Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Ishdan boʻshatishdagi kompensatsiya toʻlovida «ish haqi saqlanmaydigan ta’til»ni hisobga olish
«Xodim 2023 yil 10 yanvarda ishga qabul qilindi, 28 mayda ishdan boʻshadi. Ushbu davrda u 20 kunlik ish haqi saqlanmagan ta’til olgan. Foydalanilmagan ta’til uchun beriladigan pulli kompensatsiya hisob-kitobida buni ham hisobga olish kerakmi? Mehnat ta’tilining davomiyligi – 24 kalendar kun. Bunda ta’tillarni ish beruvchining qarori boʻyicha 2023 yil boshidan boshlab kalendar kunlarda hisoblab chiqamiz. Bu qonunga zid emas, chunki u mehnat sharoitlarini yomonlashtirmaydi».
Kadrovik.uz tushuntiradi:
– Ish beruvchining ta’tillarni kalendar kunlarida hisoblab chiqarish toʻgʻrisidagi qarori, agar xodimlarning ta’tillar davomiyligi 1995 yil tahriridagi oʻsha paytda amalda boʻlgan Mehnat kodeksi normalariga nisbatan kamaymagan boʻlsa, qonun hujjatlariga zid emas.
Mehnat kodeksining 234-moddasi 1-qismiga binoan mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qoʻshimcha ta’tillar uchun pulli kompensatsiya toʻlanadi. Bunda yillik asosiy ta’til olish huquqini beruvchi ish stajiga xodim haqiqatda ishlamagan
, ammo uning ish joyi (lavozimi) saqlanib qolgan vaqt kiradi.
Ushbu qoidadan quyidagilar mustasno:
- qisman haq toʻlanadigan bola paravarishi boʻyicha ta’til
; - 2 haftadan ortiq davom etadigan ish haqi saqlanmaydigan ta’til.
Agar xodimga 2 haftadan koʻp muddatga ish haqi saqlanmaydigan ta’til rasmiylashtirsangiz, uning ish stajidan yillik ta’tilga huquq beruvchi 14 kundan oshadigan kunlar sonini chiqarib tashlashingiz kerak.
Koʻrib chiqilayotgan misolda xodim 20 kun davomida «ish haqi saqlanmaydigan» ta’tilda boʻlgan. U toʻliq ish yilida ishlamagan, shuning uchun qancha ta’til kuni kompensatsiya qilinishini aniqlash uchun ta’tilning davomiyligini ishlagan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqamiz.
Buning uchun Mehnat kodeksining 224-moddasida belgilangan qoidani qoʻllaymiz: ta’tillar muddatini ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda ularning muddati har bir toʻliq ta’til miqdorini oʻn ikkiga boʻlib, soʻng toʻliq ishlangan oylar soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi. Bunda 15 kalendar kunga teng va undan koʻp boʻlgan qoldiq kunlar bir oy deb yaxlitlanadi, 15 kalendar kundan kami esa chiqarib tashlanadi.
2023 yil 10 yanvardan 28 maygacha xodim toʻliq 4 oy va 19 kun ishlagan. U 20 kunlik ish haqi saqlanmagan ta’til olganligi sababli uning ish stajidan 6 kun (20–14) chiqarib tashlanadi. Shunday qilib, xodimning foydalanilmagan ta’tilni kompensatsiya qilish uchun ish staji 4 oy-u 13 kunni tashkil etdi. Mehnat kodeksining 224-moddasi qoidasiga koʻra 13 kun qoldiq sifatida chiqarib tashlanadi, 4 oy qoladi.
Endi ta’tilning davomiyligi (24 ish kuni) 12 ga boʻlinadi va 4 oy ish kuniga koʻpaytiriladi (24 : 12 x 4). Xodimga foydalanilmagan mehnat ta’tilining 8 kuni uchun pulli kompensatsiya toʻlash kerak boʻladi.
Taqqoslash uchun, xodim «ish haqi saqlanmagan» ta’tilni 20 kun emas, balki roppa rosa 2 haftaga oldi deb taxmin qilaylik. Unda foydalanilmagan ta’til uchun kompensatsiyani hisoblash uchun staj 5 oyni tashkil qilgan boʻlar edi. Bu holda ushbu 14 kun xodimning ish stajidan chiqarib tashlanmagan, 19 kun miqdoridagi ortiqchaliklar esa toʻliq oygacha yaxlitlangan boʻlar edi. Bunday holda xodimga 10 kun uchun kompensatsiya toʻlanar edi (24 : 12 x 5).
Ta’tillar uchun oʻrtacha oylik ish haqini hisoblab chiqarish tartibi MK 257-moddada belgilab qoʻyilgan.
«Norma» eksperti Valeriya LYaNDRES yangiladi