Kimlarni ta’tildan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi

preview

Umumiy qoida boʻyicha, mehnat ta’tilidan chaqirib olishga faqat xodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Ammo xodimlarning ayrim toifalari borki, hatto ularning roziligi bilan ham ta’tildan chaqirib olish mumkin emas. «Norma» eksperti, yurist Lenara Xikmatova gap qaysi «daxlsiz»  xodimlar haqida borayotganini tushuntirdi.

 

Muhim tushuntirishlarni oʻtkazib yubormaslik uchun telegram-kanalimizga obuna boʻling.

 

Mehnat kodeksining 232-moddasiga muvofiq har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga ta’tilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Shu munosabat bilan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda yoki keyingi ish yilida berilishi kerak. Buning uchun Mehnat kodeksining 230 va 231-moddalarining ta’tilni koʻchirish hamda qismlarga boʻlish toʻgʻrisidagi talablari bajarilishi lozim.

Har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olish umuman taqiqlangan xodimlarning ayrim toifalari mavjud. Bular:

  • oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlar ;
  • homilador ayollar ;
  • I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar ;
  • mehnat sharoitlari oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar . Bunday ishlar roʻyxati 11.03.1997 y. 133-son VMQga 8-ilova bilan belgilangan.

Hech qanday holat bunday xodimlarni mehnat ta’tilidan chaqirib olishning qonuniy sababi boʻla olmaydi, hatto xodimning oʻzi chaqirib olishni talab qilsa hamda tegishli ariza topshirgan boʻlsa ham. Ish beruvchi bunday arizani qondirish huquqiga ega emas, chunki bu bilan u qonun bilan taqqoslaganda xodimning ahvolini yomonlashtiradi. Mehnat qonunchiligini buzganlik uchun xodim emas, balki ish beruvchi javobgar boʻladi. Ta’tildan chaqirib olishga yoʻl qoʻygan ish beruvchining aybdor mansabdor shaxsi MJTKning 49-moddasi boʻyicha ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Agar yuqoridagi roʻyxatdagi xodim bir vaqtning oʻzida ta’tildan toʻliq foydalanishni istamasa, uni qismlarga boʻlishi mumkin. Ammo xodim va ish beruvchi ta’til boshlanishidan oldin bu borada oʻzaro  kelishib olishlari kerak boʻladi, bu uni taqdim qilish toʻgʻrisidagi buyruqda aks ettiriladi .

Ta’tilning hech boʻlmaganda bir qismi oʻn toʻrt kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak.

Ammo bu yerda ta’tilning bir qismini keyingi ish yiliga koʻchirish bilan bogʻliq oʻziga xos jihatlar mavjud. Xususan, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, shuningdek I va II guruh nogironligi boʻlgan xodim har yilgi mehnat ta’tilidan u taqdim qilinayotgan joriy ish yilida toʻliq foydalanishi kerak .

Shuning uchun xodim va ish beruvchi ta’tilni qismlarga boʻlishga kelishib olgan taqdirda ham, xodim ta’tilning ushbu qismlarini keyingi ish yiliga koʻchirmasdan, undan joriy ish yilida foydalanishi kerak. Xuddi shu tartib noqulay mehnat  hamda  noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi  ish uchun qoʻshimcha ta’tillarga ham tegishli.

Misol

II guruh nogironligi boʻlgan xodimga 30 kalendar kun davomiylikdagi har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til belgilangan. Xodim va ish beruvchining oʻzaro kelishuvi boʻyicha ta’tilni qismlarga boʻlishga qaror qilindi.

Bunday ta’tilning qismlaridan biri oʻn toʻrt kalendar kundan kam boʻlmasligi hamda bir vaqtning oʻzida ishlatilishi kerak. Qolgan kunlardan xohishga qarab –  bir vaqtning oʻzida yoki qismlarga boʻlib foydalanish mumkin.

Ta’til qismlaridan foydalanish tartibi muhim emas. Avval ta’tilning boʻlinmas qismidan, keyin esa qolgan qismidan yoki aksincha foydalanish mumkin.

Masalan, taraflar ta’tilni sxema boʻyicha boʻlishga 7 + 14 + 9 hamda joriy ish yili davomida ularni taqdim qilishni  boʻlishni kelishib oldilar. Ya’ni, avval bir haftalik ta’tildan, keyin oʻn toʻrt kalendar kunning boʻlinmas qismidan  foydalanish, qolgan toʻqqiz kunni esa xodimning iltimosiga koʻra zaruratga qarab taqdim etish. Bu Mehnat kodeksi normalariga zid emas.

 

Shuni ham yodda tutingki, oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganlar hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar har yilgi uzaytirilgan ta’tillar, shuningdek noqulay mehnat sharoitlaridagi va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun qoʻshimcha ta’tillardan faqat asli holida foydalanishadi. Mehnat davrida ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi .

❖

Xodimlarni ta’tildan chaqirib olish boʻyicha cheklovlar bormi – bu mavzuni alohida maqolada muhokama qildik.

 

 

Ta’til va ishlamaydigan vaqt-Oʻzbekiston Respublikasi mehnat kodeksiga muvofiq dam olish vaqti, ta’tilni roʻyxatdan oʻtkazish va tartibga solish oʻzbekistonda ishlamaydigan vaqt, ta’til va ishlamaydigan vaqt, ta’til Oʻzbekistonda bayramlar qanday tashkil yetilgan. Ishlamaydigan soatlar, bayramlar va ta’tillar haqida. Kadrlar boʻlimi xodimi uchun bayramlar va ta’tillar haqida ma’lumot /oz/publish/doc/text196680_kimlarni_tatildan_chaqirib_olishga_yul_quyilmaydi