsiya va ishdan boʻshatish nafaqasini toʻlash kerakmi
Tashkilotda nazarda tutilgan ta’tillar axloq tuzatish ishlariga umumiy asoslarda hukm qilingan xodimlarga beriladi. Jinoyat-ijroiya kodeksining 9-moddasiga koʻra, mahkumlar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq xavfsiz mehnat sharoitiga ega boʻlish, dam olish, ta’tilga chiqish, shuningdek mehnatiga haq toʻlanishiga haqli. Ish joyida axloq tuzatish ishlari shaklida jazoni oʻtash xodimni yillik haq toʻlanadigan asosiy ta’til olish huquqidan mahrum qilmaydi va bunday ta’til kunlari sonini kamaytirishga olib kelmaydi.
Tegishincha, agar ishdan boʻshatilgan kunga kelib mahkum foydalanishi kerak boʻlgan ta’tildan ( yoki uning bir qismidan) foydalanmagan boʻlsa, uning uchun unga pullik kompensatsiya toʻlanadi
. Bunday toʻlov uchun ishdan boʻshatish sababi muhim emas.
Mehnat shartnomasi xodimning aybli xatti-harakatlari uchun bekor qilinayotganda ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanmaydi
.