Noyabr oyida har bir kadrovikka asqotadi:
«Kompaniya xodimasi doimiy ravishda dress-kod (kiyinish qoidasi) talablarini buzadi. Unga hayfsan, jarima yoki hatto ishdan boʻshatish koʻrinishida intizomiy jazo qoʻllash mumkinmi? Bu amaldagi qonunchilik normalariga zid emasmi?»
Savollarga kadrovik.uz iltimosiga koʻra yangi MKni ishlab chiqish boʻyicha ekspertlar guruhi rahbari, yuridik fanlar nomzodi Mixail GASANOV va «Norma» eksperti, yurist Lenara XIKMATOVA javob berishdi:
– Mehnat kodeksining 22-moddasida xodim oʻz mehnat majburiyatlarini vijdonan bajarishi, ichki mehnat tartibi va mehnat intizomiga rioya qilishi shartligi koʻrsatilgan.
Har bir tashkilotda faoliyatning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib xodimlarning oʻzini tutish va tashqi koʻrinishi qoidalari belgilanishi mumkin. Ammo xodimlarni ularga rioya qilmaganliklari uchun jazolash uchun hamma narsani toʻgʻri tartibga solish kerak.
Kompaniyada dress-kodni qanday rasman mustahkamlab qoʻyish kerak
Buning uchun kiyimning ma’lum uslublari va shakllariga rioya qilishlari kerak boʻlgan xodimlar roʻyxatini belgilang. Masalan, mijozlar koʻradigan va ular bilan muloqot qiladigan xodimlar. Tegishli hujjatda tashqi koʻrinishning oʻziga xos talablarini mustahkamlab qoʻying. Bu ichki mehnat tartibi qoidalari (IMTQ), jamoa shartnomasi boʻlishi mumkin. Ish beruvchining buyrugʻi bilan alohida ichki hujjatni – Xodimning tashqi qiyofasi toʻgʻrisidagi nizomni, Korporativ kodeksni, Axloq qoidalarini va boshqalarni ishlab chiqish va tasdiqlash mumkin. Uni xodimlarning vakillik organi bilan kelishib olish maqsadga muvofiq sanaladi (agar u tashkilotda mavjud boʻlsa).
Bundan tashqari, xodimlarning tashqi koʻrinishi qoidalari mehnat shartnomalarida, lavozim yoʻriqnomalarida aniq belgilab qoʻyilishi mumkin.
Dress-kodni oʻrnatishda oqilona harakat qilish va qoʻyilayotgan talablarga nisbatan «six ham, kabob ham kuymasligi»ga e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, xodimlarning yoshini, ularning ishining tabiatini va boshqa oʻziga xos jihatlarni hisobga oling.
Agar kompaniyada xodimlar yetarli darajada tanishtirilgan dress-kodni qoʻllash toʻgʻrisida tasdiqlangan hujjat boʻlsa, u qoʻllash uchun majburiydir.
Xuddi shu tarzda xodimning mehnat shartnomasida yoki lavozim yoʻriqnomasida belgilab qoʻyilgan tashqi koʻrinish qoidalariga rioya qilish toʻgʻrisidagi shart bajarish uchun majburiydir.
Kompaniya dress-kodini buzganlik uchun qanday intizomiy jazo qoʻllanilishi mumkin
Tegishincha, mehnat intizomini buzganlik, ya’ni oʻrnatilgan dress-kodga bepisand qaraganlik uchun ish beruvchi xodimga nisbatan intizomiy jazo qoʻllash huquqiga ega.
Ammo aynan qaysi turdagi jazo – bunga quyida aniqlik kiritamiz.
Mehnat kodeksining 312-moddasida uchta jazo turi koʻrsatilgan: hayfsan, jarima va mehnat shartnomasini bekor qilish. Ushbu jazolardan faqat bittasi har bir nooʻrin xatti-harakat uchun jazo sifatida qoʻllaniladi. Bunda quyidagilarni hisobga olish kerak:
- huquqbuzarlikning ogʻirligi, uni sodir etish holatlari;
- oldingi ish, xodimlarning xatti-harakati.
