Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Yil boshi ishda va hayotda oʻz maqsadlarimizni belgilab, muhokama qilishda boshlangʻich nuqta sanaladi. Ragʻbatlantiruvchi va erishish mumkin boʻlgan maqsadlarni belgilash uchun nimalarni bilishingiz kerakligini HR-maslahatchi Irina ShAKIROVA tushuntiradi.
Maqsadlarning uch guruhi
Har bir xodim oldida turgan maqsadlar haqida gapirganda, biz ularni quyidagi uch guruhga ajratamiz:
- korporativ;
- funksional;
- individual.
Korporativ maqsadlar – bu kompaniyaning, siz ishlayotgan tashkilotning bozor, mijozlar va kompaniyaning rivojlanishiga nisbatan strategik uzoq muddatli maqsadlari.
Funksional maqsadlar – bu siz ishlayotgan boʻlimning va siz egallab turgan lavozimning maqsadlari.
Korporativ va funksional maqsadlar nima uchun kerak?
- Aniq maqsadlar faoliyatning (kompaniya yoki xodimning) ma’nosini belgilaydi. Maqsadlar ongli ravishda harakat qilishga, turli nuqtai nazar va yondashuvlarni kelishishga va hamkorlikni oʻrnatishga yordam beradi.
- Aniq maqsadlar harakat yoʻnalishini belgilaydi, harakatlarni rejalashtirish va muvofiqlashtirish uchun asosga aylanadi.
- Aniq maqsadlar yutuqlarni (kompaniya, boʻlim, xodim) baholashga imkon beradi, faoliyat standartlarining manbai hisoblanadi.
Korporativ va funksional maqsadlar, qoida tariqasida, har doim ob’yektiv natijani anglatadi. Moddiy, masalan, sotuvlar hajmi, tuzilgan shartnomalar soni, kadrlar qoʻnimsizligining kamayish foizi, xarajatlarni kamaytirish foizi. Yoki nomoddiy, masalan, xodimlarning qoniqqanligi, xodimlarning mijozlarga yoʻnaltirilganligi.
Korporativ maqsadlar faoliyatni strategik rejalashtirish jarayonida aniqlanadi, ular uchun kompaniyaning yuqori rahbariyati javobgar sanaladi.
Strategik maqsadlarga misollar:
- kompaniya mahsulotlari va xizmatlarining bozor qamrovini falon %ga oshirish;
- kompaniyaning foydasini falon %ga oshirish;
- ishlab chiqarish maydonlarini qanchadir kvadrat metrgacha oshirish;
- uskunani qanchadir miqdorda va nomenklaturada yangilash;
- yangi mahsulotning qanchadir nomlarini joriy qilish;
- qanchadir filiallarni ochish va hokazo.
Funksional maqsadlar odatda bevosita rahbar va xodim tomonidan birgalikda belgilanadi. Ular korporativ maqsadlar va lavozim talablaridan kelib chiqadi.
Korporativ va funksional maqsadlar direktiv (yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi) xususiyatga ega. Xodimlar ularga erishishlari shart. Bu motivatsiya tizimi bilan mustahkamlansa, maqsadlar xodimlar tomonidan taqsimlansa, ular maqsadlarni bilsa, tushunsa va ongli ravishda erishsa, ayni muddao.
Maqsadlar qoʻyilmagani, muhokama qilinmagani yomon – bu demotivatsiya, nizolar, samaradorlikning pasayishi va kadrlar qoʻnimsizligiga olib keladi.
Indivudal maqsadlar – bu sizning hayotingiz va martabangizdagi shaxsiy maqsadlaringiz.
Individual maqsadlar korporativ va funksional (martaba oʻsishining ushbu bosqichida, ushbu ish joyida) maqsadlarga qanchalik mos kelishi umuman olganda sizning hayotdan qoniqish darajangizga bogʻliq.
Maqsadlarni «Yuqoridan pastga» rejalashtirish
Korporativ (strategik) maqsadlar qoʻyilganda, boʻlinma rahbari oʻz boʻlinmalarining asosiy maqsadlarini shakllantirishi kerak, shunda oʻz xodimlari uchun «yuqoridan pastga» tamoyili boʻyicha maqsadlar qoʻyishni amalga oshirishi mumkin:
Sxemadan koʻrinib turibdiki, xodimlarning maqsadlari boʻlinma maqsadlaridan kelib chiqadi, bu esa oʻz navbatida kompaniyaning maqsadlaridan kelib chiqadi.
Korporativ maqsad: «Kompaniya xizmati haqida mijozlarning ijobiy fikrlari sonini jami 90% gacha oshirish».
Sotuv boʻlimining funksional maqsadi: «3 oy ichida (fevral – aprel) savdo nuqtalarida mijozlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha reglamentni ishlab chiqish va joriy qilish».
A xodimning maqsadi: «Oy davomida (fevral) mijozlarning ijobiy fikrini olgan mijozlar bilan qayta aloqaning turli shakllarini (3 ta variantini) ishlab chiqish va joriy qilish».
B xodimning maqsadi: «Oy davomida (mart) mijozlarga yoʻnaltirilgan xizmat koʻrsatish boʻyicha sotuvchilar uchun oʻquv dasturini ishlab chiqish, ushbu dastur boʻyicha boʻlimning 20 nafar xodimini oʻqitish».
V xodimning maqsadi: «2 oy ichida (fevral–mart) mijozlarga xizmat koʻrsatish algoritmini ishlab chiqish, uni texnik yordam va call-markaz bilan kelishish».
