Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Kadrovik.uz saytiga qiziq savol kelib tushdi: «Rezyume asosida nomzodni ishga qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish mumkinmi?»
Rezyumening ahamiyati nimada va boʻsh ish oʻrniga talabgor haqida koʻp narsalarni tushunish uchun uni qanday toʻgʻri oʻqish kerakligini HR-maslahatchisi Irina ShAKIROVA tushuntiradi:
– Nomzodni ishga qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun bitta rezyumening oʻzi kamlik qiladi. Nomzod bilan shaxsan gaplashish juda muhim – shaxsiy muloqotda siz bu odam jamoaga qoʻshila oladimi yoki yoʻqmi, rahbariyat uslubini, kompaniyaning ichki madaniyatini qabul qiladimi-yoʻqmi, tushunib olasiz.
Ammo rezyumeni oʻrganib chiqqandan soʻng siz nomzod haqida dastlabki fikrni shakllantirishingiz va uni suhbatga, sinovlarga yoki rahbar bilan uchrashuvga taklif qilish-qilmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilishingiz mumkin. E’tibor qaratish kerak boʻlgan jihatlarga toʻxtalib oʻtamiz.
Boʻsh ish oʻrniga nomzodning rezyumesini baholash uchun chek-varaq
|
Nomzod ish qidirish boʻyicha internet-saytlardagi rezyume shablonidan foydalanganmi yoki oʻz variantini yuborganmi? |
Agar shablondan foydalangan boʻlsa, demak, nomzod saytlar orqali ish topish koʻnikmasiga, kompyuterda ishlash koʻnikmalariga ega. Agar bu kopirayter, dizayner, marketologning shablonsiz rezyumesi boʻlsa, bezatilishidan nomzodning maxsus koʻnikmasi va kreativligi toʻgʻrisida xulosa chiqarish mumkin. Kamdan-kam holatlarda sotuvchilar, ishlab chiqarish ustalari lavozimlari uchun qoʻlda yozilgan rezyumelarni ham olish mumkin, bu nomzodning kompyuter savodxonligi pastligidan darak beradi |
|
Rezyume matnida xatolar bormi? |
Rezyumega qarab nomzodning savodxonligi toʻgʻrisida dastlabki xulosani chiqarish mumkin. Rezyumedagi koʻplab xatolar nomzodni talabgorlar roʻyxatidan oʻchirish uchun sabab boʻlishi mumkin (boʻsh ish oʻrnidan kelib chiqib). Agar rezyume chet tilida boʻlsa, siz til bilish darajasini baholay olasiz. Albatta bu dastlabki baholash boʻlib, ular kelgusida tasdiqlanadi yoki tasdiqlanmaydi |
|
Nomzod suratini joylab, elektron pochta manzilini koʻrsatganmi? |
Agar fotosurat va elektron pochta manzili ishbilarmonlik uslubida boʻlsa, demak, nomzodda ishbilarmonlik muloqoti toʻgʻrisida tushuncha shakllangan. Taqqoslang: rahkimova@gmail.com va superstar@gmail.com, ocharovashka@mail.ru. Elektron pochta logini uning egasini tanishtiribgina qolmay, uning ma’lum tomonlarini tavsiflaydi. |
|
Nomzod rezyumeda qanchalik toʻliq ma’lumot bergan? |
Nomzod, misol uchun, qandaydir ish joyi haqida ma’lumotni yoki boshqa muhim ma’lumotlarni koʻrsatmasligi mumkin. Bu qanday boʻshliqlar ekanligini aniqlang. Ma’lumotning yoʻqligi – bu ham ma’lumot. |
|
Nomzod oʻzi haqidagi ma’lumotlarni qanday tuzdi, u boʻsh ish oʻrniga mos keladimi? |