Shuning uchun mehnat intizomini buzishning har bir holati individual tarzda koʻrib chiqiladi. Barcha xodimlarga nisbatan jazo tanlash uchun bitta "ssenariy" boʻlishi mumkin emas. Ammo dress-kod qoidalarini buzish haqida alohida gapiradigan boʻlsak, bu huquqbuzarlik jiddiy oqibatlarga olib kelishi dargumon.
Taqqoslash uchun xodim himoya funksiyasini bajaradigan ish uchun maxsus ish kiyimlarini kiyish qoidasini e’tiborsiz qoldiradigan holatni keltiramiz. Xodimlarning bunday toifalariga quruvchilar, yoʻl ishchilari, shifokorlar, payvandchilar va boshqalar kiradi, ular uchun uniforma, maxsus kiyim-bosh va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish majburiydir. Ular tomonidan maxsus kiyimga boʻlgan talablarni buzish shikastlanishga yoki hatto oʻlimga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, ushbu tusdagi birinchi huquqbuzarlik uchun ham jazolashga, shu jumladan mehnat shartnomasini bekor qilishga ruxsat berilishi mantiqan toʻgʻri, agar u IMTQda qoʻpol qoidabuzarliklar roʻyxatida keltirilgan boʻlsa, bir marta qoʻpol ravishda buzilishlar uchun "ishdan boʻshatish" ham mumkin.
Ofis dress-kodiga rioya qilmaslik, fikrimizcha, – bu ish beruvchi mehnat nizosi yuzaga kelgan taqdirda xodimni ish joyiga tiklash xavfisiz jazo sifatida mehnat shartnomasini bekor qilishni qoʻllashi mumkin boʻlgan qoidabuzarlik emas. Agar sud huquqbuzarlik haqiqatan ham sodir boʻlgan deb topsa, lekin mehnat shartnomasini bekor qilishda sodir qilingan nojoʻya xatti-harakatning ogʻirligi, uni sodir qilish holatlari, xodimning avvalgi ishi va uning ishga boʻlgan munosabati hisobga olinmay amalga oshirilgan boʻlsa, mehnat shartnomasini bekor qilish haqiqiy emas deb topiladi
.
Agar ish beruvchi hayfsan e’lon qilmoqchi yoki jarima qoʻllamoqchi boʻlsa, yana oqilona xatti-harakatlar doirasida harakat qilish va aynan tashqi koʻrinishni qoʻpol ravishda buzganlik uchun jazolash kerak. Axir, agar xodim ishga oʻrnatilgan dress-kod boʻyicha belgilangan rangga toʻgʻri kelmaydigan galstukda kelgan boʻlsa, boshqa narsa, agar u ishga shim oʻrniga shortikda kelgan boʻlsa – boshqa holat. Bunda Mehnat kodeksining 313–314-moddalarida belgilangan xodimni intizomiy javobgarlikka tortish qoidalariga qat’iy rioya qilish kerak.
Dress-kodni buzganlik uchun mehnat shartnomasini bekor qilish mumkinmi
Kiyimning belgilangan shakliga e’tibor bermaslik xodim bilan qonuniy ravishda xayrlashishlariga olib kelishi mumkin. Bunday holatga – xodimda soʻndirilmagan yoki olib tashlanmagan intizomiy jazo borligi asos boʻlishi mumkin. Ya’ni, ishga toʻgʻri kelmaydigan koʻrinishda kelish intizomiy javobgarlikka tortilgan kundan boshlab bir yil ichida takroriy qoidabuzarlikni sodir etish hisoblanadi. Bundan tashqari, avvalgi huquqbuzarliklar tabiatan oʻxshash boʻlishi shart emas. Misol uchun, xodim oʻtgan oy kechikkanligi uchun jarimaga tortilgan, bir oydan keyin esa u dress-kodni qoʻpol ravishda buzgan. Shunday qilib, u mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzmoqda, buning uchun u Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismining 4-bandiga koʻra ishdan boʻshatilishi mumkin.
Koʻrsatilgan asos boʻyicha mehnat shartnomasi bekor qilinishidan avval xodim bu haqda kamida 3 kun oldin ogohlantirilishi yoki unga mutanosib pulli kompensatsiya toʻlanishi kerak
. Bundan tashqari, agar bu jamoa kelishuvida yoki jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, mehnat shartnomasini bekor qilishni xodimlarning vakillik organi bilan kelishib olish kerak
.