Oktyabr oyida har bir xodim uchun foydali boʻladi:
«Korxonamiz xodimasi 2023 yilda tugʻilgan nabirasini parvarish qilgani boʻyicha kasallik varaqasini toʻlash uchun taqdim etdi.
Buvisi nabirasiga gʻamxoʻrlik qilgani uchun kasallik ta’tilini olishi mumkinmi va u qanday toʻlanadi?»
Savolga kadrovik.uz iltimosiga koʻra ekspert va «Norma» kadrlar xizmati rahbari Valeriya LYaNDRES javob berdi:
– Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi kasal boʻlganda, mehnat yoki boshqa jarohatlarda, shu jumladan maishiy jarohatlarda, oilaning betob a’zosini parvarishlashni amalga oshirayotganda, karantin, sanatoriy-kurort davolanish va protezlashda toʻlanadi
. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash uchun asos – belgilangan tartibda berilgan kasallik varaqasi (mehnatga layoqatsizlik varaqasi)
.
Qarindoshlar bolalarni parvarish qilish uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtirayotganda bolaning yoshi va nima uchun onaning unga gʻamxoʻrlik qila olmasligi sababi muhim ahamiyatga ega.
Sizning bu vaziyatingizda xodima-buvi uch yoshgacha boʻlgan bolani parvarishlashda band boʻlgan ona yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxs kasal boʻlganda yoki boshqa farzandi bilan statsionarda boʻlganda ushbu davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi olishga, oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishdan ozod boʻlishga va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olishga haqli
. Bunda mehnatga layoqatsizlik varaqasi oʻn toʻrt kungacha beriladi. Uning asosida bolaning buvisiga ish joyidan nafaqa toʻlanishi kerak
.
Agar emizikli bolani parvarishlash davrida onaning betobligi tufayli bolaning oʻzi kasallanib qolsa, u holda statsionar sharoitda uch yoshga toʻlmagan bolani parvarishlash uchun qarovni ta’minlaydigan shaxsga (buviga) davolashning barcha davriga mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilishi kerak
.
Agar xodimingiz nabirasini parvarishlash uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasini taqdim qilgan boʻlsa, vaziyatni sinchiklab oʻrganib chiqing. Mehnatga layoqatsizlik varaqasini nafaqa olishga boʻlgan huquq va uning miqdori toʻgʻrisidagi xulosa bilan rasmiylashtirishdan avval eng avvalo quyidagilarni tekshiring:
- bolaning yoshi;
- bu holat onaning betobligi davrida sogʻlom bolaga gʻamxoʻrlik qilishga kiradimi-yoʻqmi;
- bu holat onaning kasalligi davrida betob (kasallangan) bolani parvarish qilish sanaladimi-yoʻqmi;
- buvisi bolaga gʻamxoʻrlik qilgan davrda davolanish turi: ambulator yoki statsionar.
Shulardan kelib chiqib mehnatga layoqatsizlik varaqasida xodimni ishdan ozod qilish muddatlari toʻgʻri belgilanganligini aniqlang.
Agar mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilishining toʻgʻriligiga shubha qilayotgan boʻlsangiz, uni bergan tibbiy muassasaga soʻrov bilan murojaat qilishingiz mumkin.
Shunday qilib, kasal boʻlib qolgan bolaning buvisi boʻlgan xodima, agar mehnatga layoqatsizlik varaqasi mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish tartibi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomaning yuqorida keltirib oʻtilgan talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan boʻlsa, unga gʻamxoʻrlik qilish uchun vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish huquqiga ega (AV roʻyxat raqami 2667, 17.04.2015 yil).
Nafaqa miqdori davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalarni tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 26–31-bandlariga muvofiq belgilanadi (AV roʻyxat raqami 1136, 08.05.2002 yil).