Pensionerni ish beruvchining tashabbusiga koʻra ishdan boʻshatish mumkinmi

preview

«Xodim yoshga doir pensiya oladi. Keyingi vaqtlarda u juda koʻp kasal boʻlib,  doimo «kasallik ta’tilini» oladigan boʻldi, bu esa ish natijalariga ta’sir koʻrsatmoqda. Uni pensioner sifatida ishdan boʻshatishga haqlimizmi? Uning oʻzi ishdan boʻshamoqchi emas. Mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan».

Yangi Mehnat kodeksi qoidalarini hisobga olgan holda bunday vaziyatda ish beruvchi qanday yoʻl tutishi kerakligini «Norma» eksperti, yurist Lenara XIKMATOVA tushuntirdi:

 

– Yoʻq, ish beruvchi xodim pensiya yoshiga yetganligi sababli u bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli emas. Yangi MK bu pozitsiyani ish beruvchining tashabbusiga koʻra ishdan boʻshatish uchun asoslar roʻyxatidan chiqarib tashladi . Ammo bu ish beruvchi ushbu xodim bilan mehnat shartnomasini boshqa asoslar boʻyicha bekor qila olmasligini anglatmaydi.

 

1-variant: tomonlarning kelishuviga koʻra

Agar xodim oʻz xohishiga koʻra ishdan boʻshashni istamasa, unga mehnat shartnomasini tomonlarning kelishuviga koʻra bekor qilishni taklif qilish mumkin .

Bunday holda, agar ish beruvchining moliyaviy imkoniyatlari yoʻl qoʻysa, xodim uchun qulay shartlarni (masalan, ishdan boʻshatish munosabati bilan ma’lum moddiy yordam) nazarda tutish mumkin boʻlgan mehnat shartnomasiga qoʻshimcha kelishuv tuziladi. Ammo, agar xodim bunga qarshi boʻlsa, ushbu asos boʻyicha mehnat shartnomasini bekor qilib boʻlmaydi.

 

2-variant: mehnat majburiyatlarini buzganlik uchun

Agar xodim mehnat intizomini buzsa, mehnat majburiyatlarini bajarmasa yoki notoʻgʻri bajarsa, u bilan mehnat shartnomasi mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzganligi uchun bekor qilinishi mumkin .

Ushbu asoslar boʻyicha mehnat shartnomasini bekor qilish – bu intizomiy jazo chorasidir . Shuning uchun yangi MKning 313 va 314-moddalarida belgilangan intizomiy javobgarlikka tortishning MK tomonidan belgilangan tartibiga rioya qilish kerak. Bundan tashqari, yangi MKning 161–165-moddalariga muvofiq ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan boʻshatish uchun talablarni bajarish kerak.

 

3-variant: «sogʻligʻi holatiga koʻra»

Umumiy belgilangan pensiya yoshiga yetgan shaxslar davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishlari shart. Ularni ish beruvchi tashkil etishi kerak .

Bunday tibbiy koʻrik natijalari boʻyicha berilgan tibbiy xulosani diqqat bilan oʻrganib chiqing. Agar xodim mehnat faoliyatiga toʻliq qobiliyatsiz deb e’tirof etilsa, u bilan mehnat shartnomasi taraflarning xohish-irodasiga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra bekor qilinadi . Ushbu asos boʻyicha  ishdan boʻshatilayotganda xodimga yangi MKning 173-moddasiga muvofiq ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanadi.

Yoxud xodimga tibbiy xulosaga muvofiq yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’sirini istisno etadigan, sogʻligʻining holati boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlmagan ishga doimiy oʻtkazish tavsiya qilinishi mumkin. Bu holda ish beruvchi vakant ish oʻrni mavjud boʻlgan taqdirda xodimni uning roziligi bilan shunday ishga oʻtkazishi shart . Xodim boshqa ishga oʻtkazilishni rad etgan taqdirda yoki ish beruvchida bunday ish boʻlmasa, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi MKning 143-modda 2-qismi boʻyicha bekor qilinishi mumkin. Ishdan boʻshatilayotganda xodimga ishdan boʻshatish nafaqasi ham toʻlanadi. Bundan tashqari yangi MKning 100-moddasiga muvofiq xodim sogʻligʻining holatiga koʻra boshqa ishga oʻtishni rad etganligi yoki ish beruvchida tegishli ish mavjud emasligi munosabati bilan ishdan boʻshatilayotganda xodimga moddiy yordamning qoʻshimcha kafolatlari taqdim etiladi. Xodimda ish qidirish davrida oʻrtacha oylik ish haqining ishdan boʻshatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq koʻpi bilan ikki oyga saqlanib qoladi.

Agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin oʻttiz kalendar kun ichida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, u mahalliy mehnat organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma boʻyicha uchinchi oy uchun ham avvalgi ish joyidan oʻrtacha oylik ish haqini olish huquqiga ega boʻladi .

Ammo endi savol tugʻiladi – bunday kafolatlar tegishli asoslarda ishdan boʻshatilgan, ammo pensiya yoshiga yetgan va pensiya olayotgan shaxslarga beriladimi? Yangi MKning 100-moddasida bu haqda aytilmagan. «Aholi bandligini ta’minlash toʻgʻrisida»gi qonunning 49-moddasida  esa yangi Mehnat kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan hali oʻzgartirish va toʻldirishlar kiritilmagan.

Pensiya ta’minoti huquqini olgan shaxslar ishsizlar deb e’tirof etilishi mumkin emas, tegishincha – ishsizlik nafaqasini olmaydi . Ammo bu – ishsizning yashash joyi boʻyicha Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ishsizlarga pul shaklida davlat tomonidan kafolatlangan yordamdir. Ish qidirish davri uchun oʻrtacha ish haqi esa ish beruvchi tomonidan avvalgi ish joyi boʻyicha toʻlanadi. Bundan tashqari Qonunning 28-moddasida mahalliy mehnat organlarida ish qidirayotgan shaxs sifatida yoshidan qat’i nazar, mehnat faoliyatini qayta tiklamoqchi (davom ettirmoqchi) boʻlgan pensionerlar roʻyxatga olinishi mumkinligi belgilangan.

Aytilganlardan kelib chiqib ish beruvchiga – ushbu toʻlovlarni amalga oshirish kerakmi yoki yoʻqligiga asos beradigan qonunchilikka aniqlik kiritadigan tuzatishlar kiritish maqsadga muvofiq boʻladi. Bu masalada aniqlikning yoʻqligi mehnat shartnomasining ikkala taraf huquqlariga ta’sir qiladi.

 

 

Oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish – mehnat shartnomasini bekor qilish shartlari, mehnat shartnomalarini bekor qilish tartibi haqida batafsil oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish, mehnat shartnomasini bekor qilish Oʻzbekistonda mehnat shartnomasini bekor qilish. Bu yerda siz mehnat shartnomasini bekor qilish, mehnat shartnomasini bekor qilish jarayoni qanday sodir boʻlishi haqida ma’lumot olishingiz mumkin /oz/publish/doc/text187999_pensionerni_ish_beruvchining_tashabbusiga_kura_ishdan_bushatish_mumkinmi