Yaxshi rezyumeda ma’lumot u yuborilgan boʻsh ish oʻrni bilan bogʻliq boʻladi. Unda talablarga javob beradigan ma’lumotlar boʻladi. Bu nomzod boʻsh ish oʻrnini ongli ravishda tanlaganini, talablarni tahlil qilganini anglatadi. Boʻsh ish oʻrni talablaridan chetga chiqadigan koʻplab ma’lumotlar nomzod boʻsh ish oʻrnining asosiy talablarini aniqlay olmaganligi, tajribasi, bilim va koʻnikmalaridan unga tegishli boʻlganlarni ajratib ololmaganligining belgisidir. |
|
Nomzod talabgor boʻlayotgan lavozimini qanday shaklda koʻrsatdi? |
Ba’zi nomzodlar qaysi lavozimga talabgorligini koʻrsatmaydilar. Koʻpincha tajribaga ega boʻlmagan yangi bitiruvchilar yoki ishida tanaffus boʻlgan odamlar shunday yoʻl tutishadi. Nomzodlarning bir qismi birdaniga bir nechta pozitsiyalarni koʻrsatadi. Agar bu turli xil bilim, koʻnikma va malakalarni talab qiladigan bir nechta lavozimlar boʻlsa, nomzodning tajribasi yoʻqligi, uning qat’iyatsizligi va u karyera haqidagi qarorni shakllantirmaganligi toʻgʻrisida xulosa qilish mumkin. Agar kishi rezyumening boshqa qismlarida ham pozitsiyani aniq koʻrsatgan va ushbu lavozimga mos keladigan ma’lumot bergan boʻlsa, demak, u nimani xohlashini, rezyumeni qaysi kompaniyaga topshirganini yaxshi tushunadi. |
|
Nomzodning ma’lumoti boʻsh ish oʻrni talablariga mos keladimi? |
Ta’lim darajasi (oʻrta, oʻrta maxsus, oliy) va nomzodning mutaxassisligi boʻsh ish oʻrni talablariga mos kelishi kerak. Agar rezyumedan bunday xulosa chiqarish imkonsiz boʻlsa (masalan, gumanitar mutaxassis savdo agenti lavozimiga talabgor, bu esa Yexcyelni mukammal bilishni talab qiladi), unda nomzod rad etilishi kerak. Agar boʻsh ish oʻrniga boshqa hech kim talabgor boʻlmasa va tanlab olish doirasi kichik boʻlsa, nomzodning malakasini tekshirish mumkin. Kompaniyalarda istalmagan OTMlar va mutaxassisliklarning «qora roʻyxatini» yuritish mumkin – amaliyot shuni isbotladiki, falon diplomga ega boʻlgan odamlar kompaniyaga bir necha bor «mos kelmagan» yoki ba’zi bir asosiy mutaxassisliklar lavozim majburiyatlarini samarali oʻzlashtirishga imkon bermaydi. |
|
Nomzodning ish tajribasi qanday? |
Rezyumeda koʻrsatilgan ish tajribasiga koʻra nomzod karyerasini qanday qurganini koʻrish mumkin: bitta kasbda rivojlanganmi, faoliyat sohasini kengaytirganmi yoki oʻzgartirganmi, bir pozitsiyadan boshqasiga qanchalik tez oʻtgan. Agar biz rahbar izlayotgan boʻlsak, biz uchun «vertikal» rezyumeni koʻrish muhim – turli pozitsiyalar, turli kompaniyalar, «kengaytirish va rivojlanish»da turli xil funksional, chunki bu oldinga intilish istagi, moslashuvchanlik, faollikdan darak beradi. Ijrochining rezyumesi «gorizontal» boʻladi – oʻxshash lavozimlar, oʻxshash funksional, boshqaruv funksiyalarisiz bir xil darajadagi lavozim. |
|
Nomzod tomonidan koʻrsatilgan bilim, koʻnikma, vakolatlar boʻsh ish oʻrni talablariga mos keladimi? |
