Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzildi, unga dastlabki sinov sharti va taraflarning shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda neustoyka toʻlashi boʻyicha majburiyat kiritilgan. Agar xodim sinov davri davomida oʻz xohishiga koʻra ishdan boʻshasa, u neustoyka toʻlashi kerakmi?
Savolga kadrovik.uz iltimosiga koʻra «Norma» eksperti, yurist Lenara XIKMATOVA javob berdi:
Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda neustoykani qoʻllash tartibi «Xodim neustoyka toʻlashga qarshi boʻlsa, uni undirish mumkinmi» maqolasida batafsil tushuntirilgan.
Muddatli mehnat shartnomasini tuzish qachon asosli deb hisoblanishi toʻgʻrisida «Yangi MK: mehnat shartnomasi» maqolasida javob berilgan.
– Mehnat kodeksida mehnat shartnomasi taraflari mehnat shartnomasi muddatidan oldin tugatilganda neustoyka toʻlashi shart boʻlgan holatlarning toʻliq roʻyxati mavjud. Ushbu holatlar Mehnat kodeksining 159-moddasida koʻrsatilgan. Shunday qilib, xodim tomonidan neustoyka toʻlash muddatli mehnat shartnomasi bekor qilinganda amalga oshiriladi:
- ish beruvchining tashabbusiga koʻra – xodimning aybli harakatlari bilan bogʻliq boʻlgan asoslar boʻyicha, ya’ni uning oʻz mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzganligi munosabati bilan
; - xodimning tashabbusiga («oʻz xohishiga koʻra») – Mehnat kodeksining 160-moddasi boʻyicha. Ushbu holatda ham quyidagi istisnolar amal qiladi. Agar ishdan boʻshatish tashkilotda ishlashni davom ettirishga imkon bermaydigan holatlar tufayli yuzaga kelgan boʻlsa, xodim neustoyka toʻlashdan ozod qilinadi. Bunday holatlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin: ta’lim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanganligi, xodim sogʻligʻining holati, nogironligi boʻlgan oila a’zosini parvarishlash zarurati, harbiy xizmatni oʻtash uchun turmush oʻrtogʻining boshqa joyga yuborilishi va boshqalar.
Endi –dastlabki sinov va uning amal qilish muddati davomida xodimni ishdan boʻshatish toʻgʻrisida.
Ishga kirishda dastlabki sinov xodim uchun quyidagi maqsadlarda belgilanadi:
- xodimning topshirilayotgan ishga muvofiqligini tekshirish;
- mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni davom ettirish maqsadga muvofiqligi haqida xodim tomonidan qaror qabul qilish
.
Shunday qilib, agar xodim sinov muddati tugashidan oldin ushbu ish unga toʻgʻri kelmasligi haqida qaror qabul qilsa, u soddalashtirilgan tartibda ishdan boʻshashga haqli – ish beruvchini bu haqda yozma ravishda 3 kundan kechiktirmay xabardor qilish orqali (umumiy tartibda nazarda tutilganidek 14 kalendar kun emas). Bunday holda mehnat shartnomasini bekor qilish Mehnat kodeksining 160-moddasi boʻyicha emas, balki Mehnat kodeksining 132-moddasi birinchi qismi boʻyicha amalga oshiriladi.
Tegishincha, xodim Mehnat kodeksining 132-moddasi 1-qismi asosida sinov muddati davomida oʻz tashabbusiga koʻra ishdan boʻshaganda, u muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingani uchun neustoyka toʻlamasligi kerak.
Bu haqda 20.11.2023 yildagi 26-sonli Oliy Sud Plenumi Qarorining 11-bandida ham aytilgan: «dastlabki sinov shartlari muddatli mehnat shartnomasiga (6 oydan ortiq muddatga tuzilgan muddatli mehnat shartnomasiga) kiritilgan taqdirda va bu shartnoma muddatidan ilgari bekor qilinganda taraflarning neustoyka toʻlash haqidagi oʻzaro majburiyati koʻzda tutilgan boʻlsa, xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganida ish beruvchining xodim tomonidan neustoyka toʻlanishi haqidagi talablari qanoatlantirilmaydi, chunki MKning 159-moddasida neustoykani toʻlashga yoʻl qoʻyiladigan holatlar aniq koʻrsatilgan».
Mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 159-moddasida koʻrsatilmagan boshqa sabablarga koʻra muddatidan oldin tugatilgan taqdirda, xodimning neustoyka toʻlash majburiyatini muddatli mehnat shartnomasiga kiritish noqonuniydir.
Agar taraflar shartnomaga dastlabki sinov muddati davrida muddatidan oldin ishdan boʻshaganda xodim tomonidan neustoyka toʻlash haqidagi shartni kiritsa ham, bunday shart u qabul qilingan paytdan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi
. Haqiqiy boʻlmagan mehnat shartnomasining shartlari esa qoʻllanilmaydi
.