Xodim neustoyka toʻlashga qarshi boʻlsa, uni undirish mumkinmi

preview

«Xodim mehnat shartnomasi muddati tugashidan oldin oʻz xohishiga koʻra ishdan boʻshamoqda. U buning uchun neustoyka toʻlashdan bosh tortmoqda, chunki mehnat shartnomasini bekor qilish respublikaning boshqa mintaqasida yangi yashash joyiga koʻchib oʻtish zarurati bilan bogʻliq. Xodimning roziligisiz ishdan boʻshatilganda uning ish haqidan neustoyka summasini ushlab qolish mumkinmi? Neustoyka qanday tartibda qoʻllaniladi?»

Kadrovik.uz iltimosiga koʻra savolga «Norma» eksperti, yurist Lenara XIKMATOVA javob berdi:

 

Telegram-kanalidagi maqolalarimizni kuzatib boring.

 

Mehnat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish uchun neustoyka toʻlash haqidagi shart – ikki tomonlamadir 

– Shartnomaga neustoyka haqidagi shartni kiritish hamda xodim ishdan boʻshatilganda uni toʻlash tartibi Mehnat kodeksining 159-moddasi bilan tartibga solinadi.

Muddatli mehnat shartnomasida xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra (ammo shart emas) shartnoma muddatidan oldin bekor qilinganda neustoyka toʻlash haqida oʻzaro majburiyatni nazarda tutish mumkin. «Oʻzaro» soʻziga e’tibor bering. Ya’ni, bunday majburiyat nafaqat xodimga, balki ish beruvchiga ham yuklanadi.

Agar mehnat shartnomasida neustoyka haqidagi shart faqat xodimga nisbatan tatbiq qilinsa, u haqiqiy emas deb hisoblanadi. Bundan tashqari, mehnat shartnomasida neustoyka miqdori belgilanishi kerak. Agar bu bajarilmasa, taraflar uni toʻlashdan ozod qilinadi. Yana bir muhim jihat: xodim tomonidan toʻlanadigan neustoyka miqdori ish beruvchi toʻlaydigan neustoyka miqdoridan oshib ketishi mumkin emas. Shu bilan birga mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan neustoykani oshirilgan miqdorda toʻlashni nazarda tutishi mumkin. Ya’ni, xodim ish beruvchidan koʻproq toʻlay olmaydi, aksinchasiga esa yoʻl qoʻyiladi.  

Neustoykaning miqdori ish beruvchi tomonidan xodimning manfaatlarini koʻzlab qilingan xarajatlarga, xodim ishlab bergan davrga va boshqa holatlarga qarab farqlanishi mumkin .

Shunday qilib, muddatli mehnat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishda neustoyka toʻlash haqidagi shart qonuniy hisoblanadi, agar:

  • bu xodimning mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa;
  • neustoyka toʻlash majburiyati –   xodim va ish beruvchi uchun bir xil boʻlsa;
  • shartnomada neustoykaning aniq miqdori belgilangan boʻlsa.  U xodim uchun ish beruvchidan koʻra koʻproq emas.

 

Neustoyka qachon toʻlanadi

Ish beruvchi oʻz tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini muddatidan oldin bekor qilsa va xususan quyidagilar munosabati bilan neustoyka toʻlaydi :

  • tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) oʻz muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyatning tugatilganligi;
  • texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning oʻzgarishi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishi bilan bogʻliq boʻlgan tashkilot (uning alohida boʻlinmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlari sonining yoki shtatining oʻzgarganligi;
  • xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi;
  • Mehnat kodeksi va va boshqa qonunlarda belgilangan oʻzga sabablar (asoslar), masalan, mazkur ishga oʻzi uchun asosiy ish joyi boʻlgan xodim qabul qilingan taqdirda oʻrindosh xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish .

 

Muhim!

Xodimning mehnat shartnomasi boshqa asoslar boʻyicha muddatidan oldin tugatilgan taqdirda neustoyka toʻlash majburiyatini muddatli mehnat shartnomasiga kiritish noqonuniy deb tan olinadi .

 

Agar mehnat munosabatlari quyidagilar munosabati bilan bekor qilinsa, xodim ish beruvchiga neustoyka toʻlaydi:

  • uning oʻz mehnat majburiyatlarini muntazam yoki bir marta qoʻpol ravishda buzganligi munosabati bilan ;
  • MKning 160-moddasi boʻyicha  xodimning tashabbusiga koʻra – bu uning ishni davom ettira olmaslik bilan bogʻliq boʻlgan holatlar bundan mustasno .

Mehnat kodeksida xodimning ushbu tashkilotda ishlashni davom ettirishiga imkon bermaydigan holatlarning faqat taxminiy roʻyxati mavjud. Ular orasida: ta’lim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanganligi. Shuning uchun har bir konkret holatda xodim neustoyka toʻlashdan ozod qilinishi mumkin boʻlgan boshqa holatlar ham hisobga olinishi mumkin. Masalan, xodimning sogʻligʻi holati, nogiron oila a’zosiga gʻamxoʻrlik qilish zarurati, turmush oʻrtogʻini boshqa hududga harbiy xizmatga yuborish va h.z. .

 

Xodim  neustoyka toʻlashdan bosh tortsa

Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimning roziligisiz uning ish haqidan neustoyka summasini ushlab qolish mumkin emas. Mehnat kodeksining 269-moddasida xodimning roziligidan qat’i nazar, ushlab qolishlarga ruxsat berilgan holatlarning toʻliq roʻyxati belgilangan. Unda mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda neustoykani majburiy undirish bilan bogʻliq vaziyat yoʻq. Shuning uchun xodim neustoyka toʻlashni rad etgan taqdirda, uni faqat sud taartibida undirish mumkin .

Agar ish beruvchi xodimning roziligisiz ishdan boʻshatishda xodimning ish haqidan neustoyka summasini ushlab qolsa, bu mehnat qonunchiligining buzilishi hisoblanadi. Xodim mehnat inspeksiyasiga murojaat qilgan taqdirda, ish beruvchi ushbu pulni xodimga qaytarishiga hamda MJTKning 49-moddasi boʻyicha neustoyka toʻlashiga toʻgʻri keladi.

Shunday qilib, agar ish beruvchi boshqa joyga koʻchib oʻtish ishdan boʻshatishda neustoykadan ozod qilish uchun asosli sabab boʻla olmaydi deb hisoblasa, u xodimdan uning summasini majburiy undirish uchun sudga murojaat qilish huquqiga ega.

 

 

 

 

Oʻzbekistonda ish haqidan ajratmalar va ajratmalar ish haqidan ajratmalarning sabablari hisoblanadi, bu yerda ish haqidan ajratmalar va ajratmalar haqida ma’lumot oʻzbekistonda ish haqidan ayirish va ayirish, ish haqidan ayirish va ayirish Oʻzbekistonda ish haqidan ajratmalar va ajratmalar. Ish haqi ajratmalar haqida batafsil ma’lumot. Siz ish haqidan majburiy ajratmalar va ish haqidan ushlab qolish sabablari haqida bilib olasiz. Qaysi hollarda ish haqining bir qismini ushlab qolish va boshqa ma’lumotlarni topish mumkin kadrovik.uz /oz/publish/doc/text197065_hodim_qarshi_bulganda_neustoykani_undirish_tartibi1