Rezyumeda istalgan narsani yozish mumkin, ammo nomzodning vakolatlari ishchi topshiriqlar, test sinovlari va suhbatlar yordamida tekshirilishi kerak. Ungacha esa nomzodning bilimi, koʻnikmalari va vakolatlari e’londa koʻrsatilgan lavozim talablariga javob berish-bermasligini baholash kerak. Agar ha boʻlsa, unda nomzod ushbu bandlarni shablonlardan koʻchirmagan, balki rezyumening ushbu boʻlim ustida oʻylangan. Nomzodning avvalgi ish joylarida bajargan funksional majburiyatlarini oʻrganish kerak: boʻsh ish oʻrni talablari bilan qanchalik koʻp oʻxshashlik boʻlsa, shuncha yaxshi. |
|
Nomzod ishlagan kompaniyaning darajasi qanday? |
Nomzod ishlagan kompaniyalar darajasini tahlil qiling. Mutaxassislar tajribasiga asoslangan quyidagi fikrlarni hisobga olish mumkin. Katta xolding kompaniyasida yuqori lavozimda ishlash tajribasiga ega boʻlgan yangi xodimni faoliyat koʻlami, qulaylik darajasi, korporativ madaniyati jihatidan avvalgisidan farq qiladigan kichik kompaniya qoniqtirishi dargumon. Katta ehtimol bilan xodim taqqoslaydi, sobiq kompaniyani misol qilib keltiradi, uning koʻnglini topish qiyin boʻladi. Yoki aksincha, kishi chakana savdo doʻkonida ishlagan, endi esa yirik supermarketlar tarmogʻida menejer lavozimini egallash istagida. Shubhasiz, u yangi joyda tegishli moslashuv dasturidan oʻtishiga toʻgʻri keladi. Ba’zi sabablarga koʻra maosh oladigan ishga joylashishni istayotgan tadbirkorlarga alohida e’tibor qarating. Ular tabiatiga koʻra oʻzi va ishi uchun javob berishga odatlangan, ammo itoat etishga, intizomga rioya qilishga odatlanmagan erkin insonlardir. Ushbu ichki erkinlik va oʻziga boʻlgan professional ishonch jamoa va rahbariyat bilan munosabatlarni oʻrnatishga toʻsqinlik qilishi mumkin. Bunday nomzodni kompaniyaga qanday sabablar olib kelganini, u oʻz karyerasini qanday koʻrishini qoʻshimcha ravishda aniqlash muhim. |
|
Nomzod kutilayotgan ish haqi darajasini qanday koʻrsatgan? |
Nomzodning kutilayotgan ish haqini tahlil qilganda, ularning bozorga, boshqa kompaniyalardagi shunga oʻxshash lavozimlarda ish haqiga qanchalik mos kelishini aniqlang. Agar rezyumeda koʻrsatilgan daromad darajasi bozor darajasidan sezilarli darajada yuqori boʻlsa, bu moliyaviy omilning muhimligini va ehtimol, nomzodning haddan tashqari oshirib yuborilgan ambitsiyalaridan darak beradi. Agar kutilayotgan daromad darajasi bozordan sezilarli darajada past boʻlsa, hushyor boʻlishingiz kerak – ba’zida yomon nom chiqargan yoki yomon odatlarga ega boʻlgan nomzodlar kutilayotgan ish haqini sezilarli darajada kamaytirishadi. |
|
Nomzod yana qanday boshqa ma’lumotni koʻrsatgan? |
Har bir nomzod «Boshqa ma’lumot» deganda qandaydir shaxsiy, oʻziga xos narsani tushunadi, shuning uchun u ushbu boʻlimda oʻzi haqida nima va qanday ketma-ketlikda xabar berishiga e’tibor qaratishi muhim. Bu uning shaxsiyatining nuqtai nazaridan muhim boʻlgan xususiyatlaridan darak beradi. |
«Xodimlarni qidirish va tanlash» masofaviy kursi xodimlarni malakali tanlashni oʻrganishga yordam beradi. Dolzarb mavzularni tanlang va ularni oʻzingizga qulay vaqtda oʻrganing.