Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Kompaniya oʻz xodimlari bilan birga Toshkentdan Chirchiqqa koʻchib oʻtishni rejalashtirmoqda. Ish beruvchi xodimlarni koʻchib oʻtishdan bir hafta oldin bu haqda ogohlantirdi. Koʻpgina xodimlar yangi joyning uzoqligi, qolaversa xizmat transporti taqdim qilinmasligi sababli yangi joyda ishlashdan bosh tortishdi. Ma’muriyat bosh tortganlarga «oʻz xohishiga koʻra» ariza yozishni taklif qilmoqda. Bu qonuniymi? Ishni rad etganlarga va ish beruvchi bilan birga koʻchib oʻtishga rozi boʻlganlarga qanday kompensatsiya toʻlovlari nazarda tutilgan? Ish beruvchi qonun boʻyicha qancha muddat davomida xodimlarni ish joyini oʻzgartirish toʻgʻrisida ogohlantirishi kerak edi?».
Savollarga «Norma» eksperti, huquqshunos Lenara XIKMATOVA javob berdi:
– Agar ish beruvchi boshqa hududga koʻchib oʻtishni rejalashtirsa, u xodimlar oldida muayyan majburiyatlarga ega boʻladi.
Ish beruvchi xodimni kelgusida boshqa joyga koʻchishi toʻgʻrisida kamida ikki oy oldin yozma shaklda ogohlantirishi shart
. Bunda ish beruvchi ikki haftadan oshadigan ogohlantirish muddatini mutanosib pulli kompensatsiya bilan almashtirishga haqli.
Masalan, agar ogohlantirish 1 noyabrda berilgan boʻlsa, 15 noyabrdan keyin qolgan muddatni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga ruxsat beriladi. Xodimning bunga roziligi talab qilinmaydi.
Ogohlantirishni olgandan soʻng xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joyga koʻchib oʻtishga rozi boʻlish yoki boʻlmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilishi kerak.
Agar xodim koʻchib oʻtishga rozi boʻlsa
Ish beruvchi mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuv rasmiylashtiradi va xodimga quyidagilar uchun kompensatsiya toʻlaydi
:
- xodim va oila a’zolari (er, xotin, ular bilan birga yashaydigan, ularning qaramogʻida boʻlgan oila a’zolari) yoʻlkirasining yoʻl chiptalarini olish uchun qilingan haqiqiy xarajatlari miqdoridagi qiymati;
- temir yoʻl yoki avtomobil transportida xodimning oʻziga besh yuz kilogrammgacha va u bilan birga koʻchib oʻtayotgan oila a’zolariga jami besh yuz kilogrammgacha boʻlgan mol-mulkni tashish xarajatlari;
- yoʻlda boʻlishning har bir kuniga xizmat safarlari uchun nazarda tutilgan miqdorda sutkalik toʻlovlar;
- agar koʻchib oʻtayotgan xodimning ushbu joyda shaxsiy uy-joyi mavjud boʻlmasa hamda ish beruvchi ushbu xodimga va uning oila a’zolariga tegishli uy-joy taqdim etmasa, uy-joy ijarasi bilan bogʻliq xarajatlar;
- yangi ish joyi boʻyicha bir oylik tarif stavkasi (maosh) miqdorida bir martalik nafaqa (koʻtarma pul), shuningdek xodim bilan birga koʻchib oʻtayotgan har bir oila a’zosiga koʻchib oʻtayotgan xodim tarif stavkasining (maoshning) uchdan bir qismi, basharti ushbu oila a’zolari xodimga alohida uy-joy berilgan kundan e’tiboran oʻn ikki oy ichida koʻchib oʻtsa.
Agar xodim koʻchib oʻtishdan bosh tortsa
Ish beruvchi bilan birga boshqa joyga koʻchib oʻtishni rad etgan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi
.
Koʻchib oʻtishni rad etgan xodimga:
Ishdan boʻshatish nafaqasining miqdori mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bogʻliq boʻladi va u:
– uch yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlar uchun – oʻrtacha oylik ish
haqining ellik foizidan;
– 3-5 yilgacha ish stajida – 75%;
– 5-10 yilgacha ish stajida – 100%;
– 10-15 yilgacha ish stajida – 150%;
– ish staji 15 yildan koʻp boʻlganda – 200%dan kam boʻlmasligi kerak.
Tashkilotlar ichki tartibda ishdan boʻshatish nafaqasini toʻlashda belgilanganiga nisbatan uning oshirilgan miqdori koʻrinishida qoʻshimcha kafolatlarni nazarda tutishi mumkin;
- Boshqa ishga joylashish davrida oʻrtacha oylik ish haqi ishdan boʻshatish nafaqasini hisobga olingan holda, biroq koʻpi bilan ikki oyga saqlanadi
.
Agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin oʻttiz kalendar kun ichida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, u uchinchi oy uchun ham avvalgi ish joyidan oʻrtacha oylik ish haqini olish huquqiga ega boʻladi. Buning uchun u mahalliy mehnat organidan ma’lumotnoma taqdim etishi kerak.
Muhim savol: «boshqa hududga koʻchib oʻtish» deb nima tan olinadi?
Masalan, bitta viloyat hududida bir joydan ikkinchisiga koʻchish koʻchib oʻtish hisoblanadimi? Yoki MK «boshqa joy» ostida boshqa viloyatga koʻchib oʻtishni nazarda tutadimi?
Shu oʻrinda biz munozarali nuqtaga yetib keldik. Mehnat kodeksiga koʻra, boshqa joy deganda xodimning yashash joyidan unga yashash joyiga qaytish imkonini bermaydigan masofada joylashgan hudud tushuniladi
. Bizning fikrimizcha, jumla noaniq, u berilgan savolga aniq javob berishga imkon bermaydi.
Xodimning yashash joyiga qaytish imkoni yoʻqligini aniqlash uchun qanday mezonlardan foydalanish kerak: hududlar orasidagi masofami, yoʻlga sarflangan vaqtmi yoki boshqa narsa?
«Aholi bandligi toʻgʻrisida»gi qonunda qaysi ish «maqbul» deb hisoblanmasligi belgilab qoʻyilgan. Koʻrsatilgan mezonlar orasida taklif etilgan ish doimiy yashash joyidan ancha uzoq boʻlsa va transportda qatnash jihatdan qulay boʻlmasligi koʻrsatilgan. Bunda ish joyining transportda qatnash jihatdan qulayligi (yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan uzoqligi) mazkur joydagi jamoat transporti tarmogʻining rivojlanganligi hisobga olingan holda hududiy mehnat organlari tomonidan belgilanadi. Koʻrib turganimizdek, bu norma toʻliq aniqlik bermaydi.
Shu munosabat bilan qonun chiqaruvchi «boshqa joy» tushunchasini iloji boricha yanada aniqlashtirishi maqsadga muvofiq. Aks holda, bu noaniqlik ish beruvchilarga qonunda belgilangan tartib-taomilni bajarmaslik va xodimlarni kompensatsiya toʻlovlaridan mahrum qilish imkonini beradi.