«Moddiy javobgar kasblar va lavozimlar»ning me’yoriy roʻyxati mavjudmi

preview

 Koʻp hollarda ish beruvchilar xodimlarning aynan qaysi toifalari bilan toʻliq moddiy javobgarlik haqida shartnoma tuzish kerakligini bilmaydi. Bunday kasblar va lavozimlarning yagona roʻyxati bormi?

Savolga «Norma» eksperti, huquqshunos Lenara XIKMATOVA javob berdi:

 

– Qonunchilikda bunday roʻyxat yoʻq. Avval lavozimlar va ishlarning namunaviy roʻyxati mavjud edi (02.04.1996 y. Mehnat vazirligining 2/4-sonli qarori bilan tasdiqlangan). Unda toʻliq moddiy javobgar xodimlarning roʻyxati keltirilgan. Roʻyxatda keltirilgan  xodimlar  bilan ishlab chiqarish jarayonida saqlash, qayta ishlash, sotish (chiqarish), tashish yoki qoʻllash uchun oʻzlariga berilgan moddiy boyliklarning xavfsizligini ta’minlamaganligi uchun toʻliq moddiy javobgarlik haqida yozma shartnomalar tuzish nazarda tutilgan.

Lekin u majburiy emas, tavsiyaviy xarakterga ega edi. Xodimlarning qaysi toifalari moddiy javobgar boʻlishi mumkinligi haqida umumiy tasavvurga ega boʻlish uchun u bilan tanishib chiqishingiz mumkin. 

Bugungi kunda qonunchilik bu masalani hal qilishni ish beruvchilarning oʻziga qoʻyib bergan.   

Mehnat kodeksining 203-modda 3-qismiga muvofiq, toʻliq moddiy javobgarlik haqida shartnoma tuziladigan xodimlarning toifalari roʻyxati jamoa shartnomasida belgilab qoʻyiladi. Agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.  

Xodimlarning moddiy javobgar toifalari roʻyxati – shaxssizdir: unga xodimlarning F.I.O.ni koʻrsatgan holda oʻzini emas, balki kasblar, lavozimlar yoki ishlarni kiriting. 

Bevosita pul yoki tovar boyliklari bilan muomala qiluvchi xodimlar tomonidan ishlar birgalikda bajariladigan, jamoa (brigada) moddiy javobgarligi joriy etilishi mumkin boʻlgan boʻlinmalarning roʻyxati ham xuddi shunday tartibda belgilanadi.  

E’tibor bering

Toʻliq moliyaviy javobgarlik haqida shartnomalarni xizmat vazifasiga pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish kiradigan xodimlar bilan tuzing. Bunda toʻliq moddiy javobgarlik haqidagi shartnoma faqat quyidagi xodimlar bilan tuzilishi mumkin :

1) mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan; 

2) 18 yoshga toʻlgan xodim.

Fuqarolik-huquqiy tusdagi  shartnomalar boʻyicha ishlaydigan shaxslar bilan moddiy javobgarlik haqidagi shartnomalar tuzilmaydi. Ular bilan oʻzaro munosabatlarning barcha jihatlari Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi. Bunday xodim yetkazilgan zararni ham ushbu kodeksga muvofiq qoplaydi. 

Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlar faqat qasddan yetkazilgan zarar uchun, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida yoki jinoyat sodir etish natijasida yetkazilgan zarar uchun toʻliq moddiy javobgar boʻladilar .

Yodingizda tuting: agar siz bevosita pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilmaydigan yoki 18 yoshga toʻlmagan yoxud shtatda boʻlmagan shaxs bilan toʻliq moddiy javobgarlik haqida shartnoma tuzsangiz, bunday shartnoma haqiqiy emas deb topiladi. 

 

Xulosa qilamiz:

  • toʻliq moddiy javobgarlik haqidagi shartnomalar tuzilishi mumkin boʻlgan xodimlarning toifalari roʻyxati jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoxud xodimlarning boshqa vakillik organi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi;  
  • agar ushbu lokal roʻyxatda xodimning lavozimi yoki kasbi koʻrsatilgan boʻlsa, u bilan toʻliq moddiy javobgarlik haqida shartnoma tuzish mumkin. Bunda jamoa shartnomasi qonunda belgilangan tartibda qabul qilinishi kerak . 

 

Xodimning javobgarligi Xodimning javobgarligi Xodimning javobgarligi /oz/publish/doc/text184833_moddiy_javobgar_kasblar_va_lavozimlarning_meeriy_ruyhati_mavjudmi