Xodimlarning maqsadlari yigʻindisi boʻlinma maqsadiga erishishiga olib kelishi kerak. Boʻlinmalarning maqsadlari yigʻindisi korporativ maqsadlarga erishishga sabab boʻlishi lozim.
«Yuqoridan pastga» rejalashtirish, ba’zan «maqsadlarni kaskadlash» deb ham ataladi, xodimlarga oʻz oʻrnini va maqsadlarga erishishdagi hissasini koʻrish imkonini beradi, bu ularning oʻz ishining qiymatini his qilishga koʻmak beradi, motivatsiyani oshiradi.
Maqsadlarni qanday qilib toʻgʻri belgilash kerak
Siz SMART usulini qoʻllashingiz va maqsadlarni quyidagicha shakllantirishingiz mumkin:
S (Specific/Aniq). Har bir maqsad aniq natija sifatida tavsiflanishi kerak; «nima qilish kerak?» degan savolga javob berishi lozim.
M (Measurable/Oʻlchanadigan). Maqsad aniq indikatorlar va standart oʻlchov tartib-taomillari (muddat, miqdor) yordamida oʻlchanadigan boʻlishi kerak.
A (Assignable/ Asosli). Maqsad inson yoki tashkilot uchun asoslangan, hayotiy muhim boʻlishi kerak; «nima uchun qilish kerak?» degan savolga javob berishi lozim.
R (Realistic/Erishib boʻladigan). Maqsad real, vaqt va resurslar nuqtai nazaridan erishib boʻladigan boʻlishi kerak.
T (Time-related/Vaqt boʻyicha belgilangan). Maqsad vaqt boʻyicha aniq belgilangan boʻlishi, «qachon qilish kerak?» degan savolga javob berishi kerak.
Qancha maqsad qoʻyish kerak?
Xodim yiliga 5-7 tadan koʻp boʻlmagan maqsadlarni belgilashi kerak. Kelishilgan maqsadlarning aniq soni xodimlarning malakasiga va qoʻyilgan maqsadlarning murakkabligiga bogʻliq.
Muayyan muddatlar va resurslar bilan loyiha formatida turli vazifalarni bosqichma-bosqich bajarishni oʻz ichiga olgan kompleks maqsadlar mavjud. Bunday holda bunday loyihalardan biri allaqachon xodim yoki boʻlim uchun yetarli boʻlishi mumkin.
Maqsadlarning xilma-xilligi
Maqsadlarni nafaqat rejalashtirilgan koʻrsatkichlar boʻyicha – sotish, mahsulot ishlab chiqarish foydasi, xodimlarni toʻplash va shunga oʻxshash narsalarga erishish, balki ishni standartlashtirish va optimallashtirish, shuningdek oʻqitish va rivojlantirishni belgilash uchun ham belgilash juda muhimdir:
|
Maqsadlarning turi |
Misol |
|
Rejalashtirilgan koʻrsatkichlar boʻyicha maqsad |
Joriy mahsulot assortimenti (mahsulot guruhlari) boʻyicha savdo rejasini bajarish |
|
Funksional vazifalarni yaxshiroq bajarish maqsadi |
Mavjud va potensial yetkazib beruvchilarning ma’lumotlar bazasini va ular bilan ishlash reglamentini yaratish |
|
Biznes jarayonni optimallashtirish maqsadi |
Boshqa boʻlinmalarning standart soʻrovlariga javoblar shakllarini ishlab chiqish |
|
Oʻqitish maqsadi |
Muzokaralar oʻtkazish koʻnikmalari boʻyicha treningda qatnashish |
Maqsadlarni belgilashga bunday yondashuv kompaniyaning umumiy madaniyatini mustahkamlaydi, biznes jarayonlarini yaxshilaydi va kompaniyada tizimli oʻzgarishlarga olib keladi.
Agar siz davr boshida xodimlar oldiga aniq maqsadlar qoʻygan boʻlsangiz, davr oxirida siz ularning ishini toʻgʻri baholay olasiz. Buning uchun rejalashtirilgan natijani erishilgan natija bilan taqqoslash, natijaning sifatini baholash kerak. Bu, oʻz navbatida, xodimga nisbatan toʻgʻri boshqaruv harakatlarini amalga oshirishga koʻmak beradi – kimdir tuzatish va qoʻllab-quvvatlashga, boshqa birov qoʻshimcha oʻqitishga muhtoj, kimgadir yanada murakkab vazifalar va oʻsish imkoniyatlari kerak.
Mening shaxsiy maqsadlarim-chi?
Yil boshida shaxsiy hayotiy maqsadlarni tahlil qilish, ularning qaysi biri dolzarb boʻlib qolishini, qaysilari esa qayta koʻrib chiqilishi kerakligini tushunish juda foydali.
Shaxsiy maqsadlarga quyidagilar kiradi:
- oʻzi haqida gʻamxoʻrlik qilish (salomatlik, dam olish, turmush tarzi, sevimli mashgʻulotlari);
- oʻzaro munosabatlar va boshqalar haqida gʻamxoʻrlik (oila, doʻstlar, ijtimoiy muhit);
- kasbiy rivojlanish.
Ushbu sohalarda oʻz hayotiy vaziyatingizni yaxshilash uchun 3-5 ta maqsadni rejalashtiring. Hozirgi ishingiz ulardan qaysi biriga erishishda yordam berayotgani va ish joyida sizdan talab qilinadigan narsalar va shaxsiy maqsadlaringiz oʻrtasida ziddiyat bor-yoʻqligini oʻylab koʻring. Agar bunday nizo mavjud boʻlsa, bu mulohaza yuritish, vaziyatga moslashish yoki, ehtimol, rivojlanish, martabangizni oʻzgartirish uchun sabab boʻla oladi.